23:20 / 08.01.2021
2 142

O‘smirdagi tajovuzkorlikni qanday bartaraf qilsa bo‘ladi?

O‘smirdagi tajovuzkorlikni qanday bartaraf qilsa bo‘ladi?
Savol: O‘smirdagi tajovuzkorlik sababi nima?
Javob:
O‘smirdagi tajovuzkorlik – bu avvalombor o‘smir atrofida yaratilgan salbiy muhitga bo‘lgan javob reaksiyasidir. Ota-onaning bolaga mehr bermasligi, ko‘p tergashi (biroq o‘git berishni tergash deb qabul qilmaslik kerak), asossiz tanqid qilaverish, bolaga bosim o‘tkazish, uning xatti-harakatlarini ko‘r-ko‘rona qattiq nazorat qilaverish, uni tinglamaslik va fikrini e’tiborga olmaslik, oz bo‘lsa-da rag‘batlantirmaslik, bolaning erkini bo‘g‘ib qo‘yish, uyda va o‘rtoqlari oldida uni kamsitish tazovuzkorlikning asosiy sabablaridir. Buning oqibatida o‘smirga uni o‘rab turgan dunyo beshavqatdek va atrofdagi odamlar yovuzdek tuyuladi. Bunga javoban uning o‘zi ham yovuz va beshavqat insonga aylanadi.

Savol: Demak, o‘smirdagi tajovuzkorlik unga ko‘rsatilgan beshavqat munosabat oqibati ekanda? Shundaymi?
Javob:
Ha, shunday! O‘smirdagi tajovuzkorlik – bu uning xarakterida aks etgan himoya reaksiyasi. Tajovuzkor o‘smirning har bir xatti-harakati anglanmagan harakatdir. Masalan, u birovni o‘la-o‘lguncha kaltaklayveradi. Uni kimdir to‘xtatmasa, o‘zi to‘xtamasligi mumkin. Bu bilan u ichiga yig‘ilib qolgan salbiy quvvatdan qutuladi. Oqibatda u og‘ir jinoyat sodir etib qo‘yadi. Mehrsiz voyaga yetgan o‘smir hech kimga mehr bermaydi. Chunki o‘zida mehr bo‘lmagandan keyin, birovga mehrni u qayerdan olib beradi?

Savol: Balkim bu o‘tish davri oqibatidir? Axir gormonal o‘zgarishlar degan gap bor...
Javob:
To‘g‘ri. Gormonal o‘zgarishlar degan gap bor. Gormonal o‘zgarishlar o‘smirni injiq, jaxldor va tez hafa bo‘ladigan qilishi mumkin, biroq tajovuzkor qila olmaydi. Tajovuzkorlik tagida yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan noto‘g‘ri psixologik muhit yotadi. Shuni alohida aytib o‘tishim kerakki, homilador ayolga azob beraverish ham keyinchalik “psixopat” bolaning dunyoga kelishiga turtki bo‘ladi.

Savol: Biz hadeb ota-onani ayblaymiz. Atrof-muhitdagi virtual dunyochi, ya’ni smartfonlar, televideniye va h.k.
Javob:
Albatta, ularni biz inkor qila olmaymiz. Baribir – birinchi navbatda ota-ona, so‘ngra bog‘cha, maktab va institutlar. Virtual dunyoning qaysi eshigidan kirib, qaysi eshigidan chiqish ham ota-ona va muallimga bog‘liq. Virtual dunyoga faqat ilm va hunar o‘rganish uchun kirayotgan aqlli farzandlarni bunga misol qilib ko‘rsatish mumkin. Bola o‘zligini tanib ulgurmasdan o‘z uyida ota-onaning faqat go‘zal hulqini ko‘rsa, mehrga burkansa, qalb taftini sezib yashasa va erta yoshdan mehnatga o‘rgatib borilsa, uni hech qachon ko‘cha takasaltang qila olmaydi.

Chunki har qanday tarbiyaning o‘chog‘i – bu oila. Maktab, litsey va qolgan joylar esa – ikkilamchi tarbiya o‘chog‘idir. Shuning uchun ham dono halqimiz “Qush inida ko‘rganini qiladi” deydi. To‘g‘ri, hayot beshavqat va tashqi dunyo yovuzdir. Biroq Sizning farzandingiz psixologik nuqtai nazardan kuchli qurollangan bo‘lishi kerak. Ba’zan bunday dunyo buyuklarni yaratadi. Har qanday davlat va halqning boshiga og‘ir kulfatlar tushganda, qanchadan-qancha halq qahramonlari paydo bo‘lgan.

Savol: Barchasi deyarli tushunarli. Endi o‘smirdagi tajovuzkorlikni yengish yo‘llarini ko‘rsatib bersangiz. Nima qilish kerak?
Javob:
Uning qiziqishlarini yaxshilab o‘rganing, hech bo‘lmaganda bir soat vaqtingizni u bilan o‘tkazig (ko‘proq bo‘lsa yanada yaxshi), unga mehr bering va shu bilan birga tartibga, mehnatga va mas’uliyatli bo‘lishga o‘rgatib boring. Hadeb “Sen unday bo‘lishing kerak, bunday bo‘lishing kerak” iborasini ishlatavermang. Bunday talablar bolani ruhan cho‘ktirib qo‘yadi yoki o‘jar va tajovuzkorlikni shakllantiradi. O‘smirni nazorat qilgingiz kelsa, shunday yo‘l tutingki, buni uning o‘zi sezmasin.

Ortiqcha erkalataversangiz bola taltayib o‘sadi, hadeb himoyaga olaversangiz unda motivatsiya so‘nadi va buning natijasida mustaqil qaror qabul qila olmaydigan bo‘lib qoladi. Xato qilsa ham uning o‘zi biror bir yumushni mustaqil bajarishiga imkon yaratib bering. Lekin bu yumush unga yoqadigan bo‘lsin, aks holda u bu ishni yoqar-yoqmas bajaradi va sizdan qochadigan bo‘ladi. Farzandlarning barchasiga bir xil munosabatda bo‘ling. O‘smirni hadeb koyiverish undagi qo‘rquv va xavotirni yuzaga keltiradi, uning qo‘llari qaltiraydigan bo‘lib qoladi yoki unga gapirsangiz yerga qarab indamay turaveradi. Buni psixologik mutizm deyishadi.

Savol: Demak, avvalombor ota-ona o‘smir bilan doimiy kontaktda bo‘lishi kerak ekanda?
Javob:
Ha, shunday! Men ushbu kitobimda bola 12 yoshgacha ota-ona aytganini qiladi, 12 yoshdan so‘ng o‘z bilganini qiladi, deb yozgan edim. Bu mening so‘zlarim emas, bu ko‘pchilik insonlarga ma’lum bo‘lgan ibora. Demak, har bir ota-ona 12 yoshgacha bo‘lgan davrni qo‘ldan boy bermaslik kerak.

Savol: O‘g‘li allaqachon tajovuzkor bo‘lib bo‘lgan ota-onalarga maslahatlaringizni aytib o‘tsangiz.
Javob:
Ota-onalarga maslahatlarim quyidagilardan iborat:
1.Birorta bola o‘z xoxishiga ko‘ra tajovuzkor bo‘lib ulg‘aymaydi, shunday bo‘lishni hoxlamaydi, uni vaziyat shu kuyga soladi, vaziyat. Demak, vaziyatni o‘zgartiring!
2.O‘smir yoshiga yetgan bolangiz “yomon” ekan avvalombor tarbiyani o‘zingizdan boshlang, shu paytgacha farzandingiz bilan o‘zingizni qanday tutganingizni tanqidiy tahlil qilib chiqing. Bu ishni er-xotin birgalikda muhokama qilishsa yanada yaxshi.
3.O‘smir muammolarini qoldirmay o‘rganib chiqing, qayerda yechim topa olmayotgan bo‘lsa, uning yechimini toping. Agar u o‘z muammosini ota-onasiga aytishdan bosh tortsa, amma, xola, tog‘alarni ishga soling.
4.Qanday tashabbus bilan chiqsa, uni qo‘llab-quvvatlang. Umuman olganda o‘smirning biror-bir tashabbus bilan chiqishi uni tarbiyalash uchun zo‘r imkoniyat. Har qanday o‘jar bolada ham zo‘r tashabbus bo‘ladi, faqat uni izlab topa olish kerak.
5.O‘smir o‘zini kattalardek tutmoqchi bo‘ladi, biroq hammasi ham buni eplay olmaydi. Bu ishda unga yordam bering, turtki bo‘ling. O‘smir uchun xos bo‘lgan noodatiy hissiy reaksiyalarni to‘g‘ri tushuning, unga hamdard bo‘ling. U Sizning mehringizni va “Sen yolg‘iz emassan” degan ma’no beruvchi chehrangizni yuzingizdan sezib tursin.
6. Uyda janjalli vaziyatlarni yuzaga keltirmang, bir-biringiz bilan farzandlar oldida tortishmang, uyda ota hukmronligini bola sezib ulg‘aysin.
7.O‘smir bilan tengma-teng do‘stdek gaplashing. Xatto undan maslahat oling. Sizning bu munosabatingizdan u xayratda qolsin: “Naxotki otam mendan shu masala bo‘yicha maslahat so‘radi”.
8.Tergovchiga aylanmang, balkim o‘gitchiga aylaning. Lekin “Asalning ham ozi shirin” qoidasiga amal qiling. Hadeb aql o‘rgataverish, undagi bor aqlni ham ishlamaydigan holatga keltirib qo‘yishi mumkin.
9.Uni mehnatga o‘rgating, qilgan ishini maqtang, xato qilsa koyimang, “Menimcha buni mana bunday qilsa nima deysan” qabilida ish tuting. O‘shanda uning o‘zi xatosini anglab yetadi.
10. Bola Sizga taqlid qiladi, shuni ham unutmang. Demak, o‘zingiz xush hulqli bo‘ling.

Neyropsixolog,
professor Zarifboy Ibodullayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » O‘smirdagi tajovuzkorlikni qanday bartaraf qilsa bo‘ladi?