23:45 / 29.11.2021
2 365

Oshqozon-ichak kasalliklari rivojlanishining 7 sababi

Oshqozon-ichak kasalliklari rivojlanishining 7 sababi
Foto: Freepik
Eng ko‘p tarqalgan muammolardan hisoblangan oshqozon-ichak trakti kasalliklarining kelib chiqish sababi nimalar bilan bog‘liqligi haqida ma’lumot beramiz.

Noto‘g‘ri ovqatlanish
Ovqatlanish bilan bog‘liq odatlar oshqozon-ichak trakti kasalliklarining rivojlanishida muhim rol o‘ynaydi. Ratsionda kletchatkalar, barra sabzavotlarning yetishmasligi, fastfud va zararli ovqatlarni haddan ortiq darajada ko‘p iste’mol qilish xavfning yanada oshishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, ovqatlanmaslik va iste’molni oshirib yuborish ham ko‘plab muammolarga olib keladi. Tez natija beradigan parhez, ochlik – bularning bari salomatlikka salbiy ta’sir qilib, kasallikning rivojlanishi yoki asoratlari kelib chiqishini jadallashtirishi mumkin.

Spirtli ichimliklarga mukkasidan ketish
Erkaklar oshqozon-ichak trakti kasalligidan ayollarga qaraganda 38 foiz ko‘proq vafot etadi. Mutaxassislar buning boisini spirtli ichimliklarga mukkasidan ketish bilan bog‘laydi. Spirtli ichimliklar faqatgina jigarga yomon ta’sir qilib qolmaydi, uning iste’molidan ichaklar, oshqozon va qizilo‘ngachning shilliq qavati, me’da osti bezi va buyraklar ham aziyat chekadi.

Infeksiyalar
Salmonella, stafilakokk, ichak tayoqchalari organizmga tushgach, oshqozon-ichak trakti infeksiyasini keltirib chiqaradi. Qorinda og‘riq, ko‘ngil aynishi, harorat ko‘tarilishi, intoksikatsiya – bularning bari oshqozon-ichak trakti infeksiyasiga xos simptomlar sanaladi.

Parazitlar
Oshqozon-ichak traktida parazitlar borligini aniqlashga yordam beradigan alomatlar – vazn va ishtahaning o‘zgarishi, ich ketishi, anemiya va uyqu bilan bog‘liq muammolar sanaladi.

Helocobacter pylori bakteriyasi
Helocobacter pylori — oshqozon va ingichka ichakda yashab, yillar davomida o‘zini namoyon qilmasligi mumkin bo‘lgan bakteriya hisoblanadi. Aksariyat hollarda odam mazkur bakteriya bilan zararlanganini bilmasligi, ammo aynan uning faolligi oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichakda yara paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.

Stress
Asab tizimi qanchalik zo‘riqsa, hazm jarayonida qon aylanishi shunchalik yomon bo‘ladi. Buning oqibatida ovqat yaxshi hazm bo‘lmay, oshqozonda shuncha ko‘p qoladi hamda uning shilliq qavatlari zo‘riqishiga sabab bo‘ladi.

Antibiotiklarni qabul qilish
Antibiotiklar hatto shifokor ko‘rsatmasiga binoan qabul qilinayotgan bo‘lsa ham, oshqozon-ichaklarning ahvoliga salbiy ta’sir qilishi, o‘zboshimchalik bilan qabul qilish esa jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shu sabab ham, avvalo, mutaxassis bilan maslahatlashing va iloji bo‘lsa, antibiotiklarni ichaklar mikroflorasini himoya qiladigan dori vositalari bilan birgalikda qabul qiling.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Oshqozon-ichak kasalliklari rivojlanishining 7 sababi