10:00 / 29.01.2023
338

Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifidan erishilgan eng muhim yutuqlar sanab o‘tildi

Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifidan erishilgan eng muhim yutuqlar sanab o‘tildi
Foto: Prezident matbuot xizmati
Siyosatshunos Farhod Tolipov so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat fuqarolarining kirib-chiqishi bilan bog‘liq jarayonning yengillashtirilishi, viloyatlararo hamkorlik, savdo munosabatlarining rivojlantirilishi, chegara masalalarining hal qilinishi, «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li loyihasining «joyidan siljishi» davlat rahbari tashrifi davomida erishilgan muhim yutuqlar bo‘lgan.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 26-27 yanvar kunlari rasmiy davlat tashrifi bilan Qirg‘iziston Respublikasida bo‘ldi.

O‘zbekistonlik siyosatchi Farhod Tolipov davlat rahbari tashrifini yuqori baholab, erishilgan bir qancha muhim yutuqlarni sanab o‘tdi. Uning so‘larini Azon TV keltirdi.

«O‘zbekiston prezidentining Qirg‘izistonga davlat tashrifi tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Strategik sheriklik to‘g‘risida deklaratsiya qabul qilindi, lekin buni strategik sheriklikni kengaytirish haqidagi deklaratsiya deb hisoblash kerak. Chunki bunday bitim ancha oldin, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga tashrifi davomida imzolangan edi. O‘sha paytdan beri O‘zbekiston va Qirg‘iziston strategik sherik deb hisoblanadi», dedi Tolipov.

Siyosatchi so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat fuqarolarining o‘zaro kirib-chiqishida yengillik berilishi misli ko‘rilmagan yutuq hisoblanadi.

«Tashrif davomida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishildi. Juda ko‘p hujjatlar, kelishuvlar imzolandi. Lekin nazarimda eng muhimi – ikki davlat fuqarolarining o‘zaro kirib-chiqishida pasport nazoratining yengillashtirilgani. Bunday qaror, yechim hali Markaziy Osiyo davlatlari orasida bo‘lmagan. Masalan, O‘zbekiston va Qozog‘iston ittifoqdoshlik to‘g‘risidagi bitimni imzolagan, ya’ni bu strategik sheriklikdan ham yuqori turadigan munosabatlar hisoblanadi. Lekin ikki davlat orasida fuqarolarning kirib-chiqishi bilan bog‘liq bunday yengillik hali yo‘q. Qirg‘iziston bilan yangi yechim topildi, ro‘yxatdan o‘tish elektron tarzda bo‘ladi, ya’ni pasportga hech qanday muhr bosilmaydi. Hatto ID karta bilan ham o‘tish mumkin. Bu juda katta yutuq», dedi Tolipov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, nafaqat katta shaharlararo, balki viloyatlararo hamkorlik to‘g‘risidagi hujjatlar qabul qilingani ham e’tiborga loyiq hodisa.

«Xususan, Namangan bilan Jalolobod viloyatlari, Farg‘ona bilan Botkent viloyatlari, Andijon bilan O‘sh viloyatlari o‘rtasida hamkorlik qilinadi. Viloyatlararo hokimlar kengashi tuziladi, doimiy uchrashib turiladi», dedi siyosatchi.

Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy munosabatlarda ham strategik sheriklarga mos marralarga erishilgan.

«Yana bir katta yutuq, o‘zaro savdo munosabatlari bilan bog‘liq. O‘zaro tovar almashinuvi 1,3 milliard dollarga yetkazildi, bu ham Markaziy Osiyo miqyosida katta yutuq. Investitsion va iqtisodiy hamkorlik doirasida imzolangan kelishuvlar, hujjatlar paketi qiymati 1,6 milliard dollarga yetdi. Haqiqatdan ham strategik sheriklarga mos munosabatlar bo‘ldi», dedi Tolipov.

Shuningdek, siyosatchi chegara masalalarining hal qilinishini ham muhim yutuq sifatida ta’kidladi.

«Yana bir muhim yutuq ikki davlat o‘rtasidagi chegara masalalarini hal qilinishi. Endi bu muammolar kun tartibidan olib tashlanadi deb umid qilamiz. Bu ham boshqa Markaziy Osiyo davlatlari uchun namuna bo‘lishi kerak», dedi u.

«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasining «joyidan siljigani» ham manfaatli bo‘lgani ta’kidlandi.

«Nihoyat, «mega loyiha» deb atalmish «Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temir yo‘li qurilishi loyihasiga turtki berildi. Bu loyiha 1998 yildan beri cho‘zilib kelayotgan edi. Endi bu loyihaning amalga oshirilishiga shubha qilmasak ham bo‘ladi. Bu nafaqat uch davlat o‘rtasidagi, balki undan ham kattaroq loyihaning bir qismi hisoblanadi. Ya’ni Xitoyni G‘arbiy Yevropa bilan bog‘lovchi arteriya bo‘ladi», deb so‘zini yakunladi Tolipov.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Mirziyoyevning Qirg‘izistonga tashrifidan erishilgan eng muhim yutuqlar sanab o‘tildi