Ijtimoiy tarmoqlarda bugun, 13 aprel kuni Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari D.Sultonov va Soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari J.Abdiyevlar boshchiligida yig‘ilish rejalashtirilgani va unda tijorat banklarida P2P operatsiyalari va ularni soliqqa tortish masalasi muhokama qilinishi aytilgan hujjat surati tarqaldi.
Xabar.uz mazkur hujjatning to‘liq nusxasini qo‘lga kiritdi. Unga ko‘ra, xabarnoma Soliq qo‘mitasining Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi boshlig‘i v.b F.Ahmedov tomonidan barcha tijorat banklari boshqaruv raislariga jo‘natilgan. Ulardan o‘rinbosarlari, bosh buxgalter va ularning o‘rinbosarlarining yig‘ig‘ilishdagi ishtirokini ta’minlab berish so‘raladi.
Joriy yilning 10 fevral imzolangan Prezidentning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishni nazarda tutuvchi PF-21-son Farmoni 7-bandida 2023 yil 1 maydan boshlab jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalarini amalga oshiruvchi tashkilotlar ko‘rsatilgan xizmatlar uchun komissiya olinishidan qat’iy nazar elektron hisobvaraq-fakturani rasmiylashtirishlari va taqdim etishlari belgilangan edi.
Keyinroq esa mazkur band qator faollar tomonidan so‘roq ostiga olinganidan so‘ng, Adliya vazirligi «loyihada Farmonning 7-bandi 4-xatboshisida nazarda tutilgan talablar mavjud bo‘lmaganligi»ni ma’lum qilgan edi.
Ammo hozirda imzolanib bo‘lingan mazkur Farmon kuchda va unga ko‘ra, 1 maydan boshlab to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar jismoniy shaxslar o‘rtasida pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, ularga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun (olingan haq, komissiya uchun «0» so‘m bo‘lgan taqdirda ham) elektron hisobvaraq-fakturalar taqdim etadi va rasmiylashtiradi.
«Ya’ni Iqtisodiyot va Moliya vazirligi (Soliq qo‘mitasi) P2P pul o‘tkazmalari bo‘yicha elektron fakturalar vositasida to‘la axborotni o‘zida jamlay boshlaydi. Bu jarayonda mantiq bo‘yicha keyingi qadam soliqqa tortish bo‘lishi kerak», deb yozadi iqtisodchi-bloger Otabek Bakirov.
Soliq qo‘mitasi esa o‘z vaqtida bu masalaga munosabat bildirib, (albatta, mazkur bandning Prezident farmoni loyihasiga qanday kirib qolgani haqida emas) mazkur tartibning «soliq islohotlari doirasida tadbirkorlik subyektlariga teng raqobat sharoitini yaratish va iste’molchilarning huquqlarini yanada kafolatlash»iga urg‘u bergan.
“Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring