22:33 / 18.04.2023
340

Prezident ikki muhim masala bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi

Prezident ikki muhim masala bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 aprel kuni suv xo‘jaligida va farmatsevtika sanoatida amalga oshirilayotgan loyihalar hamda kelgusi vazifalar muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
 
Yig‘ilish avvalida suv xo‘jaligidagi 4 ta katta masala tahlil qilindi. Bular – suv yo‘qotilishi, nasos stansiyalarining energiya iste’moli ko‘pligi, suv zaxiralari kamligi hamda suv tejovchi texnologiyalar bilan bog‘liq.
 
Xususan, kanallarning foydali ish koeffitsiyenti pastligi va ichki tarmoqlarda suv ko‘p yo‘qotilishi oqibatida qishloq xo‘jaligida yiliga 4 milliard 800 million dollar kam daromad olinayapti.
 
Shu bois Jizzax viloyati Paxtakor tumanida, tajriba tariqasida, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish mo‘ljallanmoqda.
Davlatimiz rahbari ushbu loyiha tashabbuskorining takliflarini eshitib, uni qo‘llab-quvvatladi. Bunday ishlarni suv yetkazib berish xarajatlari eng yuqori bo‘lgan Qashqadaryo, Namangan va Sirdaryo viloyatlarida ham amalga oshirish zarurligini ta’kidladi.
 
Bunga ilm bilan yondashib, loyiha xarajatlarini qisqartirish, yopiq quvurli sug‘orish tizimini joriy qilish bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
 
Ma’lumki, uzoq dalalarga suv nasos stansiyalari yordamida yetkaziladi. Ularning aksariyati eskiligi tufayli elektr energiyasi iste’moli juda yuqori. Hali birorta ham yirik nasos stansiyasi muqobil energiya manbaiga o‘tkazilmagan. Shartlar aniq belgilanmagani sababli ko‘p tadbirkorlarning loyihalari to‘xtab turibdi, budjetdan elektr uchun katta mablag‘lar sarflanayapti.
 
Shu bois nasos stansiyalarini xususiy sheriklikka berish, ularda muqobil energiya manbalarini joriy qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bunga Toshkent Irrigatsiya instituti olimlari jalb qilinadi, samarali loyihalarga qulay shartlarda kreditlar beriladi.
 
Minataqamizda suv tanqis bo‘lgan bir sharoitda, yurtimizda yiliga 1 milliard kub metr sel suvlari behuda oqib ketayapti.
 
Prezidentimiz sel suvlarini kichik manbalarda jamg‘arish mumkinligini, bu borada tashabbuskorlarni qo‘llab-quvvatlash zarurligini ta’kidladi.
 
Bunday loyihalar uchun 100 million dollar jalb qilinadigan bo‘ldi. Ularning hisobiga suv chiqqan maydonlar tadbirkorlarning o‘zlariga uzoq muddatga erkin foydalanish uchun beriladi.
 
Hozirgi kunda 450 ming gektar yoki sug‘oriladigan maydonlarning 15 foizi lazerli texnologiyada tekislangan. Agar bunday yerlar 2 baravar ko‘paytirilsa, yana 900 million kub metr suv tejaladi, qo‘shimcha 200 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanadi.
 
Shuning uchun joriy yilda mingta lazerli tekislagich olib kelinishi, klasterlar tomonidan fermerlarga lazerli tekislash xizmatlari yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
 
So‘nggi yillarda 400 ming gektarda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish texnologiyalari joriy qilingan. Bu yil yana 80 ming gektar maydonda ishlar boshlangan.
 
Bunday texnologiyalarni yanada rag‘batlantirish maqsadida, shu yil 1 aprelda imzolangan qarorga muvofiq, donli ekinlar va sabzavot yetishtirishda suv tejovchi tizim joriy qilingan har bir gektar uchun subsidiya miqdori hozirgi 1 million so‘mdan 8 million so‘mga oshirildi. Bank kredit stavkasi fermerlar uchun 17 foiz etib belgilandi.
 
Bu imkoniyatlarni mirishkorlarga yetkazib, moliyaviy rag‘batlantirish muhimligi qayd etildi. “Agrobank” huzurida suv tejamkorligi bo‘yicha yangi loyihalarni shakllantirish uchun alohida markaz tashkil qilib, xorijdan malakali mutaxassislarni jalb etish vazifasi qo‘yildi.
 
Yig‘ilishda farmatsevtika tarmog‘idagi loyihalar ham ko‘rib chiqildi.
 
So‘nggi olti yilda bu sohada jami 527 million dollarlik 177 ta loyiha ishga tushirilgan. Xorijiy investitsiyalar 9 barobarga ortib, 35 ta korxona xalqaro GMP standartini joriy etgan. Natijada ishlab chiqarish 3 barobarga, eksport 5 barobarga oshgan.
 
Lekin mahsulotlar bozorini topish, sifat va raqobat borasida masalalar ko‘pligi sababli o‘tgan yili ishlab chiqarish hajmi biroz kamaygan. Import esa oshgan.
 
Shu bois yig‘ilishda farmatsevtika sohasida qo‘shimcha loyihalar ishlab chiqish hamda korxonalarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
 
Qayd etilganidek, tarmoqda umumiy qiymati 725 million dollarlik 207 ta loyihani amalga oshirish, shundan 68 tasini bu yil ishga tushirish rejalashtirilgan.
 
Davlatimiz rahbari tadbirkorlarga kredit yukini yengillashtirish zarurligini ta’kidladi. Shuning uchun Asaka bank loyihalarning 25 foizgacha qismiga o‘z ulushi bilan kirib, investor sifatida ishtirok etishi belgilandi. Mahalliylashtirishga qaratilgan loyihalarni moliyalashtirish va aylanma mablag‘ bilan ta’minlashga 300 million dollar uzoq muddatli kredit resurslari jalb qilinadi. Bank huzurida farmatsevtika loyihalari markazi ochilib, tadbirkorlarga yordam ko‘rsatadi.
 
Kam quvvatda ishlayotgan korxonalarni qo‘llab-quvvatlash hisobiga, 400 turdagi yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va 670 million dollarlik import o‘rnini qoplash mumkinligi aytildi. Buning uchun korxonalarga 18 oygacha muddatda 1 million dollargacha “revolver” kredit, eksportchilarga tushum sug‘urtasini garovga olgan holda 2 million dollargacha kredit beriladi.
 
Onkologiya va onkogematologiya uchun zarur bo‘lgan dori vositalari va moddalarni xorij texnologiyasi asosida yurtimizda ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rsatib o‘tildi. Sohadagi ko‘plab korxonalarni GMP sertifikati talablariga moslashtirish vazifasi qo‘yildi.
 
Toshkent farmatsevtika klasteridagi loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Prezident ikki muhim masala bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi
ePN