22:18 / 09.06.2023
77

Shavkat Mirziyoyev Milandagi xalqaro ko‘rgazmaga bordi

Shavkat Mirziyoyev Milandagi xalqaro ko‘rgazmaga bordi
Foto: Prezident matbuot xizmati.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Italiyaga rasmiy tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida shu kunlarda Milan shahrida o‘tayotgan «ITMA 2023» to‘qimachilik mashinasozligi xalqaro ko‘rgazmasi bilan tanishdi.
 
Davlatimiz rahbariga Lombardiya viloyati gubernatori Attilio Fontana va ko‘rgazma tashkilotchisi – «Sematex» agentligi rahbari Ernesto Maurer hamrohlik qildi.
 
«ITMA 2023» – har to‘rt yilda bir marta o‘tkaziladigan to‘qimachilik va tikuvchilik texnologiyalariga bag‘ishlangan dunyodagi eng yirik ko‘rgazma. Oxirgi ko‘rgazma 2019 yilda Barselona shahrida o‘tdi. Joriy yilda 20 gektar maydonni egallagan ko‘rgazmada 47 mamlakatdan 1 700 ishtirokchi hamda turli davlatlardan 100 ming nafarga yaqin mehmon ishtirok etmoqda.
 
Davlatimiz rahbari yigirish va to‘qish uskunalarini ishlab chiqarishda dunyoda yetakchi bo‘lgan «ITEMA» (Italiya), «Stäubli Group» (Shveysariya), «Picanol», «Vandewiele» (Belgiya) va boshqa kompaniyalarning stendlarini ko‘zdan kechirdi.
 
Tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev kompaniyalar rahbarlari bilan muloqot qildi, yangi texnologik yechimlarning taqdimotlari bilan tanishdi.
 
O‘zbekistonda to‘qimachilikni rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish, yangi kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, to‘quv uskunalari va ularning ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish, kompaniyalarning vakolatxonalari va dastgohlarga xizmat ko‘rsatish markazlarini ochish, texnologlarni tayyorlash dasturini ishlab chiqish, fan va zamonaviy texnologiyalar borasida hamkorlik o‘rnatish va boshqa tashabbuslar muhokama qilindi.
Prezidentimiz robototexnika va sun’iy intellektdan foydalangan holda yangi, talab yuqori bo‘lgan «super-materiallar» yaratish maqsadida yurtimizda matoga ishlov berish uchun eng zamonaviy uskunalar va innovatsion yechimlarni joriy qilish istiqbolli ekanini qayd etdi.
 
Yangi texnologiyalar yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xaridorgir mahsulotlarni ishlab chiqarish, to‘qimachilik tarmog‘ining eksport salohiyatini oshirishga, uskunalarni ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalar esa yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Tanishuv yakunida mutasaddi rahbarlarga O‘zbekistonda uskunalarni mahalliylashtirish, ishlab chiqarish quvvatlarini relokatsiya qilish va o‘quv dasturlarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish topshirildi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Shavkat Mirziyoyev Milandagi xalqaro ko‘rgazmaga bordi