“O‘zbekgidroenergo” AJ beshta yangi GES qurish bo‘yicha birinchi tenderni eʼlon qildi, deb xabar bermoqda Energetika vazirligi matbuot xizmati.
O‘zbekiston hukumati mamlakatda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qondirish uchun tejamkor va ekologik toza ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish maqsadida qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish bo‘yicha keng ko‘lamli strategiyani amalga oshirmoqda.
Shu maqsadda “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati davlat-xususiy sheriklik asosida yangi GESlar uchun birinchi lotni xarid qilish jarayonini yo‘lga qo‘ymoqda. Birinchi lot xavfsizlik infratuzilmasini hisobga olgan holda, umumiy quvvati taxminan 46,6 MVt bo‘lgan beshta yangi GES qurishni o‘z ichiga oladi.
“Qizildaryo”, “Suvlisoy”, “Dukentsoy”, “Qamchiq” va “Quyi Ko‘ksuv” GESlarni qurish qiymati 106,9 million dollarni tashkil etadi. Ular yiliga 179 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2021-yil 10-dekabrdagi qarori bilan elektr energetika sohasida ekologik toza energiya manbalaridan keng foydalanish hisobiga izchil yangi quvvatlar tashkil etishni jadallashtirish hamda amaldagi ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilish orqali 2030-yilda respublikadagi gidroelektr stansiyalari quvvatini 3 416 MVt ga yetkazish belgilangan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring