Shavkat Mirziyoyev saudiyaliklar bilan hamkorlikdagi 2 ta yirik loyihaga start berdi
Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni Saudiya Arabistonining ACWA Power kompaniyasi bilan amalga oshirilayotgan loyihalar – Sirdaryo viloyatida 1500 megavatt quvvatli zamonaviy bug‘-gaz elektr stansiyasini tarmoqqa ulash hamda Toshkent viloyatida «yashil vodorod»ni «pilot» tarzda ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etishni boshlash marosimida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.
Ta’kidlanishicha, Sirdaryodagi qiymati 1,1 milliard dollar bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi loyihasi 3 milliondan ziyod xonadon va yuzlab sanoat korxonalarining elektr energiyasiga ehtiyojini ta’minlashga imkon beradi.
Bundan tashqari, mintaqada ilk bor «yashil vodorod» ishlab chiqarish bo‘yicha korxona tashkil etilmoqda. Prezident matbuot xizmati uni «o‘xshashi yo‘q» deya ta’riflagan.
Ushbu «pilot» loyiha doirasida mamlakatda birinchi bosqichda 3 ming tonna vodorod ishlab chiqariladi va keyinchalik mineral o‘g‘itlarga qayta ishlanadi, shuningdek, 52 megavattlik shamol elektr stansiyasi quriladi.
Ma’lumot uchun, ACWA Power kompaniyasi ishtirokida O‘zbekistonda 7,5 milliard dollarlik yirik energetika loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularning ishga tushirilishi 2030 yilga borib 25 gigavatt qayta tiklanuvchi energiya quvvatlarini yaratish, 4,5 milliard kub metr gazni iqtisod qilish va atmosferaga zararli moddalar tashlanmalarini 3 million tonnagacha qisqartirish imkonini berishi kutilmoqda.