Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 15 dekabr kungi majlisida “Soliq va budjet siyosatining 2024 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilingani munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.
Unga asosan, 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrgacha bo‘lgan davrda metallar va uglevodorodlarni qazib olishni boshlaydigan soliq to‘lovchilar uchun foydali qazilmalarni qazib olish uchun maxsus renta solig‘ini to‘lash to‘xtatib turiladi. Bu tartib metallar va uglevodorodlarni qazib olish bo‘yicha faoliyatning butun davri uchun amal qilishi belgilangan.
Bunga qarshi ekanini bildirgan deputat Doniyor G‘aniyev bundan 2 yil avval renta solig‘i joriy qilinishi vaji bilan yer qa’ridan olinadigan soliq stavkalari pasaytirilganini eslatdi.
“Renta solig‘i joriy qilinishi hisobiga umumiy tushum ko‘payishi argument sifatida keltirilgandi. Mana, oradan 2 yil o‘tar-o‘tmas yana yangi imtiyoz bilan kelishyapti. Amalda qolgan soliq stavkalari pasaygan holda qo‘shilgan renta solig‘ini yangi tuzilgan korxonalar uchun umrbodga tatbiq etilishini belgilashyapti. Bu juda ham katta imtiyoz.
[Soliq kodeksidagi] 483-moddada odatda vaqtinchalik imtiyozlar beramiz. Hozir qaraydigan bo‘lsak, mazkur sohadagi raqobat muhitini buzadigan norma kirib ketyapti. Ya’niki 2024 yil 1 yanvardan 2025 yil 31 dekabrgacha faoliyatini boshlaydigan tadbirkorlarning butun faoliyati uchun renta solig‘i tatbiq etmasligini belgilab beryapmiz. Masalan, 2024 yil konni olgan tadbirkor, 2026 yoki 2027 yil faoliyatini boshlagan tadbirkordan ustun jihatlarga ega bo‘ladi, bu raqobat muhitiga salbiy ta’sir qiladi”, dedi deputat.
Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayevga ko‘ra, hozirgi kunda atigi bitta korxona, u ham bo‘lsa NKMK bu soliqni to‘layapti.
“Bu taklif Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Islohotlar agentligi tomonidan tahlil qilinib, Prezident administratsiyasiga kiritilgan va ma’qullangan. Biz 2 yil muddatga maxsus renta to‘lovlarini to‘xtatyapmiz. Shu davrdan keyin faoliyat olib boruvchi korxonalar soliq to‘lashni boshlashadi.
Endi, 2022 yil va 2023 yillarda davlat budjetiga qancha renta solig‘i to‘landi, degan savol paydo bo‘lishi mumkin. Bugungi kunda bizda bitta – Navoiy kon metallurgiya kombinatidan boshqa korxonalar bu soliqni to‘lamagan. NKMK 2022 yilda 77 mlrd so‘m, 2023 yilda esa 310 mlrd so‘m, jami 387 mlrd so‘m renta solig‘i to‘lagan. Maxsus renta bo‘lmagan taqdirda ham korxonalardan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq va foyda solig‘i orqali tushumlar undirib olinadi. Hozirgi holatni inobatga oladigan bo‘lsak, bu soliqdan bir so‘m ham budjetga pul tushgani yo‘q, NKMKni inobatga olmaganda”, dedi Mubin Mirzayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, keyinchalik renta solig‘i butunlay bekor qilinishi ham mumkin.
Doniyor G‘aniyev hukumat vakillariga hozirda hech kim bu soliqni to‘lamayotgan bo‘lsa, nima uchun 2 yil oldin qolgan soliq stavkalari pasaytirilgandi, deya e’tiroz bildirdi.
“Bekor qilish bilan vaqtinchalik imtiyoz berishning farqi bor. Agar soliq butunlay bekor qilinganida bunday e’tiroz ham bo‘lmasdi. Bunda hamma uchun bir xil qoida bo‘lgan bo‘lardi. Lekin faqat 2 yil ichida faoliyatini boshlaydiganlarga umrbodga imtiyoz berilyapti.
Ikkinchidan, o‘zlaringning gaplaringga o‘zlaring teskari chiqyapsizlar. Hech kim bu soliqni to‘lamadi yoki bitta korxona to‘ladi, deb aytyapsizlar. Demak, 2 yil oldin bizni aldagan bo‘lib chiqyapsizlar. Sizlar ayrim soliq stavkalarining pasaytirilishini renta solig‘idan qoplash haqida aytgansizlar. Renta solig‘ining to‘lanishi hisobiga umumiy soliq tushumlari ko‘payadi, degansizlar. Ko‘rinib turibdiki, renta solig‘ini bir kishi to‘lagan yoki hech kim to‘lamagan, biz esa bekorga yer qa’ridan foydalanganlik uchun olinadigan soliq stavkasini pasaytirib, budjetga tushumlarni kamaytirib bergan bo‘lyapmiz”, dedi Doniyor G‘aniyev.
Ma’lumot uchun, 2021 yil 1 oktyabrdan yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari quyidagicha kamaytirilgandi:
- neft va tabiiy gaz bo‘yicha 10 foizgacha (oldin neft uchun 20 foiz, tabiiy gaz uchun 30 foiz bo‘lgan);
- oltin va mis uchun 7 foizgacha (oldin oltin uchun10 foiz, mis uchun 10 foiz bo‘lgan);
- volfram konsentrati uchun 2,7 foizgacha (oldin 10,4 foiz bo‘lgan);
- uran uchun 8 foizgacha (oldin 10 foiz bo‘lgan).
O‘z navbatida, o‘sha paytda foydali qazilmalarni qazib olganlik uchun maxsus renta solig‘i joriy qilingan.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring