12:03 / 06.01.2024
99

O‘zbekistonning yana to‘rtta aeroportida “Tax Free” tizimi joriy etildi

O‘zbekistonning yana to‘rtta aeroportida “Tax Free” tizimi joriy etildi
© “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati
2024 yilning boshida Navoiy, Qarshi, Nukus va Termiz aeroportlarida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan joriy etilgan “Tax Free” xizmatining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi va ular o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda “Uzbekistan airports” xabar berdi.
 
“Tax Free” tizimi xorijiy fuqarolarga O‘zbekistonda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to‘langan QQS summalarini qaytarishni nazarda tutadi. Keshbek to‘lovi amalga oshiriladigan tovarlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 8 noyabrdagi qarorida belgilangan. Bular qatoriga suvenirlar, yong‘oqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va mo‘ynali mahsulotlar, gilamlar, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqalar kiradi.
© “Uzbekistan Airports” matbuot xizmati
QQS to‘lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tish va amalga oshirilgan xaridlar chekini skanerdan o‘tkazish kerak. Aeroportdan jo‘nab ketayotganda, yo‘lovchi reysga ro‘yxatdan o‘tishi kerak, so‘ngra bortga chiqish talonini va tovarlarning o‘zini ko‘rsatgan holda u “Tax Free” xizmatiga murojaat qilishi lozim. “Tax Free” tizimida ro‘yxatdan o‘tgan tovarlarni qo‘l yuki sifatida qoldirish yoki uni reysga ro‘yxatdan o‘tish peshtaxtasiga qaytarib, bagaj sifatida olib o‘tish mumkin.
“Tax Free” xizmatidan foydalanish uchun tovarlarning umumiy xarid summasi kamida 1 million so‘m bo‘lishi kerak. Bundan tashqari, mahsulot ochilmasligi yoki ishlatilmasligi lozim. Soliq qo‘mitasi xodimlari mahsulotning barcha mezonlarga javob berishini tekshirgandan so‘ng, keshbek rasmiylashtiradi. Turli toifadagi tovarlar uchun yo‘lovchi QQS summasining 90 foizigacha qaytarishi mumkin. Keshbek yo‘lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va to‘lovni qaytarish ro‘yxatga olingan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin amalga oshiriladi.
 
Bugungi kunda “Tax Free” tizimi O‘zbekistonning 9 ta xalqaro aeroportlarida: Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona, Urganch, Navoiy, Qarshi, Nukus va Termizda joriy etilgan.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonning yana to‘rtta aeroportida “Tax Free” tizimi joriy etildi