18:20 / 25.03.2024
110

Toshkentda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi

Toshkentda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi
Toshkentda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi. Bu haqda prezident tomonidan qabul qilingan tegishli qarorda nazarda tutilgan.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri Yangihayot tumanida “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi (“Yangi avlod” MSZ) tashkil etiladi (faoliyat yuritish muddati 30 yil).

Sanoat zonasi faoliyati davomida uning ishtirokchilariga maxsus iqtisodiy zonalari ishtirokchilari uchun belgilangan alohida soliq, bojxona imtiyozlari va boshqa preferensiyalar tatbiq etiladi.

Sanoat zonani boshqarish uchun mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida “Yangi avlod” boshqaruvchi kompaniyasi tashkil etiladi.

“Yangi avlod” MSZ hududida investitsiya loyihalarini joylashtirish uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari boshqaruvchi kompaniya tomonidan “Ye-auksion” elektron savdo platformasi orqali ijaraga beriladi.

MSZ hududida 2025 yil yakunigacha 1,5 milliard dollar miqdorigacha to‘g‘ridan to‘g‘ri chet el investitsiyalari o‘zlashtirilishi, natijada 2,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi ta’minlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi to‘g‘risidagi axborot bilan tanishgan edi. Qayd etilishicha, 664,5 gektar maydonni egallaydigan sanoat zonasida yiliga 1 trillion so‘mdan ortiq sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va 5 million dollar miqdorida eksport amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Sanoat zonasi Yangihayot tumanining sanoat salohiyatini oshirish va yuqori texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarishlarni yo‘lga qo‘yish maqsadida tashkil etilmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Toshkentda “Yangi avlod” maxsus sanoat zonasi tashkil etiladi