22:43 / 15.08.2024
140

O‘zbekistonda valyuta almashuv kursiga qaysi omillar ta’sir etayotgani ma’lum qilindi

O‘zbekistonda valyuta almashuv kursiga qaysi omillar ta’sir etayotgani ma’lum qilindi
Mamlakatda uchta asosiy omil valyuta almashuv kurslarining o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari tahlilida ma’lum qilingan.

Infografika: Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti
MHTI ekspertlari 2019 yil yanvardan 2024 yil iyungacha bo‘lgan davrdagi so‘mning nominal va real almashuv kurslarini hisoblab chiqdi.

Qayd etilishicha, 2019 yildan 2023 yilgacha real samarali almashuv kursi 7,6 foizga mustahkamlangan. Nominal samarali almashuv kursi esa deyarli 6,6 foizga pasaygan.

2024 yil boshidan real samarali almashuv kursi bir oz pasaya boshladi va o‘z navbatida, nominal samarali almashuv kursi deyarli bir xil darajada saqlanib qoldi. Ushbu tendensiya tanlangan asosiy savdo hamkorimiz bo‘lgan mamlakatlarga nisbatan O‘zbekistonda devalvatsiya va inflyatsiyaning nisbatan o‘rtacha sur’atlari bilan izohlanadi”, deyiladi tahlilda.

Ma’lum qilinishicha, nominal va real samarali valyuta almashuv kurslarining o‘zgarishiga uchta asosiy omil ta’sir ko‘rsatgan.

Birinchi omil — nominal kurs summasining o‘zgarishi

2023 yil boshidan 2024 yil iyunigacha bo‘lgan davrda ichki valyuta bozorida so‘m AQSH dollariga nisbatan taxminan 12 foizga qadrsizlangan.

2023 yil yanvaridan buyon Rossiyada 34 foizli, Turkiyada 72 foizli devalvatsiya tendensiyasi kuzatilgan. Xitoy (7,5 foiz) va Janubiy Koreya (9 foiz) milliy valyutalarining qadrsizlanish sur’atlari o‘rtacha darajada saqlanib qolgan. Mazkur davrda Qozog‘iston tengesi taxminan 1,5 foizga mustahkamlandi.

2024 yil boshidan iyungacha so‘m 2 foizga qadrsizlangan bo‘lsa, ayrim asosiy savdo hamkorlarimiz milliy valyutalari bir oz mustahkamlandi. Masalan, Rossiya rublining kursi dollarga nisbatan 1,2 foizga, qirg‘iz sominiki 2,4 foizga, tojik somoniysiniki esa 3,4 foizga oshdi. Qozog‘iston tengesi kursi 1,1 foizga, Xitoy yuaniniki 1,5 foizga pasaydi. O‘rganilgan mamlakatlar orasida devalvatsiyaning eng yuqori darajasi turk lirasida kuzatildi — 8,6 foiz”, deya qayd etgan institut.

So‘mning eng muhim valyutalarga nisbatan nominal qiymati pasaygan va 2024 yil iyundagi holatiga ko‘ra 91,9 foizni tashkil etgan.

Ikkinchi omil — O‘zbekiston va uning savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlarda narxlar darajasining o‘zgarishi

Tahlilga ko‘ra, O‘zbekistonda narxlar o‘sish sur’atining hamkor davlatlardagiga qaraganda yuqoriligi so‘mning real ayirboshlash kursi oshishiga olib keldi. Inflyatsiya darajasi past (yiliga 4–6 foiz) mamlakatlarning O‘zbekiston tashqi savdosidagi ulushi 30 foizdan ortiqligi, so‘mning mazkur hamkorlar valyutalariga nisbatan real samarali almashuv kursi mustahkamlanganidan dalolat beradi.

2024 yil iyun holatiga ko‘ra, Xitoyda yillik inflyatsiya 0,2 foizni, Rossiyada 8,6 foizni, Qozog‘istonda 8,4 foizni, Turkiyada 71,6 foizni, Tojikistonda 3,5 foizni tashkil etdi. O‘zbekistonda yillik inflyatsiya (2023 yil iyuniga kelib) 10,6 foizgacha tezlashdi”, deya qayd etgan MHTI.

Uchinchi omil — O‘zbekistonning asosiy savdo hamkori bo‘lgan mamlakatlar ulushi

Respublika tashqi savdo aylanmasida hamkor mamlakatlar ulushi qancha ko‘p bo‘lsa, o‘zbek so‘mining almashuv kursi o‘sha davlatlar valyutasiga bog‘liqligi shuncha yuqori bo‘ladi. Institut olimlari hamkor mamlakatda narxlar o‘zgarishi so‘mning samarali almashuv kurslariga kuchliroq ta’sir qiladi, degan xulosani bildirgan. Buning natijasida Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy va Turkiyadagi inflyatsiya hamda valyuta kurslari o‘zgarishi so‘mning real samarali almashuv kursiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda so‘mning boshqa valyutalarga nisbatan devalvatsiyasi tufayli nominal samarali ayirboshlash kursining pasayishi kuzatildi. Yuqori inflyatsiya jarayonlarining saqlanib qolishi natijasida esa real samarali ayirboshlash kursi mustahkamlandi. Natijada tahlil qilinayotgan davrda ikkita tendensiyani kuzatish mumkin: so‘mning boshqa valyutalarga nisbatan devalvatsiyasi tufayli nominal samarali almashuv kursining bir oz pasayishi va asosiy savdo hamkorlari, birinchi navbatda, Xitoyga nisbatan yuqori inflyatsiya jarayonlarining saqlanib qolishi hisobiga real samarali ayirboshlash kursining mustahkamlanishi kuzatildi”, deya ma’lum qilgan ekspertlar.

Qo‘shimcha qilinishicha, milliy valyuta mustahkamlanganda import qilinadigan tovarlar narxi oshmaydi, ba’zan pasayadi. Bu esa import ulushi yuqori bo‘lgan tovar bozorlarida (mashina va asbob-uskunalar, farmatsevtika mahsulotlari va boshqalar) narxlarni barqaror bo‘lishiga yordam beradi. Rivojlanayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilishda mashina va uskunalarni barqaror narxlarda import qilish muhim element hisoblanadi.

Real samarali ayirboshlash kursi mustahkamlanishining salbiy oqibatlari qatorida asosiy savdo hamkorlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan narx ustunligining pasayishini qayd etish mumkin. Chet el tovarlari nisbatan arzonlashadi, mahalliy tovarlar esa qimmatlashadi. Bu raqobatbardoshlik yomonlashuvidan dalolat beradi va mamlakat savdo taqchilligi oshishiga olib kelishi mumkin”, deya vaziyatni sharhlagan mutaxassislar.

Xulosaga ko‘ra, inflyatsiya sur’ati tezlashgani hisobiga so‘mning real kursi o‘sishini ushlab turishga qaratilgan pul-kredit siyosatini amalga oshirish muhim ahamiyatga ega. Valyuta kursining nominal o‘sishi emas, balki O‘zbekiston va uning tashqi savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlarda inflyatsiya darajasidagi farqning saqlanib qolishi so‘m almashuv kursi tez sur’atlar bilan o‘sishiga asosiy sabab bo‘lmoqda.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda valyuta almashuv kursiga qaysi omillar ta’sir etayotgani ma’lum qilindi