
Taksi haydovchilari o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishlashda davom etishlari mumkin, deya ma’lum qildi Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.
27 fevraldagi prezident qaroriga muvofiq, yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish faoliyati o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritiladi. Buning uchun litsenziya varaqasi talab etiladi.
Bundan avval o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida yo‘lovchi tashishga 2025 yil 1 yanvargacha ruxsat berilgandi (Soliq mobil ilovasida o‘zini o‘zini band qilgan shaxs sifatida bepul ro‘yxatdan o‘tish mumkin).
Soliq qo‘mitasining tushuntirishicha, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning soliq davri (yil) davomida mehnat faoliyati natijasida yoki tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan 100 million so‘mgacha bo‘lgan daromadlariga soliq solinmaydi. Bunda yil tugashi bilan yangi yil boshidan daromadlar qaytadan hisoblanadi.
Soliq davrida daromadlari 100 mln so‘mdan oshganda yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun belgilangan tartib asosida (Soliq kodeksi 369-moddasi) soliqqa tortiladi.
“Misol uchun, 2024 yilda daromadlari 100 mln so‘mdan oshmagan yoki oshgan taqdirda ham 2025 yilda hisob-kitob “nol”dan boshlanib, ularning 100 mln so‘mgacha bo‘lgan daromadlari soliqqa tortilmaydi.
Shuningdek, taksi faoliyati bilan band bo‘lganlarga sodda va qulay bo‘lishi uchun daromadi 100 million so‘mdan oshganda (lekin 1 milliard so‘mgacha) ular uchun soliqni soliq agentlari (taksi agregatori) to‘lov manbaida avtomatik hisoblash va budjetga o‘tkazish yuzasidan tegishli takliflar ishlab chiqilgan. Mazkur taklif qabul qilinib, qonunchilikka kirilganida ushbu tartib asosida soliqqa tortish tizimi joriy etiladi”, – deya ma’lum qildi Soliq qo‘mitasi.
Ma’lumot uchun, 2025 yil 1 fevral holatiga 736 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar