
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining navbatdagi yalpi majlisida mamlakatning ayrim qonunchilik hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid muhim qonun ma’qullandi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar tarqatmoqda.
Qonunni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad yerosti suv resurslaridan samarali foydalanish, ularni muhofaza qilish va bu sohadagi nazoratni kuchaytirishdir. Senatorlarning ta’kidlashicha, so‘nggi vaqtlarda yerosti suvlaridan sug‘orish va boshqa maqsadlarda foydalanish hajmi sezilarli darajada ko‘payib bormoqda. Shu bilan birga, ruxsatnomasiz quduqlarni burg‘ilash va yerosti suvlaridan nazoratsiz, hisobga olmasdan foydalanish holatlari tez-tez uchramoqda.
Qabul qilingan qonun bilan amaldagi «Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonunga yangi qoida kiritiladi. Unga ko‘ra, endilikda yerosti suvlariga quduqni burg‘ilash uchun alohida ruxsatnoma berish tartibi o‘rniga, yerosti suvlari uchun quduqlarni burg‘ilash faoliyatining o‘ziga ruxsatnoma berish tartibi joriy etiladi.
Bu tartibga ko‘ra, bundan buyon yerosti suv resurslaridan foydalanish maqsadida quduq burg‘ilash istagida bo‘lgan tadbirkorlik subyektlari yoki jismoniy shaxslar bu faoliyat uchun avvalo tegishli davlat idoralaridan ruxsatnoma olishlari talab etiladi.
Qonunchilikka kiritilayotgan yana bir muhim o‘zgarish — Soliq kodeksiga tegishli bo‘lib, unga muvofiq yerosti suvlaridan foydalanuvchilar suv olishda maxsus hisobga olish uskunalaridan foydalanmasalar, ulardan soliq to‘lovi belgilangan stavkaning besh baravari miqdorida undiriladigan bo‘ldi.
Bu kabi chora-tadbirlarning joriy etilishi yerosti suv resurslarini asrash, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlariga chek qo‘yishda muhim qadam bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Qonun loyihasiga muhokamalar chog‘ida senatorlar hamda mutaxassislar yerosti suv resurslaridan oqilona va mas’uliyatli foydalanish har bir fuqaroning burchi ekanini, bu kabi o‘zgarishlar mamlakatning suv xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishini alohida qayd etdilar.
O‘zbekiston RespublikasiOliy MajlisYerosti SuvlarQonun LoyihasiTadbirkorlik SubyektlariSuv Resurslari O'zbekiston yangiliklari Yangiliklar
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar