
O‘zbekistonda yetishtiriladigan shirin va shahdli gilos endi Buyuk Britaniya bozorlarini ham zabt eta boshladi. Mamlakatimizning agroeksport salohiyati yil sayin o‘sib, xalqaro bozorlardagi mavqeini mustahkamlab bormoqda. Joriy yildagi ilk gilos partiyasi Uzbekistan Airways'ning “Toshkent–London” aviareysi orqali London shahriga muvaffaqiyatli yetkazib berildi.
Eksport partiyasi Buyuk Britaniyaning yirik chakana savdo tarmoqlari orqali sotuvga chiqariladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston gilosi o‘zining betakror ta’mi, ko‘rkam tashqi ko‘rinishi va tabiiy ekologik tozaligi bilan Britaniya iste’molchilari orasida allaqachon ijobiy fikr va qiziqish uyg‘otgan.
Ayni paytda yurtimizdan nafaqat gilos, balki 30 dan ortiq turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari — jumladan, yangi uzilgan uzum, quritilgan va konservalangan mevalar, sabzavotlar, yong‘oq, qovun hamda dukkakli mahsulotlar ham Buyuk Britaniya bozorlariga yo‘l olmoqda. Bu esa O‘zbekiston mahsulotlariga bo‘lgan ishonch va talab tobora oshib borayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodchilar fikricha, agrar sohadagi bunday yutuqlar nafaqat milliy iqtisodiyotni mustahkamlash, balki yangi ish o‘rinlari yaratish va valyuta tushumini oshirishga ham katta hissa qo‘shadi. Shu bilan birga, mahalliy fermerlarimiz uchun Yevropa bozorlariga chiqish imkoni kengaymoqda.
Eslatib o‘tamiz, so‘nggi yillarda mamlakatimizda eksportga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, ularni xalqaro standartlar asosida qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu sa’y-harakatlar o‘z mevasini berib, O‘zbekiston brendining jahon bozoridagi nufuzi ortib bormoqda.
Shu tariqa, o‘zbek gilosi dunyo bozorlarida nafaqat mazasi, balki sifati bilan ham tan olinmoqda. Buyuk Britaniyaga yo‘l olgan ilk partiya — bu katta yo‘lning boshlanishi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar