date
views 138

O‘zbekiston va Buryatiya o‘rtasida yangi hamkorlik eshiklari ochildi

O‘zbekiston va Buryatiya o‘rtasida yangi hamkorlik eshiklari ochildi
Rossiyaning Buryatiya Respublikasida O‘zbekiston bilan ikki tomonlama iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida katta miqyosdagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov, Buryatiya hukumati raisi o‘rinbosari, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri Amgalan Darmayev hamda bir qator yuqori darajali vakillar ishtirok etdi.

Uchrashuvning bosh mavzusi O‘zbekiston va Buryatiya o‘rtasida qishloq xo‘jaligi va chorvachilik sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish masalalariga bag‘ishlandi. Vaziri Amgalan Darmayev O‘zbekiston bozori Buryatiyalik fermerlar uchun juda istiqbolli va jozibali ekanligini ta’kidlab o‘tdi. Uning aytishicha, chorvachilik, go‘sht mahsulotlari eksportini ko‘paytirish borasida katta salohiyat mavjud. Bu, o‘z navbatida, Buryatiya fermerlari uchun qo‘shimcha iqtisodiy imkoniyatlar ochadi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

O‘zbekiston bosh konsuli Aslam Akbarov Buryatiya bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yangi darajaga olib chiqish, jumladan, O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining Buryatiya va undan keyin Rossiyaning Uzoq Sharq mintaqalariga yetkazib berish hajmini oshirish, shuningdek, Buryatiyadan O‘zbekistonga yirik va mayda shoxli qoramollar hamda otlarni yetkazib berish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

O‘tgan yilning may oyida imzolangan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Buryatiya hukumati o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv memorandumi hamkorlikning istiqbolini belgilab bergani, ayniqsa naslli chorvachilik sohasida muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Uchrashuvda, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Buryatiyaga yuqori sifatli meva va sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish va bu jarayonni tizimli ravishda amalga oshirish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Bu borada O‘zbekiston tomoni Buryatiya hududida meva-sabzavot mahsulotlarini qabul qilish va tarqatish uchun ulgurji tarqatish markazini tashkil qilish taklifini ilgari surdi.

Ta’lim sohasida ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Toshkent va Ulan-Ude shaharlaridagi ta’lim muassasalari, musiqa va madaniyat maktablari o‘quvchilarining o‘zaro ta’lim almashinuvi va do‘stona munosabatlarni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish takliflari bildirildi.

Uchrashuv yakunida amaliy qadamlarni belgilash maqsadida qo‘shma ishchi guruh tashkil etilishiga kelishildi. Mazkur ishchi guruh O‘zbekistonga Rosselxoznadzor vakillari ishtirokida yirik va mayda shoxli qoramollarni yetkazib berishni tashkil qilish, O‘zbekiston mahsulotlarini Buryatiya bozoriga kiritish va u yerda zamonaviy ulgurji tarqatish markazini tashkil qilish bilan bog‘liq masalalar bilan shug‘ullanadigan bo‘ldi.

Bunday keng qamrovli hamkorlik ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yangi darajaga ko‘tarib, xalqlar farovonligi uchun muhim manfaatlar keltirishi aniq. Bu esa ikki tomonlama munosabatlarning yanada rivojlanishiga katta turtki bo‘ladi.

Foto: "Dunyo" AA
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekiston va Buryatiya o‘rtasida yangi hamkorlik eshiklari ochildi