date
views 143

O‘zbekistonda tadbirkorlar qaysi sohani ko‘proq tanlamoqda?

O‘zbekistonda tadbirkorlar qaysi sohani ko‘proq tanlamoqda?
2025 yilning 1 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda fermer va dehqon xo‘jaliklaridan tashqari jami 381 ming 890 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilindi.

Yil boshidan beri tadbirkorlik subyektlari soni yanada oshgani kuzatilmoqda. Aniqroq aytganda, so‘nggi to‘rt oy ichida bu ko‘rsatkich 20 ming 97 taga ko‘paygan. Bu mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning jadal rivojlanib borayotganidan dalolat beradi.

Statistika tahlil qilinganda, tadbirkorlar orasida eng katta qismini savdo sohasida faoliyat yuritayotganlar tashkil qilayotgani ma’lum bo‘ldi. Hozirgi vaqtda savdo bilan shug‘ullanayotgan korxonalarning ulushi 38,2 foizni tashkil etadi. Bu esa respublikamizda tadbirkorlikning asosiy qismi aynan savdo sohasiga yo‘naltirilganidan dalolat beradi. Hozircha bu yo‘nalishda jami 145 ming 939 ta subyekt faoliyat olib bormoqda.

Tijorat bilan bir qatorda, sanoat sohasida ham tadbirkorlar soni ortib bormoqda. Bugungi kunda bu tarmoqda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 56 ming 440 taga yetgan. Bu esa respublikamiz sanoatidagi kichik biznes va xususiy sektorning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligi sohasida faoliyat yurituvchi korxonalar soni ham salmoqli ko‘rsatkichlarni qayd etmoqda. Bu tarmoqda hozirda 32 ming 242 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritmoqda. Ayniqsa, bu sohada tabiiy resurslarni samarali boshqarish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hamda eksport salohiyatini oshirish yo‘lida kichik biznes katta ahamiyat kasb etmoqda.

Qurilish sohasida esa 28 ming 107 ta subyekt ish olib boryapti. Yangi binolar, turar joylar va infratuzilma obyektlari qurishda tadbirkorlarning ishtiroki tobora ortib bormoqda. Bu sohada tadbirkorlar faolligi shaharlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirishga katta hissa qo‘shmoqda.

Yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish sohasida ham tadbirkorlik subyektlari soni tobora ko‘paymoqda. Hozirgi vaqtda bu yo‘nalishdagi korxonalar soni 27 ming 784 tani tashkil etadi. Bunda asosan mehmonxonalar, restoranlar, kafe va boshqa turdagi umumiy ovqatlanish obyektlari nazarda tutilmoqda.

Transport, tashish va saqlash sohasida 16 ming 188 ta tadbirkorlik subyekti mavjud bo‘lib, ular ham iqtisodiyotimizning muhim qismiga aylanib bormoqda. Axborot va aloqa sohasidagi tadbirkorlar soni esa 10 ming 16 tani tashkil qilmoqda. Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohasi ham tadbirkorlarni jalb qilishda jadal sur’atlarda o‘sib, hozirgi vaqtda 9 ming 532 ta subyekt faoliyat ko‘rsatyapti.

Shuningdek, boshqa turli xil yo‘nalishlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik subyektlari soni 55 ming 642 tani tashkil etmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekistonda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jadal rivojlanib bormoqda. Davlat tomonidan tadbirkorlarga yaratilayotgan imtiyozlar, moliyaviy ko‘mak va sharoitlar bu sohaning yanada rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholining ish bilan bandligini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va mamlakat taraqqiyotini yuqori bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbekistonda tadbirkorlar qaysi sohani ko‘proq tanlamoqda?