
O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar yanada mustahkamlanmoqda. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchisi Karomiddin Gadoyev Kuala-Lumpurdagi CB Synergy kompaniyasi bosh direktori Shaxzeli bin Shaxzulkarib hamda Perak Halal Corporation boshqaruv direktori Abdul Aziz Abdul Rahim bilan uchrashdi.
Uchrashuv chog‘ida Qashqadaryo viloyatida “halol” oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha yirik loyiha amalga oshirilishi borasida fikr almashildi. Malayziya tomoni o‘z yurtida “halol” go‘sht mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha tajribaga ega bo‘lgan CB Synergy, Perak Halal Corporation va PK-Agro Industrial Products kompaniyalari konsorsiumi tuzilishini ma’lum qildi.
Perak Halal Corporation o‘z navbatida Qashqadaryodagi loyiha doirasida nafaqat sanoat korxonalari qurish, balki maxsus treninglar orqali mahalliy kadrlar tayyorlash, sohadagi zamonaviy bilim va texnologiyalarni O‘zbekistonga olib kirish, hamda mamlakatni mintaqaviy “halol” markazga aylantirish niyatida ekanini bildirdi.
Abdul Aziz Abdul Rahim ushbu tashabbus doirasida viloyat hokimligi bilan davlat-xususiy sherikchilik asosida hamkorlik memorandumi imzolanishini aytdi. Malayziya tomoni esa ikki davlat hukumatlari o‘rtasida “halol” sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumiga yuqori baho berdi va o‘zining bu jarayonga amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini ma’lum qildi.
E’tiborli jihati — Malayziya Islom taraqqiyoti departamenti “halol” sertifikatlarini O‘zbekistonda mahalliy ravishda berishni tashkil etishni ham qo‘llab-quvvatlamoqda.
Uchrashuv yakunida Malayziya kompaniyalari vakillaridan iborat ishchi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifi tashkil etilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Foto: "Dunyo" AA “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing