Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo aloqalari yangi bosqichga ko‘tarilishi mumkin. Xitoyning “Alashankou” erkin savdo zonasidagi mas’ullar ma’lum qilishicha, ikki davlat o‘rtasida hozircha asosan quritilgan mevalar va tovuq oyoqchalari eksporti amalga oshirilayotgan bo‘lsa-da, bu salohiyat haqiqiy imkoniyatlarning bir qismi, xolos.
8 avgust kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Xitoy va Qozog‘iston chegarasi yaqinida joylashgan “Alashankou” erkin savdo zonasiga tashrif buyurib, u yerdagi imkoniyatlar bilan yaqindan tanishdi. Alashankou shahar hokimining o‘rinbosari Shu Sheng Chiang ta’kidlashicha, mazkur iqtisodiy zona 2011 yilda “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, u orqali Xitoydan Yevropaga va Markaziy Osiyo mamlakatlariga, jumladan, O‘zbekistonga turli mahsulotlar yetkazib beriladi.
Bu yerda tadbirkorlar uchun bojxona rasmiylashtiruvi, sertifikatlash, logistika va mahsulotlarni saqlashdan tortib, qadoqlash va yuklashgacha bo‘lgan keng qamrovli xizmatlar ko‘rsatiladi. Hozirda iqtisodiy zonada yirik omborlar faoliyat yuritmoqda. 2024 yilda faqatgina poyezd orqali 7684 ta tashish amalga oshirilgan, bu esa 2023 yilga nisbatan qariyb 16 foizga ko‘p. Shu bilan birga, xorijdan kirgan 40 million tonna mahsulot Xitoy hududlariga yetkazilgan.
Shu Sheng Chiang O‘zbekiston bilan hamkorlik masalasiga alohida to‘xtalar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:
— “O‘zbekistondan asosan quritilgan mevalar va tovuq oyoqlari eksport qilinyapti. Bu ko‘rsatkichlar ikki mamlakat salohiyatiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Biz o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan sheriklikni kengaytirishga tayyormiz. Masalan, biz asalni hozirda Rossiyadan olib kelyapmiz. Bilishimcha, O‘zbekiston asali ham juda shirin va bozorda talab yuqori. Agar o‘zbek tadbirkorlari asalni zamon talablariga mos qadoqlab eksport qilsa, biz ular uchun Xitoy bozoridan xaridor topishga tayyormiz”, — dedi u.
Tashrif doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi omborlar, yuk tushirish va qadoqlash maydonlarini ko‘zdan kechirdi. Mutasaddilar fikricha, asal kabi yuqori qiymatli va eksportbop mahsulotlar bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yilsa, ikki davlat savdo aylanmasi sezilarli darajada ortishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!