Bugungi kunda O‘zbekistonda 600 dan ziyod startaplar faoliyat yuritmoqda. Agar sakkiz yil ilgari bu soha yetarlicha rivojlanmagan va startaplar soni barmoq bilan sanarli bo‘lgan bo‘lsa, hozir ularning soni keskin ortib, mamlakat iqtisodiyotida muhim o‘rin egallaydi.
Prezident ta’kidladiki, bu yilgi yetti oy mobaynida startaplarga rekord darajada – umumiy qiymati 264 million dollardan ziyod xorijiy investitsiya kirdi. Bu 2024 yil davomida kirgan sarmoyalardan taxminan to‘rt barobar ko‘pdir. Shu bois, davlat tomonidan startaplarni qo‘llab-quvvatlash, ularning rivojiga ko‘maklashish va yangi biznes imkoniyatlarini yaratish borasidagi ishlar yanada jonlantiriladi.
Yoshlar orasidagi ilg‘or g‘oyalarning kommersiyalashtirilishiga e’tibor qaratiladi: 1 mingta startap g‘oyasi tijoratlashtiriladi va shundan taxminan 200 tasi xalqaro bozorga chiqarilishi rejalashtirilgan. Bu esa nafaqat mahalliy, balki global iqtisodiyotda ham O‘zbekistonning texnologik salohiyatini namoyon qiladi.
Shu bilan birga, mamlakatga eng ilg‘or texnologiyalar olib kelinmoqda va 100 ta mahalliy startap xalqaro miqyosda jozibador va samarali biznesga aylantiriladi. Bunda umumiy qiymati 100 million dollarga teng moliyaviy ko‘mak ko‘rsatiladi.
Bu yildan boshlab, yangi loyiha sifatida «Yosh tadbirkorlar» chempionati ham tashkil etiladi. Unda eng yaxshi 100 ta g‘oya tanlab olinib, har bir startap uchun 1 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi. Bundan tashqari, bu startaplarni brendga aylantirish va ularning bozordagi raqobatbardoshligini oshirish uchun moliyaviy va marketing xizmatlari bo‘yicha zarur ekspertlar xarajatlari ham qoplanadi.
Prezident ta’kidladiki, g‘oliblarni 20 avgust – Tadbirkorlar kunida taqdirlash rejalashtirilgan. Uning fikriga ko‘ra, bu tadbir yosh tadbirkorlar uchun katta ilhom va motivatsiya manbai bo‘ladi, ularni yangi g‘oyalar yaratish va biznesda yanada faol bo‘lishga undaydi.
O‘zbekistondagi startaplar uchun bu qadar keng qo‘llab-quvvatlash va xalqaro investitsiyalar kirishi, albatta, yoshlar orasida tadbirkorlik ruhini yanada oshirishi va mamlakat iqtisodiyotini yangi bosqichga olib chiqishi aniq.
O‘zbekistonda yoshlar startaplari uchun rekord investitsiyalar keldi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Mavzuga oid yangiliklar