Yangi o‘quv yili boshlanishi nafaqat darslar va imtihonlar, balki ortiqcha sarf-xarajatlar sababli ham ko‘pchilik uchun stressli kechadi. The Guardian talabalardan pulni tejash bo‘yicha foydali tajribalarni jamladi.
Birinchi maslahat — har doim talabalarga mo‘ljallangan chegirmalarni tekshirib boring. “Chegirmali saytlarga a’zo bo‘ling. U yerdan oziq-ovqatdan tortib texnologiyagacha bo‘lgan mahsulotlarga promo-kodlar topish mumkin”, — deydi London universiteti talabasi. Odatdagi xaridlarda 10–20 foiz tejalgan pul ham anchagina ahamiyatli bo‘lishi mumkin.
Yana bir maslahat tungi hayot bilan bog‘liq. Edinburg universiteti bitiruvchisi naqd puldan foydalanish uni byudjetni nazorat qilishga o‘rgatganini tan oladi: “Hamyondagi belgilangan miqdor rejalashtirilganidan ortiqcha xarajat qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Karta bilan esa tezda nazoratni yo‘qotish mumkin”. Shuningdek, uning so‘zlariga ko‘ra, bu usul telefon yo‘qotish xavfini ham kamaytiradi.
Talabalar asosiy ehtiyojlarda sifatdan qochmaslikni maslahat berishadi: “Har olti oyda arzon choyshab yoki idishlarni almashtirgandan ko‘ra, bir marta yaxshi sifatlisini sotib olish foydaliroq”. Bunday yondashuv uzoq muddatda ancha tejamkor bo‘ladi.
Shuningdek, o‘qish davomida allaqachon to‘langan imkoniyatlardan foydalanishni unutmang. “Talabalar klublariga qo‘shiling, sport yoki teatr bilan shug‘ullaning — bu subsidiyalanadi va qimmatli tajriba beradi. Bundan tashqari, ko‘plab universitetlar amaliyot va chet el safarlarini moliyalashtiradi”, — deya ta’kidlaydi talabalar.
Yana bir oddiy usul — chiqishlarni oldindan rejalashtirish. Muassasalarning menyusini va aksiyalarini oldindan onlayn ko‘rib chiqish kutilmagan xarajatlardan qutqaradi.
Xulosa shuki, moliyaviy intizom, biroz ijodkorlik va universitetning barcha imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanish talabalarga ortiqcha xarajatlarni yengib o‘tishga yordam beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!