AQSHda kripto-perpetual shartnomalariga ruxsat berildi

Bugun AQSHning Tovar fyucherslari savdosi boʻyicha komissiyasi (CFTC) tarixiy qaror qabul qilib, roʻyxatdan oʻtgan birjalarda haqiqiy Bitcoin perpetual (muddatsiz) shartnomalarini joylashtirishga ruxsat berdi. Bu qadam kripto aktivlar bozorining eng likvid segmentlaridan birini AQSH tartibga solish doirasiga olib kirish uchun yoʻl ochdi. Mamlakatda bunday shartnomalarning paydo boʻlishi AQSHni dunyoning kripto poytaxtiga aylantirish yoʻlidagi muhim bosqichdir. Bu haqda Coindesk.com xabar beradi.
Anʼanaviy fyucherslardan farqli oʻlaroq, perpetual shartnomalarning amal qilish muddati cheklanmagan. Ular 24/7 rejimida ishlaydigan bozorlar uchun moʻljallangan boʻlib, ishtirokchilarga shartnomalarni doimiy ravishda yangilash (roll-over) xarajatlarisiz oʻz pozitsiyalarini saqlab qolish imkonini beradi. Ushbu vosita ilk bor 1992-yilda Nobel mukofoti sovrindori Robert Shiller tomonidan taklif etilgan va hozirda global kripto bozorida risklarni boshqarishning asosiy vositasiga aylangan.
Shu vaqtga qadar CFTC tomonidan aniq huquqiy mexanizm yaratilmagani sababli, perpetual savdolari asosan offshor hududlarda amalga oshirilar edi. Bu esa Amerika kripto kompaniyalarining raqobatbardoshligini pasaytirib, mahalliy investorlarning ushbu bozorga kirishini cheklab kelayotgan edi. Yangi yondashuv esa innovatsiyalarni qoʻllab-quvvatlash va tartibga solish orqali bozorda shaffoflikni taʼminlashni koʻzda tutadi.
Komissiyaning ushbu qarori haddan tashqari leveraj, volatillik va tizimli risklarni cheklashga xizmat qiluvchi ishchi mexanizmni taqdim etadi. Bu risklarni tartibga solinmaydigan offshor maydonlarga chiqarib yuborishdan koʻra, ularni Amerika nazorati ostida ushlab turish afzalroq deb topildi. Bitcoin perpetual shartnomalarining maʼqullanishi AQSHning raqamli moliya texnologiyalari sohasidagi yetakchiligini yanada mustahkamlaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!