date

O‘zbek brendlari JD.com orqali Xitoy bozoriga chiqadi

O‘zbek brendlari JD.com orqali Xitoy bozoriga chiqadi

Xitoyning eng yirik onlayn savdo maydonlaridan biri — JD.com platformasida O‘zbekistonning milliy paviloni rasman faoliyat boshladi. Bu yangilik haqida “Dunyo” AA muxbiri ma’lum qildi. Mazkur loyiha ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishi, o‘zbek mahsulotlarini Xitoy bozorida yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Bu platforma orqali O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni Xitoy iste’molchilariga tizimli va professional asosda yetkazish ko‘zda tutilgan. Loyiha tadbirkorlarni raqamli transchegaraviy savdo jarayonlariga tezroq moslashtirish, milliy brendlarni onlayn kanallarda ommalashtirish va eksport imkoniyatlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Milliy pavilon o‘zbek ishlab chiqaruvchilari va eksportchilari uchun haqiqiy “yagona darcha” vazifasini bajaradi. Bu yerda to‘qimachilik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechaklar, charm-attorlik buyumlari, poyabzal, quritilgan mevalar, yong‘oq va asal kabi chuqur qayta ishlangan mahsulotlar, tabiiy ichimliklar va ziravorlar keng namoyish etiladi. Shu bilan birga, Xitoy bozori talablariga mos sertifikatlarga ega tabiiy xomashyodan tayyorlangan kosmetika, uy-ro‘zg‘or tovarlari va hunarmandchilik mahsulotlari ham platformadan joy oladi.

Xitoylik sheriklar ta’kidlashicha, JD.com’da milliy pavilonning ochilishi o‘zbek kompaniyalariga nafaqat eksport hajmini oshirish, balki Xitoydagi ulkan onlayn bozorga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish imkonini ham beradi. Bu esa milliy brendlar nufuzini mustahkamlashga va yangi iste’molchilar auditoriyasiga chiqishga xizmat qiladi.

Aytish joizki, JD.com mamlakatdagi eng yirik elektron tijorat ekosistemalaridan biri bo‘lib, o‘zining kuchli JD Logistics logistika tarmog‘i, yuqori darajadagi sifat nazorati va sotuvdan keyingi xizmat tizimi bilan mashhur. Shu sababdan, o‘zbek tovarlarining bu platformaga kirishi eksportchilar uchun katta strategik imkoniyat sifatida baholanmoqda.

O‘zbekistonning Xitoy bozoridagi o‘rnini yanada mustahkamlaydigan ushbu qadam kelgusida ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aylanmasini sezilarli darajada oshirishi shubhasiz.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Iqtisodiyot » O‘zbek brendlari JD.com orqali Xitoy bozoriga chiqadi