Wildberries tovarlarni sunʼiy intellekt yordamida solishtirish funksiyasini ishga tushirdi

Wildberries marketpleysi foydalanuvchilarga tovar tanlashni osonlashtirish maqsadida sunʼiy intellektga asoslangan “Aqlli solishtirish” funksiyasini sinovdan oʻtkazishni boshladi. Wildberries & Russ birlashgan kompaniyasi matbuot xizmatining xabar berishicha, ushbu vosita bir nechta mahsulotni tanlab, ularning asosiy farqlari, afzalliklari va kamchiliklari haqida tizimlashtirilgan tahlil olish imkonini beradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Yangi funksiyaning asosiy maqsadi — foydalanuvchiga aniq bir maqsad, masalan, ish, oʻqish yoki oʻyinlar uchun qaysi mahsulot koʻproq mos kelishi haqida qisqa va tushunarli tavsiya berishdir. Mahsulot boʻyicha direktor Kristina Moshkoning soʻzlariga koʻra, ushbu vosita foydalanuvchi muammosini platformaning oʻzida, boshqa saytlarga oʻtmasdan turib samarali hal qilishga yordam beradi.
Ishlab chiquvchilarning fikricha, “Aqlli solishtirish” funksiyasi ayniqsa murakkab texnik xususiyatlarga ega boʻlgan elektronika, maishiy texnika va asbob-uskunalar kabi kategoriyalarda juda qoʻl keladi. Endilikda xaridor oʻnlab parametrlarni qoʻlda solishtirib oʻtirmasdan, sunʼiy intellekt tomonidan tayyorlangan oddiy va tushunarli tushuntirishni oladi.
Kompaniya kelgusida foydalanuvchilarning fikr-mulohazalari asosida ushbu vositani yanada takomillashtirishni rejalashtirmoqda. Mazkur yangilik Wildberries platformasidagi sunʼiy intellekt ssenariylarining davomi boʻlib, hozirda saytda virtual kiyib koʻrish xonasi, foto orqali aqlli qidiruv va sharhlarni neyrotarmoq yordamida qisqacha bayon qilish funksiyalari ishlab turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!