
Prezident Shavkat Mirziyoyev 15 dekabr kuni kapital bozorini yanada chuqur rivojlantirish hamda bank sohasida xalqaro standartlarni jadal joriy etishga qaratilgan taqdimot bilan tanishdi. Unda mamlakat moliya tizimini yangi bosqichga olib chiqish, uni ochiq, barqaror va investitsiyalar uchun jozibador qilish masalalari keng qamrovda muhokama qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda muomaladagi qimmatli qog‘ozlarning umumiy bozor qiymati 275 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Birjada erkin muomalada bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar hajmi esa 4 trillion so‘mga yetgan. Bugungi kunda kapital bozorida 717 ta emitent va 77 ta professional ishtirokchi faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, sohaning kapitallashuv darajasi yalpi ichki mahsulotga nisbatan atigi 20 foizni tashkil etib, bu ko‘rsatkich jahon standartlaridan ancha past ekani qayd etildi. Bu esa bozorda hali to‘liq ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatadi.
Shu munosabat bilan mahalliy kapital bozoriga kamida 1 milliard dollar miqdorida investitsiya jalb qilishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, mahalliy va xorijiy fond birjalarida xalqaro standartlar asosida qimmatli qog‘ozlarni joylashtirish — “dual listing” amaliyotini joriy etish taklif qilindi. Shuningdek, valyuta obligatsiyalari, global depozitar tilxatlar, xorijiy qimmatli qog‘ozlar va birja investitsiya fondlari kabi yangi moliyaviy instrumentlarni bozorga kiritish rejalari ilgari surildi.
Taqdimotda “tartibga solish qumdoni” deb ataladigan maxsus huquqiy rejimni kengaytirish masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ushbu mexanizm doirasida qumdon shartlarini nafaqat norezidentlar, balki rezidentlar uchun ham qo‘llash, xorijiy investorlar uchun uni muddatsiz amal qiluvchi tartib sifatida belgilash, shuningdek, chet el kompaniyalarining aksiyalari va obligatsiyalari bilan rasmiy savdo qilishga ruxsat berish taklif etildi. Bu qadam xorijiy qimmatli qog‘ozlarning norasmiy aylanmasini qisqartirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mahalliy investorlarni kapital bozoriga keng jalb etish bo‘yicha ham qator takliflar muhokama qilindi. Jumladan, mahalliy kompaniyalar va banklarga Toshkent fond birjasida xorijiy valyutada obligatsiyalar chiqarishga ruxsat berish orqali tashqi bozorga chiqmasdan turib valyuta resurslarini jalb qilish imkoniyatlari yaratilishi belgilandi. Shu bilan birga, emitentlarga o‘z kapitali hajmidan yuqori, ta’minotsiz obligatsiyalar chiqarish imkoniyatini berish orqali obligatsiyalar bozorini yanada kengaytirish mumkinligi qayd etildi.
Kapital bozorida nazorat va tartibga solish tizimini takomillashtirish masalalari ham alohida ko‘rib chiqildi. Milliy qonunchilikni Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti talablariga moslashtirish, regulyator vakolatlarini kuchaytirish hamda professional ishtirokchilar uchun ustav kapitaliga qo‘yiladigan talablarni bosqichma-bosqich oshirish rejalari taqdim etildi.
Bank sohasidagi islohotlarga to‘xtalar ekan, so‘nggi yetti yilda tijorat banklari aktivlari 5,3 barobar o‘sib, 877 trillion so‘mdan oshgani ta’kidlandi. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan banklar soni 35 taga yetdi, 2017 yildan buyon esa 3 ta xorijiy bank O‘zbekiston bozoriga kirib keldi.
Shuningdek, O‘zbekiston ilk bor Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon bankining Moliyaviy sektorni baholash dasturida ishtirok etdi. Ushbu jarayonda bank nazorati, risklarni boshqarish, to‘lov tizimlari, makroprudensial siyosat va inqirozlarga qarshi boshqaruv kabi muhim yo‘nalishlar chuqur tahlil qilindi.
Baholash natijalaridan kelib chiqib, kelgusi yilda mamlakat moliya sektorini Bazel qo‘mitasining samarali bank nazorati bo‘yicha 29 ta asosiy tamoyiliga to‘liq moslashtirish rejalashtirilgan. Bu maqsadda barcha tijorat banklarida moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlar asosida yuritish, Bazel III talablarini joriy etish hamda Hukumat va Markaziy bank ishtirokida Moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish vazifalari belgilandi.
Davlat rahbari kapital bozori va bank sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar iqtisodiyotni barqaror moliyalashtirish, xususiy sektor ulushini oshirish hamda xalqaro sarmoyalarni faol jalb etishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu munosabat bilan mutasaddilarga belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.