SEC Paxos kompaniyasini blokcheyn-kliring agentligi sifatida tasdiqladi

Blokcheyn infratuzilmasi platformasi va steyblkoinlar emitenti boʻlgan Paxos kompaniyasi AQSH Qimmatli qogʻozlar va birjalar komissiyasi (SEC) tomonidan kliring agentligi sifatida roʻyxatdan oʻtkazilgan birinchi “blokcheyn-neytiv” firma boʻlganini eʼlon qildi. Kompaniyaning shoʻba korxonasi boʻlgan Paxos Securities Settlement Company endilikda AQSHda markaziy qimmatli qogʻozlar depozitariysi sifatida kliring va hisob-kitob xizmatlarini koʻrsatish huquqiga ega yagona blokcheyn kompaniyasiga aylandi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Ushbu qaror blokcheyn texnologiyasi va anʼanaviy kapital bozorlari birlashishda davom etayotgan bir paytda moliyaviy bozor infratuzilmasining muhim boʻlagi hisoblanadi. Kliring agentliklari qimmatli qogʻozlar savdosi toʻgʻri bajarilishini taʼminlaydi. Aksiya sotib oluvchilar va sotuvchilar bevosita savdo qilmaydilar; ular bitimni tasdiqlaydigan, tomonlarni moslashtiradigan hamda pul va qimmatli qogʻozlar almashinuvini kafolatlaydigan provayderlarga ehtiyoj sezadilar.
SEC tomonidan tasdiqlangan blokcheyn-kliring markazi banklar va brokerlik kompaniyalari uchun kripto-infratuzilmani qurishdagi toʻsiqlarni olib tashlaydi. Paxos 2019-yildan buyon ushbu yoʻnalishda SEC bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Kompaniyaning tajriba loyihasi blokcheyn asosidagi post-treyd infratuzilmasi bir kunlik hisob-kitoblarni amalga oshirish, xarajatlarni kamaytirish va operatsion samaradorlikni oshirish imkonini berishini isbotladi.
Paxos asoschisi va bosh direktori Charles Cascarilla ushbu roʻyxatdan oʻtish SEC bilan yetti yillik mehnat mahsuli ekanini taʼkidladi. Hozirda Paxos bir qator raqamli aktivlar, jumladan PayPal USD (PYUSD), Global Dollar (USDG) va Pax Gold (PAXG) emitenti hisoblanadi. Avvalroq kompaniya Binance USD (BUSD) steybkoini tufayli regulyator bilan ziddiyatlarga duch kelgan edi, biroq yangi litsenziya kompaniya uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!