
O‘zbekistonda oltin narxi tarixiy cho‘qqiga chiqdi. 25 dekabr holatiga ko‘ra, 1 gramm oltin quymasining qiymati 1 mln 788 ming so‘mni tashkil etdi. Bu mamlakatda oltin quymalari sotila boshlagandan beri qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, oltin narxi bir kun ichida 0,3 foizga, yil boshiga nisbatan esa qariyb 60 foizga oshgan. Qizig‘i, joriy yilning o‘zida oltin qiymati 45 martadan ortiq rekord darajani yangilagan.
Jahon bozorida ham qimmatbaho metall narxi yuqori tebranishlarni boshdan kechirmoqda. 24 oktyabr kuni oltinning bir troy unsiyasi ilk bor 4 500 dollardan oshib, tarixiy natija qayd etgan. Ayni paytda esa u 4 480 dollar atrofida savdolanmoqda.
Biroq yil davomida keskin pasayish ham kuzatildi. Masalan, oktyabr oyi oxirida oltin narxi qisqa vaqt ichida 4 ming dollardan pastga tushib, 3 970 dollargacha pasaygan. Reuters nashri bu holatni AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo munosabatlarining yaxshilanishi bilan izohlagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, jahon bozoridagi qimmatlashuv fonida O‘zbekiston 11 oy ichida qariyb 10 mlrd dollarlik oltin eksport qilgan. 1 dekabr holatiga mamlakatning oltin-valyuta zaxiralari 61,2 mlrd dollarga yetgani ham rekord ko‘rsatkich sifatida qayd etilmoqda.
Qisqasi, oltin bozori hali ham diqqat markazida — o‘sish ham, kutilmagan pasayish ham investorlar uchun jiddiy signal bo‘lib qolmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.