Afg‘on oltini Termizda qayta ishlanib tayyor mahsulot holida chetga chiqadi

Surxondaryo viloyatida ilk marta Afg‘onistondan olib kelingan oltin xomashyosi mahalliy quvvatlar hisobidan qayta ishlanadigan yangi amaliyot yo‘lga qo‘yildi. Endigacha Afg‘oniston orqali tranzit sifatida boshqa davlatlarga o‘tib ketgan oltin xomashyosi bu gal O‘zbekistonda, aniqrog‘i, “bojxona hududida qayta ishlash” rejimi asosida ishlab chiqarish zanjiriga kiritilmoqda.
Shu munosabat bilan “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasida zargarlik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Termiz Gold Production” MCHJ rahbariyati hamda Afg‘onistonda oltin qazib oluvchi korxona vakillari ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Muloqotda tomonlar hamkorlik yo‘nalishlari, logistika va qayta ishlash jarayonini tizimli yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qilgan.
Uchrashuvda alohida urg‘u berilgan jihat shundaki: shu vaqtgacha tranzitda ketgan oltin xomashyosi endilikda bevosita Termizda qayta ishlanadi. Ya’ni, xom ashyo “o‘tib ketuvchi resurs” emas, qo‘shimcha qiymat yaratadigan mahsulotga aylantiriladi.
Rejaga ko‘ra, mazkur jarayonda avvalo yarim tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqariladi. Keyin esa ular yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tayyor mahsulot sifatida eksportga yo‘naltiriladi. Bu esa oddiy savdo emas — sanoat zanjiri, ish o‘rni, soliq tushumi va eng muhimi, mahalliy ishlab chiqarish madaniyati degani.
Ma’lum qilinishicha, loyiha doirasida dastlabki partiya sifatida og‘irligi 20 kilogramm bo‘lgan, umumiy qiymati 2,9 million AQSH dollariga teng oltin xomashyosi qayta ishlash jarayoniga jalb etilgan. Bu hajm pilot bosqich uchun salmoqli ko‘rsatkich hisoblanadi va “bu ish qog‘ozda emas, amalda boshlandi” degan signalni beradi.
Qisqasi, Termizdagi ushbu qadam Surxondaryo uchun yangi industrial imkoniyat eshigini ochyapti: xomashyoni shunchaki o‘tkazish emas, uni qiymatga aylantirib, dunyo bozoriga chiqarish. Shunaqa paytlarda iqtisod “gap” emas, “ish” bilan go‘zal ko‘rinadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!