Janubiy Koreya prezidenti shaxsiy uyini sotib uysiz qoldi

Janubiy Koreya prezidenti Li Je Myon o‘zining shaxsiy uyini sotgani ma’lum bo‘ldi. Kvartira Seul yaqinidagi Sonnam shahrida joylashgan bo‘lib, 1998 yildan buyon prezident va uning rafiqasi Kim Xe Gyonga tegishli edi.
Xonadonning maydoni 164 kvadrat metrni tashkil qiladi. Li Je Myon uni fevral oyida 2,9 milliard vonga sotuvga qo‘ygan. Bu taxminan 1,9 million AQSH dollari. Kvartira belgilangan narxda xarid qilingan.
Prezident bu qadamni hukumatning ko‘chmas mulk bozorini barqarorlashtirishga qaratilgan siyosati bilan bog‘lagan. Uning fikricha, bunday qaror jamoatchilik ishonchini oshirishga xizmat qiladi.
Hukumatning uy-joy siyosatiga bag‘ishlangan yig‘ilishida Li Je Myon vaziyatga hazil bilan munosabat bildirib, “Endi mening uyim yo‘q”, degan.
Ayni paytda prezident va uning rafiqasi Seuldagi rasmiy prezident qarorgohida istiqomat qilmoqda.































Izohlar 0
…