Kraken FIFA Jahon chempionati 2026 ning rasmiy hamkoriga aylandi

Kraken kriptovalyuta birjasi FIFA Jahon chempionati 2026 ning rasmiy homiysi sifatida tanlandi. Ushbu hamkorlik doirasida kompaniya dunyodagi eng yirik sport tadbirlaridan birida oʻz brendini namoyish etish imkoniyatiga ega boʻladi. Seshanba kuni eʼlon qilingan bayonotga koʻra, kelishuv turnir davomida muxlislar uchun maxsus aksiyalar va mahsulot tajribalarini oʻz ichiga oladi. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
2026-yilgi Jahon chempionati FIFA tarixidagi eng yirigi boʻlishi kutilmoqda. Unda ishtirokchi jamoalar soni 48 taga yetkazilib, AQSH, Meksika va Kanada boʻylab 16 ta shaharda jami 104 ta oʻyin oʻtkaziladi. FIFA prognozlariga koʻra, yetti hafta davom etadigan musobaqa butun dunyo boʻylab 6 milliarddan ortiq tomoshabinni jalb qiladi.
Ushbu kelishuv Kraken brendini Adidas, Coca-Cola, Visa va Hyundai-Kia kabi FIFAning uzoq yillik hamkorlari qatoriga qoʻshadi. Shuningdek, bu birjaning sport sohasidagi homiylik portfelini yanada kengaytiradi. Hozirda Kraken Tottenxem, Atletiko Madrid, RB Leypsig va Williams Racing kabi jamoalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda.
Kripto sanoatining sport marketingidagi faolligi 2022-yildagi FTX inqirozidan soʻng biroz pasaygan edi. Biroq soʻnggi vaqtlarda Coinbase va Crypto.com kabi yirik kompaniyalar yana katta sahnaga qaytmoqda. Shu bilan birga, Polymarket kabi prognoz bozorlari ham UFC va MLS kabi ligalar bilan shartnomalar imzolab, oʻz taʼsir doirasini kengaytirmoqda.

























Izohlar 0
…