Rossiyadagi yoqilg‘i muammosi Markaziy Osiyo aviatsiyasiga ham ta’sir qilmoqda

Rossiyada neftni qayta ishlash zavodlariga uyushtirilayotgan dron hujumlari aviayoqilg‘i bozoriga ham ta’sir ko‘rsata boshladi. Bu holat Markaziy Osiyoda aviakerosin taqchilligini kuchaytirib, narxlar oshishiga va ayrim aviakompaniyalar parvozlar sonini qayta ko‘rib chiqishiga sabab bo‘lmoqda, deb xabar beradi Uz24.uz.
Tahlillarga ko‘ra, Rossiyada aviakerosin ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi uzilishlar mintaqada yillar davomida shakllangan logistika zanjirlarini izdan chiqargan.
Rossiya dunyodagi yirik neft ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblansa-da, hozirgi sharoitda o‘zi uchun ham qo‘shimcha aviayoqilg‘i manbalarini izlashga majbur bo‘lmoqda. Xabarda ta’kidlanishicha, Moskva xalqaro sanksiyalar ta’sirini aylanib o‘tish orqali Osiyodan aviakerosin import qilish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.
Bu vaziyat Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham yangi muammolarni keltirib chiqardi. Aviatsiya sohasida yoqilg‘i ta’minoti barqaror bo‘lmasa, reyslar jadvali, bilet narxlari va aviakompaniyalar xarajatlariga bosim ortadi.
Shu sabab mintaqadagi davlatlar va aviakompaniyalar aviayoqilg‘i bo‘yicha muqobil manbalarni izlashga kirishgan. Asosiy maqsad, parvozlar xavfsizligi va barqarorligini saqlab qolish, yoqilg‘i taqchilligi tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan keskin ssenariylarning oldini olishdan iborat.




























Izohlar 0
…