– Amaki, poyabzalingizga chang tegibdi, keling tozalab qo‘yaman.
Amerikaning Richford shahri ko‘chalarida qo‘liga cho‘tka va charmni yaltiratadigan maxsus yog‘ ko‘tarib yuradigan ozg‘ingina bu bolakay o‘zining tirishqoqligi, mehnatkashligi bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortardi. Ba’zilar unga yordam qilish istagida yoki achinganidan ham poyabzalini tozalatib, so‘ng pul tashlab ketardi. Ammo ular bilmasdiki, Jon kambag‘al oilaning farzandi emasdi. Istasa, ota-onasining qurbi o‘g‘lini nufuzli joyda o‘qitishga, hech nimadan zoriqmay o‘stirishga yetar edi. Biroq ota-ona o‘zi pul ishlab topishni haddan ortiq yaxshi ko‘radigan o‘g‘lining halol mehnat qilishiga qarshilik qilmasdi.
Jon biroz ulg‘aygach, poyabzal tozalashni yig‘ishtirib, anchagina foydaliroq va obro‘liroq kasb bilan shug‘ullandi. Endi u mahalliy matbuot bo‘limidan gazeta va jurnallarni olib, ko‘chada yurib sotar yoki o‘z egalariga yetkazib berardi. Bu ishning ortidan yaxshigina daromad kela boshladi. Yig‘ayotgan sarmoyasining miqdori sezilarli oshayotganini his qilgan bolakay o‘sha paytlarda 100 ming dollar puli bo‘lishi va 100 yil yashashni orzu qilardi. Garchi uning ikkinchi orzusi to‘liq ushalmagan, ya’ni 100 yil emas, 98 yil yashagan bo‘lsa-da, birinchi orzusi ming barobar ortig‘i bilan ro‘yobga chiqdi. U misli ko‘rilmagan darajada katta boylik to‘pladi. Hali-hamon dunyoning hech bir milliarderi Jon Rokfeller to‘plagan boylikning yaqiniga ham yo‘lay olgani yo‘q.
“TUG‘MA TADBIRKOR”NING BOLALIGI
Jon Devison Rokfeller 1839 yili Nyu-York shtatining Richford shahrida dunyoga keldi.
Jon oiladagi olti farzandning ikkinchisi edi. Ota-onasi bolalarini yoshligidan oila mablag‘ini tejashga, mehnatga va mablag‘ topishga o‘rgatgandi. Shu bois Rokfellerlar oilasi farzandlari uchun biznes oilaviy tarbiyaning bir qismiga aylangandi. Ayniqsa, savdo-sotiq bilan shug‘ullanadigan, anchagina mablag‘ egasi bo‘lgan otasi o‘g‘li Jonda tadbirkorlikka ishtiyoqning juda kuchliligini payqar, shu bois boshqa farzandlariga nisbatan u bilan ayricha munosabat o‘rnatgandi. Masalan, o‘g‘il otadan pul so‘ragudek bo‘lsa, unga so‘ragan mablag‘ini berar, lekin avval shart qo‘yardi. Shartga ko‘ra, o‘g‘il otasi bergan pullarni ko‘paytirib, foydasinigina ehtiyojlariga ishlatishi mumkin edi. Shu bois, bolakay juda yoshligidanoq otasidan olgan pulga do‘kondan bir funt konfet olib kelar, so‘ng uni singillariga yoki qo‘shni bolalarga donalab sotardi. 13 yoshida u 50 dollar yig‘adi va ushbu mablag‘ini yillik 7,5 foiz evaziga qo‘shnisiga kreditga beradi.
Shunisi hayratlanarliki, Jon yoshligidan o‘z mablag‘i haqida hisob-kitob olib borishni yaxshi ko‘rgan. Oila tarixini o‘rgangan odamlarning aytishicha, u topgan puli miqdorini muntazam yozib borish uchun birinchi maoshidan kundalik daftar sotib olgan va uni umrining oxirigacha saqlagan.
BIRINChI ISh, MAOSh VA ILK QADAMLAR
Rokfeller 16 yoshga to‘lganda mustaqil ishlay boshladi. Avvaliga hisobchiga yordamchi bo‘ldi. Maoshi oyiga 17 dollar edi. Keyinroq maoshi 25 dollar bo‘lgan hisobchi lavozimiga tayinlandi.
1857 yili u angliyalik bir tadbirkor 2000 dollar mablag‘i bor sherik qidirayotgani haqida eshitib qoladi. Bu paytda uning bor-yo‘g‘i 800 dollar puli bor edi. Ammo shu ishga juda qattiq qiziqayotgani bois, otasidan yiliga 10 foiz ustama bilan qarz oladi. Shunday qilib, u urug‘, don, go‘sht va boshqa tovarlar savdosi bilan shug‘ullanadigan “Klark va Rochester” kompaniyasining muassislaridan biriga aylanadi.
XIX asrning ikkinchi yarmida AQShda kerosin lampalar urf bo‘la boshladi. Bu esa uning xomashyosi – neftga bo‘lgan talabni oshirdi. O‘sha paytda Jon amaliyotchi ximik Samuel Endryus bilan tanishadi. U neftdan kerosin olish bo‘yicha mutaxassis edi. Shunday qilib, ikki ishbilarmon kuchlarni birlashtirib, neftni qayta ishlaydigan “Endryus va Klark” kompaniyasiga asos solishdi.
Jon Rokfeller neft bozorining kelajagi borligini oldindan biladi va sherigiga barcha mablag‘ni shunga yo‘naltirishni taklif qiladi. u bunga rozi bo‘lmagach, uning ulushini 72500 dollarga sotib oladi va kelgusi hayotini butunlay neft biznesiga bag‘ishlaydi.
JON ROKFELLERDAN MASLAHATLAR:
Agar puling kam bo‘lsa – biznes qil. Agar puling umuman bo‘lmasa – unda zudlik bilan biznes qil!!!
***
Ulkan boylikka faqat kichik daromad orqaligina erishish mumkin! Bu qo‘shimcha tushum sizning kichik urinishlaringiz samarasi bo‘lishi kerak.
***
Boy odamda hech qachon ortiqcha pul bo‘lmaydi. Kambag‘alda esa bo‘ladi.
***
Kambag‘allik mas’uliyatdan qochish oqibatida yuzaga keladi.
O‘zingizni oqlab, turli bahonalarni o‘ylab topmang. Nega hozirdanoq maqsadingiz sari olg‘a qadam bosolmaysiz?
***
Kambag‘alga million bersang, ishlatib yuboradi. Boyga o‘n ming bersang, million ishlab oladi.
“STANDARD OIL” — DUNYoNING ENG YIRIK NEFT KOMPANIYaSI
1870 yilga kelib Jon Devison Rokfeller o‘zining “Standard Oil” kompaniyasiga asos soladi. Kompaniya neftni qazib olishdan tortib, tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonni amalga oshirardi. U o‘z xodimlariga maosh o‘rniga kompaniya aksiyalarini beradi, bu esa xodimlar ham ko‘proq foyda olishini ta’minlardi. Shuning uchun kompaniya ishchilari astoydil va sifatli ishlashardi. Har bir xodim qancha ko‘p va yaxshi ishlasa, shuncha ko‘p daromad olishini bilgani holda mehnat qilardi.
“Standard Oil” tezda rivojlanib ketdi, olingan foydaga Jon boshqa neft kompaniyalarini ham sotib ola boshladi. Rad etganlar esa, albatta, bankrot bo‘lardi. Shunday qilib, ko‘plab kompaniyalar asta-sekin “Standard Oil” tarkibiga kira boshladi.
Shunisi hayratlanarliki, bor-yo‘g‘i o‘n yilda Jon Rokfeller kompaniyasi AQShda butunlay monopol korxonaga aylandi. “Standard Oil” o‘sha paytda mamlakatdagi 90-95 foiz neftga egalik qilardi. Asta-sekin tadbirkor o‘z mahsulotlari bahosini oshirdi va “Standard Oil” dunyodagi eng yirik neft kompaniyasiga aylandi.
Oradan yana o‘n yil o‘tgach, AQShda monopoliyaga qarshi qonun qabul qilindi. Ammo bu narsa Rokfellerni sira tashvishlantirgani yo‘q. U o‘z korporatsiyasini 34 ta kompaniyaga bo‘ldi va hammasida o‘zining nazorat paketini saqlab qoldi. Rokfellerga bu kompaniyalarning har biridan juda katta daromad kelardi.
Umri davomida Jon Rokfeller to‘plagan mablag‘ning umumiy miqdori 1,4 milliard dollarni tashkil etgan. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga qaraganda, bu mablag‘ bugungi kunda 318 milliard dollarga teng bo‘lar ekan. Bu o‘sha paytdagi AQSh yalpi ichki mahsulotining salkam 2,5 foizi deganidir.
SAXOVATPEShA MILLIARDER
Rokfeller juda boy yashardi, lekin hech qachon boyligini ko‘z-ko‘z qilmasdi. Uning turli shtatlarda bir nechta uy-joyi va villalari, 273 gektarlik hovlisi, yana shaxsiy golf maydoni bor edi.
U qancha boy bo‘lmasin, hech qachon insonparvarlikni unutmasdi. Rokfeller har doim o‘zining “Odamlarga chin dildan, hech qanday manfaat ko‘zlamay, yordam qo‘lini cho‘zing. Daromadingizning 10 foizini xayriya qilishga odatlaning” degan aqidasiga qattiq amal qilardi.
Umri davomida Jon batistlar cherkoviga 100 million dollar mablag‘ o‘tkazib bergan. Bundan tashqari, Chikago universitetiga 80 million dollarlik yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, u Nyu-York tibbiyot tadqiqotlari institutining tashkilotchisi va homiysi bo‘ldi, mashhur Rokfeller fondiga asos soldi. Umrining so‘ngida salkam yarim milliard mablag‘ni xayriya ishlariga sarfladi. Bu o‘sha vaqt uchun juda katta summa edi. Qizig‘i, otasining bu saxovatpeshaligini uning o‘g‘li va nevaralari ham davom ettirib kelishmoqda.
Rokfellerning muvaffaqiyati hech qanday iloji yo‘q bo‘lgan narsani nazarda tutmagan. U butun umrini o‘zi yoqtirgan ishga va mehnatga bag‘ishladi va haqli ravishda mukofotini oldi. U 98 yoshgacha yashab, dunyodagi eng katta biznes-imperiyani yaratish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jon Rokfeller 96 yoshga to‘lganda 5 million dollar sug‘urta puli oladi. Chunki qariya 95 yoshdan oshsa, shuncha pul olish bo‘yicha o‘z hayotini sug‘urta qilgandi. U so‘nggi nafasigacha aqli rasoligini yo‘qotmadi hamda biznes sohasidagi faoliyatini davom ettirdi.
Manbalar asosida JAHONGIR tayyorladi.
Manba: mulohaza.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi