Missuri shtati CoinFlip kriptomat operatorini sudga berdi

AQSHning Missuri shtati rasmiylari CoinFlip brendi ostida faoliyat yurituvchi GPD Holdings kompaniyasiga nisbatan sudga daʻvo kiritdi. Kompaniya firibgarlik tranzaksiyalariga bila turib sharoit yaratish va ulardan foyda koʻrishda ayblanmoqda. Bu AQSH shtatlari tomonidan raqamli valyuta kioʻsklari va kriptomatlariga qarshi koʻrilayotgan navbatdagi keskin choradir. Bu haqda Cointelegraph.com xabar beradi.
Missuri Bosh prokurori ofisi tomonidan eʻlon qilingan xabarga koʻra, ushbu daʻvo shtatdagi keksalar va faxriylarga qarshi sodir etilgan firibgarlik holatlariga javoban qoʻzgʻatilgan. Shtat maʻmurlari oʻtgan yilning dekabr oyida bir nechta kriptomat kompaniyalari, jumladan, yaqinda bankrotlik toʻgʻrisida ariza bergan Bitcoin Depot faoliyati yuzasidan tekshiruv boshlagan edi.
Bosh prokuratura suddan CoinFlip amaliyotlarini Missuri savdo qonunchiligiga zid deb topishni, kompaniyaning shtat hududidagi faoliyatini taqiqlashni va har bir qonunbuzarlik uchun 1000 USD miqdorida jarima undirishni soʻramoqda. Umumiy jarima miqdori 1,8 million USDdan oshishi mumkin. Shuningdek, isteʻmolchilarga yetkazilgan zararni qoplash talab qilingan.
CoinFlip maʻlumotlariga koʻra, kompaniya Missuri shtatida 136 ta, butun AQSH boʻylab esa 4229 ta kripto kioʻskni boshqaradi. Soʻnggi oylarda Bitcoin Depot va CoinFlip kabi operatorlar koʻplab shtat hokimiyatlari tomonidan bosimga uchramoqda. Baʻzi hududlarda ushbu texnologiyani cheklovchi yoki butunlay taqiqlovchi qonunlar qabul qilinmoqda.
Sohadagi inqiroz faqat sud jarayonlari bilan cheklanib qolmayapti. Shimoliy Amerikadagi eng yirik operatorlardan biri boʻlgan Bitcoin Depot yaqinda Texasda bankrotlik jarayonini boshladi. Kompaniya 9000 dan ortiq kioʻskka ega boʻlishiga qaramay, huquqiy nizolar va moliyaviy qiyinchiliklar sababli oʻz faoliyatini davom ettirishda jiddiy shubhalar borligini tan oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!