23:01 / 11.02.2018
5 670

"Trillion dollarlik poyga": Apple, Google, Amazon, Microsoft va Facebook kabi kompaniyalarning qay biri yetakchi?

"Триллион долларлик пойга": Apple, Google, Amazon, Microsoft ва Facebook каби компанияларнинг қай бири етакчи?
Trillion dollarga baholanuvchi ilk kompaniya texnologik korporatsiya bo‘ladi. Bunga deyarli shubha yo‘q. Biroq cho‘qqiga kim birinchi bo‘lib yetadi va kim yangi soliqlar to‘lovi borasida bir to‘xtamga keladi noma’lum. Asosiy da’vogarlar — Apple, Google, Amazon, Microsoft va Facebook'ning yaqinda taqdim etilgan moliyaviy hisobotlari ularning aksiyalari o‘sish salohiyatini taxmin qilish imkonini beradi.

Trillion dollarlik kapitalizatsiya — AQSh ommaviy kompaniyalaridan birortasi hali yetisha olmagan ko‘rsatkich — avval fond bozori afsonasidek tuyulgan. Biroq qator kompaniyalar aksiyalari narxlarining keskin tushib ketishi aynan 2018 yil "trillion dollarlik" kompaniya yili bo‘lishi mumkinligini taxmin qilish imkonini bergan, ehtimol, gap faqat bir kompaniya haqida emasdir.

Kompaniyalarning moliyaviy natijalari — kuchlarni qayta saralashning asosiy indikatorlaridan biri. Shuning uchun o‘tgan haftada taqdim etilgan chorak hisobotlari bozorning diqqat-e’tiboriga tushdi — ayniqsa, 2017 yilning dekabrida AQShda qabul qilingan yangi U.S. Tax Cuts and Jobs Act soliq qonuni fonida. Uning mazmuni shundan iboratki, endi Amerika kompaniyalari xorijdagi daromadlariga nisbatan joriy qilingan uy soliqlarini chetlab o‘ta olishmaydi, shu bois chet eldagi daromadlar umumiy hajmining 15,5 foizi miqdorida bir martalik "tranzit" soliq to‘lashga majbur. Biroq 2018 yilning 1 yanvaridan daromadga to‘lanadigan korporativ soliq stavkasi 21 foizgacha pasaydi. Forbes yangi qonunning texnologik kompaniyalar yil yakunlariga qanday ta’sir qilganiga doir maqolasi bilan bo‘lishdi.

Apple: marraga eng yaqin kompaniya


Trillion dollarlik ko‘rsatkichga eng yaqin kelayotgan kompaniya Apple bo‘lib, uning kapitalizatsiyasi 821 milliard dollardan ortiqqa baholanmoqda. Kompaniya dekabr oyidagi chorak hisobotida 88,3 milliard dollar daromadi bilan mutlaq rekordga doir hisobot berdi - bu bir yil avvalgi ko‘rsatkichga nisbatan 13 foizga ko‘p va 20 milliard dollardan ziyod sof daromad demakdir, bu 2016 yildagidan 12 foizga ko‘p va tahlilchilar taxminlaridan yuqoridir.

Bundan avval Apple xorijiy aktivlari uchun 38 milliard dollar soliq to‘lashi haqida ma’lum qilgan. Biroq to‘lovlar joriy yilga to‘g‘ri keladi, shuning uchun bu chorak hisobotiga ta’sir ko‘rsatmagan. Kompaniyaning naqd pul vositalari hajmi rekord darajaga yetdi - 285 milliard dollar.

30 dekabrda yakunlangan chorak uchun hisobotdagi asosiy masala iPhone sotuvlari dinamikasi bo‘lgan. 2017 yilning noyabri boshida iPhone X smartfoni bozorga chiqdi. Apple flagman smartfonining 1000 dollarlik tavakkal stavkasi kompaniya uchun ham foyda, ham ziyon yetkazishi mumkin edi.

Natijalar kutilganidek: Apple 2016 yilning xuddi shu davriga nisbatan 1 foizga kamroq qurilma sotgan, biroq smartfonlarning yuqori narx ko‘rsatkichlari tufayli iPhone sotuvlaridan tushgan daromad 13 foizga ko‘p bo‘lgan. Korporatsiya bosh direktori Tim Kuk iPhone X noyabrda bozor rastalariga chiqishi bilan eng ko‘p sotiluvchi smartfonga aylanganini aytgan. iPad sotuvlari 6 foizga oshgan, biroq Mac segmentida kirim 5 foizga pasaygan. Faollashtirilgan qurilmalarning umumiy soni 1,3 milliarddan oshgan.

Servislar (App Store, Apple Music, Apple Pay va b.)sotuvlarida ham faol o‘sish kuzatilmoqda — 13 foiz. Kompaniyaning boshqa mahsulotlari, jumladan Apple Watch aqlli soatlari bo‘yicha daromad 36 foizga oshgan.

Shunday bo‘lsa-da, kompaniyaning joriy chorak uchun konservativ prognozi investorlarni qanoatlantirmadi. 60-62 milliard dollar hajmdagi daromad kutimlari bozor kutgan 65,44 milliarddan pastroq bo‘lib chiqdi. Bu fonda kompaniya aksiyalari oktyabr oyi o‘rtalari darajasida - 160 dollar atrofida baholanmoqda. Agar butun chorak shu tendensiya saqlanib qolsa, u Apple'ning trillion dollarlik umidini yo‘qqa chiqaradi.

Google: Apple izidan

Apple'ning eng yaqin "izdoshi" uning mobil bozordagi asosiy raqibi — Alphabet (Google'ning "onasi"). Kompaniya joriy 736,7 milliard dollar kapitalizatsiyasi bilan so‘nggi besh yilda aksiyalar bahosidagi o‘zgarishlarni Apple'ga nisbatan kamroq namoyish etmoqda. Biroq 2017 yilning to‘rtinchi choragidagi natijalar Alphabet'dan kutilgan natijalarni bermadi. Nima uchun deysizmi?

Kompaniya o‘tgan yilning xuddi shu davriga nisbatan daromadning 32,3 milliard dollargacha o‘sgani haqida ma’lum qildi, bu esa bozor prognozlaridan yuqori ko‘rsatkich. Biroq kompaniya yangi soliq qonuni ta’siri ostida 9,9 milliard dollar sof daromadni yo‘qotdi. Natijada Alphabet'ning chorak sof daromadi 3 milliard dollardan ortiqni tashkil qildi.

Hisobot e’lon qilinganidan keyin A toifali aksiyalar o‘z bahosining taxminan 4 foizini yo‘qotdi va u pasayishda davom etmoqda. Nafaqat kutilganidan pastroq operatsion daromad natijalari, balki YouTube'ga kiritilayotgan sarmoyalar hajmi ham ta’sir ko‘rsatgan. Kompaniya shuningdek birinchi marta o‘z bulut servislari daromadini ham oshkor qildi — Google Cloud va G-Suite chorak davomida 1 milliard dollar ishlagan, bu esa, masalan, Amazon'ning AWS natijalaridan besh karra pastdir.

Shu bilan birga, qidiruv bozorida yetakchilik qilayotgan Google'ning o‘sib borayotgan reklama daromadlari (chorak uchun 21, 5 foiz) va innovatsion loyihalarga uzoq muddatli investitsiyalar kompaniyani trillion dollarlik kapitalizatsiyaga asosiy nomzodlar ro‘yxatida saqlab kelmoqda.

Microsoft: bir maromda

Boshqa texnologik gigantlarning yorqin anons va bayonotlari fonida Microsoft 2017 yilda biroz chetda qolib ketdi. Biroq kompaniya Satya Nadella rahbarligi ostida kuchli b2b-vertikal qurish va aksiya narxlarini yiliga 46 foizdan oshirishning uddasidan chiqdi. Hozirda kompaniya kapitalizatsiyasi 691,9 milliard dollarga baholanmoqda — trillion uchun natijani yana takrorlash kerak.

Kompaniya 2017 yilning oktyabr-noyabri uchun 28,9 milliard dollarlik daromad haqida hisobot berdi - bu bir yil avvalgi natijadan deyarli 12 milliardga ko‘p bo‘lib, bozor prognozlaridan yuqoridir. Biroq sof daromad 6,3 milliard dollarni tashkil qilgan — bunga 13,8 milliard dollarlik soliq to‘lovlari ta’sir qilgan. Soliq yukini inobatga olmaganda operatsion daromad 10 foizga oshgan.

Eng yirik segment — konsyumer mahsulotlari — atigi 2 foizga 12,2 milliard dollargacha o‘sgan. Eng katta o‘sish o‘yin biznesida qayd etilgan — Xbox One X tufayli kompaniya bu yerdagi daromadini 8 foizga oshirgan. Samarali ishlar qarori segmentida (Office, LinkedIn) daromad 25 foizga - 9 milliard dollargacha o‘sgan. "Bulut"li qarorlar kompaniyaga 7,8 milliard dollar keltirgan — bu bir yil avvalgiga nisbatan 15 foiz yuqori natija.

Microsoft trillion sari yo‘lda "ta’qib etuvchi" imidjini bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Konferens-qo‘ng‘iroq davomida kompaniya eksklyuziv o‘yinlar soni bo‘yicha Sony Playstation bilan, Cortana ovozli servisining mashhurligi bo‘yicha esa Amazon Alexa bilan qanday raqobatga kirishmoqchi ekaniga doir savollar yuzaga kelgan.

Amazon: yil "chaqmog‘i"


Kompaniyalarning 2018 yilda qanday start olganiga qaraydigan bo‘lsak, Amazon yetakchilik qilmoqda. So‘nggi oyda kompaniya aksiyalari deyarli 17 foizga oshdi, kapitalizatsiya esa 683,8 milliard dollargacha yetib, Microsoft natijalariga yaqinlashdi. Agar kompaniya yil oxirigacha shu dinamikani saqlab qolsa, yetakchilik uchun barcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.

2017 yilning to‘rtinchi choragida Amazon o‘z daromadining 38 foizga - 60,5 milliard dollargacha oshgani haqida hisobot berdi. Amazon kompaniyasi Google va Microsoft'dan farqli o‘laroq, chorak uchun 1,86 milliard dollarlik sof daromad haqida ma’lum qildi, bu bir yil avvalgi natijadan 2,5 karra ko‘pdir.

Albatta, Amazon biznesi yo‘nalishi "hamkasblar" va boshqa onlayn-riteylerlardan farqli o‘laroq, juda muvaffaqiyatli sotuvlarni ko‘zda tutadi. "Kutilgandan-da yuqori" Amazon Alexa aqlli kolonkalari sotuvlaridan tashqari, Amazon Web Services bulutli servislar bo‘limi ham daromad jihatidan katta o‘sishni ko‘rsatgan. Bu segmentda daromad 2016 yilning dekabridagi 3,5 milliard dollardan 2017 yilda 5,1 milliard dollargacha o‘sgan.

Amazon yangi soliq qonunining o‘z biznesiga salbiy ta’sirini "arzimagan" deb atadi. Shu bilan birga, kompaniya chorak uchun moliyaviy hisobotiga federal korporativ soliq stavkasining pasayishi hisobiga yutilgan 789 million dollarni ham kiritgan. Bundan tashqari, Amazon sotuvlarining taxminan 62 foizi AQSh hududiga to‘g‘ri keladi — taqqoslash uchun Apple sotuvlarining 65 foizi xorijiy mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Facebook: yarim yo‘lda

Nihoyat, texnologik kompaniyalar orasida trillion dollarlik kapitalizatsiyaga da’vogarlar orasida eng kam imkoniyat egasi — Facebook. Kompaniyaning joriy kapitalizatsiyasi (528,9 milliard dollar)ni ikki baravarga oshirish kerak. Buning iloji bormi? Facebook o‘zining chorak hisobotlarida daromadning 47 foizga - 12,97 milliard dollarga va sof daromadning 20 foizga - 4,27 milliard dollargacha oshgani haqida hisobot topshirdi. Kompaniyada ta’kidlanishicha, yangi soliq qonuni sabab Facebook 2017 yilda qo‘shimcha 2,27 milliard dollar to‘lashiga to‘g‘ri kelgan, bu esa ham chorak, ham yil natijalariga ta’sir ko‘rsatgan.

Chorakning mo‘may daromad bilan yopilganiga qaramay, Facebook investorlarni yoqimsiz hayratga tushirdi. Foydalanuvchilarning har kuni ijtimoiy tarmoqda o‘tkazadigan vaqti 5 foizga yoki 50 million soatga kamaygan: bu Facebook'ning virus videoroliklar bilan bog‘liq yangi siyosati ta’siridir. Bundan tashqari, Facebook AQSh va Kanadadagi foydalanuvchilarining bir qismini yo‘qotgan.

Ijobiy natijalar orasida — reklama narxlarining 43 foizga o‘sishi va reklama daromadining 89 foizi mobil qurilmalar evaziga kechayotganini qayd etish mumkin. Zaxira sifatida esa Facebook'da minimal monetizatsiya bo‘linmalari hisoblangan WhatsApp, Oculus, Instagram mavjud. Kompaniya rahbari Mark Sukerberg bundan avval kriptovalyuta masalasini ko‘rib chiqishga va’da bergan, biroq hozircha bu borada muayyan rejalarini e’lon qilmagan.

Albatta, "trillion dollarlik poyga"da faqat texnologiya kompaniyalari ishtirok etayotgani yo‘q. Biroq ularning eng qimmat kompaniyalar ro‘yxatida yetakchilik qilishi va aynan shu segmentdagi keskin parvoz hamda tanazzullar ularga bo‘lgan qiziqishni yanada oshiradi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » "Trillion dollarlik poyga": Apple, Google, Amazon, Microsoft va Facebook kabi kompaniyalarning qay biri yetakchi?