09:58 / 10.09.2018
4 357

Biznesda nazorat qilinishi lozim boʻlgan 14 ta omil

Biznesda nazorat qilinishi lozim boʻlgan 14 ta omil
Biznes samarali ishlashi uchun bu koʻrsatkichlarni kuzating.

Statistikaga koʻra, biznes uch yil yashaydi, biroq kichik biznes uch yildan uzoq yashashi kamdan-kam kuzatiladi. Yuztadan uchtasigina uzoqroq umr koʻradi, qolganlari yopilib ketadi. Asosiy sabab – norentabellik. Bari joyida ekanini bilish uchun qoʻlingizni pulsda tuting: biznesni nazorat qilib, yangi koʻrsatkichlarni kuzatib boring.

Bu maqolada aynan shu haqida soʻz yuritamiz: qayerga nazar solish lozim, raqamlar nima va biznesda bari joyida ekanini qanday tushunish mumkin?

Pul

Biznes bu – pul. Aniqrogʻi u olib kelayotgan pul miqdori. Shuning uchun rentabelligini kuzatish muhim. Murakkablik shundaki, moliyaviy koʻrsatkichlar koʻp: ROI, ROA, ROE, P&L, EBITDA. Barini hisoblash mushkul. Biroq bir qator koʻrsatkichlarni nazorat qilish kerak.

1. EBITDA

EBITDA biznesingiz soliq, kredit boʻyicha toʻlovlar va investitsion xarajatlar (uskuna, taʼmirlash, xodimlarni oʻqitish)ni hisobga olmaganda qancha pul keltirishini koʻrsatadi. Xuddi bu xarajatlar mavjud boʻlmagandek.

Agar EBITDA ijobiy boʻlsa, biznes ishlaydi. Hatto qarzingiz boʻlsa ham biznes baribir pul olib keladi, muammolarni esa hal qilsa boʻladi. Agar koʻrsatkich nolga teng boʻlsa, yoki minusga qarab ketsa, kompaniya zararga ishlamoqda va choralar koʻrish kerak.

EBITDA dinamikasini kuzatish va koʻrsatkichni oshirishga harakat qilish kerak: xarajatlarni qisqartirish, foyda va daromadni oshirish, koʻproq mijozlarni jalb etish.

2. Alternativ xarajatlar

Ular mablagʻni qay darajada samarali boshqarganingizni koʻrsatadi: plyusda qoldingizmi yoki minusga ketdingizmi?

3. Oʻrta chek, konversiya, chekdagi birliklar soni

Bu maʼlumotlar har qanday savdo nuqtasidagi savdolarni koʻrsatadi. Biznes muvaffaqiyatli rivojlanmoqdami? U qanday ishlayotganini oʻrganing. Koʻrsatkichni oshirib, biznes daromadini oshirish mumkin.

Chekdagi birliklar soni – bir mijoz oʻrtacha qancha mahsulot sotib olayotganini koʻrsatadi. Agar koʻrsatkich birga teng boʻlsa, qoʻshimcha savdolar bilan ishlang: xodimlar uchun treninglar oʻtkazing, mahsulotlar joylashuvini oʻzgartiring.

Konversiyani kuzating – qancha odam qoʻshni qahvaxonaga ketmasdan sizga buyurtma berdi. Oydan oygacha koʻrsatkichlarni taqqoslang va natijalarni tahlil qiling.

Foto: Pexels
4. Mavsumiylik va “qora kun”ga moliyaviy yostiq

Daromad oydan oyga qanday oʻzgarishini kuzating va savdolar kam boʻlgan vaqtda ijara haqini toʻlash, maosh berish uchun pul yigʻib qoʻying. Xavfsizlik yostigʻini shakllantirsangiz yanada yaxshi. Zaxira fondi boʻlmasa, biznesni yoʻqotish ehtimoli ortadi: yoki uni yopish, yoki qarzga botib qolish mumkin.

5. Xarajatlar

Ular operatsion va investitsion boʻladi. Investitsion bu – uskuna, xodimlar uchun forma, taʼmirlash. Operatsion – ijara, xarid, jamoa uchun maosh. Operatsion xarajatlarni bilish va rejalashtirish lozim. Aks holda minusga kirasiz va qarzga pul olishni boshlaysiz.

6. Reklama kampaniyasi ROIʻsi

Koʻplab tadbirkorlar hech qanday maʼlumotlarga asoslanmay, pulni reklamaga sarflashadi. Katta mablagʻ xarajat qilinadi, biroq natija boʻlmaydi. Buni chetlab oʻtish uchun kompaniya ROIʻsini kuzatishi va mos keluvchi maydonchalarga joylashtirishi kerak. ROI bu – investitsiyalarning oʻzini oʻzi oqlashi. Ular har bir sarflangan bir soʻm qancha daromad keltirayotganini koʻrsatadi.

Mijozlar

7. Mijozlar keladigan joy


Odamlar siz haqingizda qayerdan maʼlumot olishganini kuzating. Bu sizga reklamaning aynan qaysi turiga pul sarflash kerakligini koʻrsatadi.

Foto: Pexels
8. Mijozlarning ijtimoiy tarmoqlardagi fikri

Agar ijtimoiy tarmoqlarda siz haqingizda salbiy fikr bildirishayotgan boʻlsa, biznesning obroʻsi yoʻqotishlarga uchramoqda. Shuning uchun mijozlarning shikoyatlariga tez va toʻgʻri javob bering.

Hamkorlar va raqobatchilar

9. Yetkazib beruvchilar


Yetkazib beruvchilarni nazorat qiling: ular barini oʻz vaqtida, sifatli bajarishyaptimi? Doimiy ravishda yangi yetkazib beruvchilar va manfaatli shartlarni izlash kerak.

10. Raqobatchilar

Biznes bir maromda yurishi uchun raqobatchilarni kuzatish lozim. Ular qanday faoliyat yuritayotgani va mijozlarni olib ketmayotganini tushunish muhim. Bu foydali: raqobatchilar tajribasidan oʻrnak olish, koʻzga yaqqol tashlanadigan xatolarini takrorlamaslik kerak.

Xodimlar

11. Xodimlarning layoqati


Biznesingiz qoʻlingizda ishlaydigan odamlarga bogʻliq. Bar ishchisi qahva tayyorlashni bilishi va mijozlar bilan xushmuomala boʻlishi, savdolar boʻyicha menejer – ishontira olishi, maʼmur – mijozlar bilan muloqot qila olishi lozim. Shuning uchun xodimlarga oʻrgatish va ularni nazorat qilish muhim.

Mijoz buyurtma berishi uchun qoʻlingizdan kelganini qildingiz, biroq u xodimingizning layoqatsizligi va qoʻpolligi sabab raqobatchingizga ketsa, juda achinarli boʻladi.

12. Xodimlarning bandligi

Xodimlar tez-tez almashmasligi uchun ularni oʻta ishga koʻmib tashlash yaramaydi. Koʻpincha mana bunday boʻladi: xodim qanchalik malakali boʻlsa, shunchalik ishi koʻp boʻlgan holatlar kuzatiladi. Baʼzida bu ishlarni oʻzga xodimlar orasida taqsimlash ham mumkin. Natijada eng qimmatli xodimlar juda koʻp ishlaydi va ishdan boʻshaydi. Qolganlarning ish bilan bandlik darajasi yuqori emas va professional koʻnikmalarini ham yaxshilamaydi.

Foto: Pexels
13. Vakolatlarni taqsimlash

Biznesda bari oʻz joyida, biznes-jarayonlar yoʻlga qoʻyilgan: xodimlar oʻz majburiyatlarini biladi, bari soat kabi, reja boʻyicha ishlaydi. Bunday tizimni yoʻlga qoʻyish – tadbirkorning asosiy vazifasi.

Agar haftasiga 60 soatdan ishlab, nima uchun hech nimaga ulgurmayotganingizni tushunmasangiz, majburiyatlarni xodimlarga bering va tizimni toʻgʻrilang. Qoʻlda boshqaruv rejimida ishlash – yaxshi fikr emas. Taʼtilga borolmaysiz, tunda telefonni oʻchirolmaysiz, natijada nevroz kasalligiga duchor boʻlasiz.

Qonunchilik

14. Qonundagi oʻzgarishlar


Biznesingiz Oʻzbekistonda boʻlsa, bu yerdagi qonunlarga rioya etish kerak. Ular koʻp, doim oʻzgaradi va qoʻshimchalar qoʻshiladi. Biroq qonunlarni bilmaslik javobgarlikdan ozod qilmaydi. Shuning uchun oʻzgarishlarni kuzating va qonunga rioya qiling.

Biznes bu – murakkab, biroq real amalga oshirsa boʻladigan ish. Agar u toʻgʻri tashkil qilinsa, aziyat va zararlarsiz boshqarish mumkin. Muhimi – barini oʻz oqimiga tashlab qoʻymaslik va asosiy koʻrsatkichlarni nazorat qilish.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Biznesda nazorat qilinishi lozim boʻlgan 14 ta omil