12:17 / 22.09.2019
4 320

Aholiga naqd xorijiy valuta sotila boshlandi: bu yog‘i nima bo‘ladi?

Aholiga naqd xorijiy valuta sotila boshlandi: bu yog‘i nima bo‘ladi?
2019 yilning 20 avgust sanasidan boshlab O‘zbekistonda tijorat banklari tomonidan dollar sotilishi yo‘lga qo‘yilgan. Chet el valutasini valuta ayriboshlash shoxobchalarida sotib olish mumkin. 21 avgustdan O‘zbekiston banklari xorijiy valutani naqd pulda sotishni boshladi. Birinchi kun ichida aholi tomonidan 15 million AQSh dollaridan ziyod valuta xarid qilingan bo‘lib, shundan 9,6 million dollar naqd ko‘rinishda amalga oshirilgan. Shuningdek, banklar aholidan 20 million AQSh dollari miqdorida xorijiy valuta xarid qilgan.

Avvalo aytish lozimki, Prezidentimizning qarori ijrosi asnosida qo‘yilgan bu qadam haqqoniy bozor iqtisodiga yetaklaydigan zarur qadamdir. Bunga qadar xorijiy valutani faqat kartalarga sotib olish mumkin edi.

Bundan sal oldin dollar kursi keskin oshgan va 9 avgust kuni Markaziy bank O‘zbekistonda dollar nega keskin ko‘tarilganiga izoh bergan edi. Unga ko‘ra, kurs oshishiga tashqi va ichki omillar sabab bo‘lgan: 2019 yilning ikkinchi yarmidan boshlab, O‘zbekistonning asosiy savdo sheriklari bo‘lgan ba'zi mamlakatlarda (Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy) milliy valutalarning qadrsizlanishi boshlangan, bu esa ichki valuta bozorimiz ishtirokchilarining almashuv kursi bo‘yicha kutilmalari va qarorlar qabul qilish jarayoniga ma'lum darajada ta'sir ko‘rsatgan. Shuningdek, yurtimizdagi asosan import qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar tomonidan xorijiy valutaga bo‘lgan talabning o‘sib borishi kuzatilgan. Bu asnoda Rossiya, Xitoy, Hindiston oltin sotib olishga kirishgan.

Inqilobiy qaror
2017 yilning 2 sentyabrida Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Valuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni e'lon qilindi. Mazkur farmonga muvofiq, mamlakatimizda valuta munosabatlarini tartibga soladigan hamda yuridik va jismoniy shaxslar xorijiy valutani erkin sotish va sotib olishga imkon beradigan yangi bozor mexanizmini joriy qilish boshlandi.

Yangi tartibga ko‘ra, endi milliy valutamizning chet el valutasiga nisbatan ayirboshlash kursi valuta birjasining banklararo elektron savdolarida valutaga bo‘lgan talab va taklifdan kelib chiqqan holda shakllantiriladigan bo‘ldi.

Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017 yil 7 fevralda imzolagan «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmonning «Iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish» deb nomlangan bo‘limida valuta siyosatini isloh qilish ushbu yo‘nalishdagi birinchi zaruriy qadam ekanligi ta'kidlangan va islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan pul-kredit, soliq-budjet va iqtisodiy siyosatning boshqa sohalarida amalga oshirilayotgan sa'y-harakatlarning samarali muvofiqlashtirilishi bilan chambarchas bog‘liqligi aniq ta'kidlangan edi.

Milliy pul birligining erkin konvertatsiya qilinishi islohotlarning taqdiri uchun hal qiluvchi ahamiyatga egadir. Konvertatsiya, eng avvalo, mamlakatimizda investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, eksportni rag‘batlantirish, korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish uchun zarur. Xorijiy sarmoyadorga qanchalik imtiyozlar berilmasin, naqadar jozibador muhit yaratilmasin, milliy pul birlik erkin konvertatsiya qilinmasa, omilkor investorlar bunday yurtga kelmaydi. Chunki u kiritgan valutasini xohlagan paytda va xohlagan miqdorda konvertatsiya qilishi, ayniqsa, o‘zi ishlab topgan foydani boshqa mamlakatga olib chiqish imkoniyatiga (huquqiga) ega bo‘lishi shart.

Aynan konvertatsiya boshlanganidan so‘ng xorijdan jalb etilayotgan sarmoyalar miqdori keskin oshdi. Bu hodisa - valuta sohasini liberallashtirish mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishni ham rag‘batlantirdi. Masalan, mamlakatimiz yuridik shaxslari tovar, ish va xizmatlar importi, foyda repatriatsiyasi, kreditlarni qaytarish, xizmat safari xarajatlari kabi to‘lovlarni amalga oshirishi uchun xorijiy valutalarni cheklovsiz sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi. Bir paytning o‘zida barcha eksportchi korxonalarning chet el valutasidagi tushumini majburiy sotish bo‘yicha talab ham bekor qilindi.

Darvoqe...
Darvoqe, 2017 yilda dollarni sotib olib, aholiga naqd valuta sotilmasligi, O‘zbekistonda konvertatsiya ochilishi bilan, horijiy valuta faqat konversion kartochkalarga o‘tkazish orqali sotilishi valuta islohoti sari to‘liq qadam qo‘yilmagani qator salbiy holatlarga sabab bo‘lib kelayotgan edi.

Garchi, rasman O‘zbekiston hududida dollarda savdo qilinmasa-da, xalqimiz yillar mobaynida bo‘lgani kabi savdo-sotig‘ini dollarda qilishda davom etdi. Uy-joylar, avtomashinalar savdosi dollarda hisob-kitob qilinar, bozorda ham biror ashyoga xaridor bo‘lsangiz, sotuvchi «falon so‘m» deb narxni aytish o‘rniga, qo‘liga kalkulyator olib, ashyoning dollardagi narxini o‘sha kungi «qora bozor» narxiga ko‘paytirib, keyin aytardi. Hatto poralar ham dollarda olinadi.

Bozorda nega narx oshganini aytsangiz, import mollarni emas, hatto guruch yo pomidor sotuvchi ham to hanuz dollar kursi oshganini bahona qiladi.
Bank dollarni fakat kartochkaga tushirib berishi, nakd dollarni sotmasligi «qora bozor» yanada kuchayishiga olib keldi.

Nega chetga chiqmaydigan oddiy xalq ham dollarni afzal ko‘radi?
Avvalo, real inflatsiyaning sur'ati bunga sababdir, bu odamlarni zo‘rg‘a orttirgan bir-ikki tangasini ham valutada saqlashga undaydi. Kattaroq xarajatlarga – imorat qurishga, mashina olishga, o‘qishga «kiritish»ga va hokazolarga yig‘adigan pulini xalq dollarda saqlaydi, chunki so‘mda qadrsizlanadi. Yuqorida aytganimizdek, salmoqliroq hamma narsa bozorda, dollarga chaqilib, sotiladi. Konversion plastik kartaga tushgan valutani faqat chet elda ishlatish mumkin, xolos. Buning ustiga valutani naqdga aylantirish chog‘i foiz yo‘qotiladi, kartadan ustama foiz ololmaymiz, qoldiq kapitalizatsiyasi ham mavjud emas – ya'ni sizning pulingizni bank aylantirib, foyda ko‘radi, xolos.

Shu o‘rinda muhim bir gap – hali-hanuz kuchda bo‘lgan monopoliyachilar o‘z bozorlarida narxlarni ko‘tarishga urinishi ham so‘mni qadrsizlantiradi. Sun'iy monopoliya yuzaga kelgan soha va bozorlarda raqobatni kuchaytirish uchun bu masalani o‘ylab chiqish kerak. Bu inflatsiyani to‘xtatib turish nuqtai nazaridan ham, raqobatni rivojlantirish nuqtai nazaridan ham muhimdir.

2017 yildan 2019 yilning avgust-sentyabrigacha bozorning asosiy ishtirokchilari valuta sotish va xarid qilish bo‘yicha ehtiyojlarini banklar orqali qanoatlantirdi. Faqat aholining naqd valutaga bo‘lgan talabi qanoatlantirilmayotgandi. Naqd valuta kerak bo‘lganlar xalq faqat qora bozorga borardi.

Albatta, qora bozor ancha kichik hajm va almashuv kursidagi minimal farq bilan ancha vaqt yashashi mumkin. Uni batamom yo‘qotish uchun valuta almashtirish punktlarini har bir ehtiyoj bo‘lgan, zarur yerda ochish lozim. Bozor va bank kurslari farqini minimumga yetkazish uchun aholining ham naqd dollar xarid qilish imkoniyatini ta'minlash kerak edi.

Shu ma'noda valutaning aholiga erkin sotila boshlangani inqilobiy qadamdir. Endi bu sohada u ham boshqa bozorlardagi kabi talab va taklif qonunlari amal qiladi.

Valutani bozorga kim taklif etadi?
Eng avvalo, mamlakatimizdan mahsulotni chetga eksport qiluvchilar valutani sotadi, chunki ular ishchilarga maoshlarni so‘mda to‘lash, xomashyo xarid qilish, elektr energiyani to‘lash va boshqa xizmatlar uchun, daromadidan O‘zbekistonda foydalanish uchun valutani sotishi lozim. Valutaning salmoqli qismi chetda ishlayotgan mehnat migrantlaridan keladi. Qolaversa, yurtimizda zavodlar-qurayotgan, yangi texnologiyalar kiritayotgan, quruvchi, bichuvchi, tikuvchi va hokazo xodimlarni ishlatayotgan, ashyo va uskunalar sotib oladigan chet ellik sarmoyadorlar dollarini so‘mga aylantiradi. Chunki hozircha bizda yagona aylanadigan valuta so‘mdir.

Valutani kimlar talab qiladi?
Valuta mamlakatga mahsulot kirituvchilarga – importchilarga kerak. Chetga dam olish, sayohat, ishlash, o‘qish uchun bormoqchi bo‘lgan kishilarga kerak. O‘z jamg‘armalarini chet el valutasida saqlovchilarga lozim, chunki odamlarimiz milliy valutaga hali ishonqiramay turishibdi.
Ana shu talab va taklif ham almashuv kursini shakllantiradi.

Ayrimlar konvertatsiya joriy etilgani tufayli iqtisodiyotning dollarlashuvi kuchayadi degan xavotirni bildiradi. Bu noto‘g‘ri qarashdir. Iqtisodiyotimiz aynan konvertatsiya yo‘qligi va doimiy valuta yetishmovchiligi tufayli dollarlashgan edi. Kattaroq narsalar xarid qilish kabi ko‘plab bitimlar hamon dollarda amalga oshirilgan. Ko‘plab tovarlar rasman dollarlarda sotilgan: aviachiptalar, paxta, ip-gazlama va boshqalar. Dollarlashuvning yuqori darajasi aynan valuta taqchilligi va uni xarid qilish qiyinchiliklari bilan bog‘liqdir.

2019 yil 20 avgustdan kiritilgan erkin konvertatsiya bo‘yicha navbatdagi qadam dollarlashuvning ko‘plab sabablarini bartaraf etadi.

Endi bank islohotlariga ehtiyoj jiddiylashdi - banklar imkoniyatlari kengayishi kerak, bank sohasidagi raqobat kuchayishi lozim.

Alal-oqibat...
Albatta, naqd valutani erkin sotishni 2017 yil sentyabridayoq kiritish mumkin edi va biz bugun bir qadar oldinga sidjigan bo‘lardik. Uni kechiktirish faqat hadik va xavotirlar, jur'atsizlik bilangina izohlanishi mumkin. Bu holat «qora bozor»ning pul aylanmasi katta bo‘lib qolishiga olib keldi. Naqd valutaning endi erkin sotilishi uning aylanmasini sezilarli qisqartiradi. «Qora bozor»ning keyingi saqlanishiga pul almashtirish punktlari rivojlanmagani, ular ishlash vaqtining cheklangani, mamlakatimizda kontrabanda va «yashirin» import saqlanib qolishiga, ayrim mahsulotlarni olib kirishga davlat bojlari baland qolayotganiga va import yo‘liga qo‘yilgan boshqa proteksionistik to‘siqlarga bog‘liqdir.

Valuta erkinlashuvi almashtirish kursining tebranishlariga sabab bo‘ladi, albatta. So‘m bir qadar qadrsizlanishi mumkin. Bu jarayondan mamlakatdan mahsulot chiqarib, sotuvchilar yutadi, chetdan mahsulot olib kiruvchilar, valutada kredit olganlar biroz yutqazadi. Narxlar bir qadar oshadi. Shu bilan birga, istiqbolda ishlab chiqarish o‘sadi va aholi bandligi ta'minlanadi.

Endi inflatsiyaning asosiy sabablaridan bo‘lgan pul emissiyasi va «imtiyozli kreditlash» tizimini isloh qilish kerak. Bugun pul emissiyasining asosiy manbasi – imtiyozli kreditlar berish bo‘lib qolmoqda. Bank sektorining 80 foizdan ortiq aktivlari hukumat va turli davlat idoralariga tegishli bo‘lgan bir sharoitda, kredit emissiyasi nazorat qilinmaydi, bank sektori, goho xususiy banklar ham imtiyozli kredit berishga qat'iy da'vat qilinadi. Imtiyozli kredit bergan banklar zarar ko‘radi.

Masala ko‘ndalang qo‘yilishi kerak: banklar bozor sharoitida ishlashi kerak, davlat kredit sektoriga ma'muriy tarzda aralashmasligi kerak, aks holda hech qachon bozorda barqaror narxlar barqaror bo‘lmaydi va valuta almashtirish kursi sakrashda davom etmaydi.

Halol va haqqoniy bozor iqtisodi haqqi-hurmati imtiyozlardan kechish kerak. Monopolistlar tinimsiz qo‘lga kiritayotgan imtiyozlardan ham, ularning cho‘ntagini qappaytirish uchun berilayotgan imtiyozli kreditlardan ham, 40 foizdan oshgan kredit emissiyasidan ham voz kechish shartdir. Bu holat inflatsiyaning asosiy manbaidir – u iqtisoddagi raqobatni o‘ldirmoqda, ya'ni ishlab chiqaruvchilarni teng bo‘lmagan sharoitga duchor qilmoqda – ayrim shaxslarning biznesi rivojlanib, boshqalariniki o‘lib bormoqda. Bir toifaga imtiyozli kredit bergan bank boshqa tijorat loyihalariga foiz stavkasini oshirishga majbur.

Davlat va hukumat ham, bank va mijozlar ham cho‘ntagiga yarasha yashashi kerak. Ulkan loyihalar va mahobatli obektlar imtiyozli moliyalashtirilishi uchun butun iqtisod azob chekishi – yuqori inflatsiya va devalvatsiyaga mahkum bo‘lishi, yuqori soliq stavkalari saqlanishi aniqdir. Eng avvalo xususiy sektorni rivojlantirish, ishlab chiqarishni moliyalashtirish, fuqarolarning daromadlarini oshirish kerak. «Asrga tatigulik» ulkan inshootlar yuksalishi oddiy fuqarolarning daromadi tinmay u yoki bu sabab bilan davlatga qaytarilishiga olib kelmoqda.

Yuqori soliqlar, kommunal xizmatlar – gaz, suv, benzin va hokazolarning narxi tinimsiz oshishi, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalarning narxi asta-sekin mashinaning narxiga yaqinlashib borayotgani, ketma-ket boj to‘lab pasport almashtirishlar, hatto hayvonlarga pasport kiritish, majburiy sug‘urtalarning mashinalarga ham, mana kelgusida odamlar sog‘lig‘ining ham majburiy sug‘urtalanishi, elektr narxini to‘lashning diffrensiyalashuvi va hokazolar xalq tobora og‘ir sharoitga tushishiga olib kelmoqda.

Uylar yuksak va salobatli bo‘lsa-yu, uning ichidagi inson baxsiz bo‘lsa, islohotlarda pirovard ma'ni bo‘lmaydi. Axir, Prezident Shavkat Mirziyoyev aytganlari kabi: «Xalq davlatga emas, davlat xalqqa xizmat qilishi kerak!»

Karim BAHRIYeV

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Aholiga naqd xorijiy valuta sotila boshlandi: bu yog‘i nima bo‘ladi?