Foto: Transport vazirligi axborot xizmati
Joriy yilning 22 iyul kuni videokonferensaloqa shaklida O‘zbekiston, Afg‘oniston va Eron vakillari ishtirokida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, uchala tomon uchun birdek manfaatli bo‘lgan istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda O‘zbekiston tomoniga transport vaziri Elyor G‘aniyev, Afg‘oniston tomoniga mamlakat transport vaziri Yamo Shams, Eron tomoniga esa mamlakatning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi rahbarlik qildi.
Onlayn muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekiston transport vaziri Elyor G‘aniyev bugun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sabab davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar jiddiy ravishda murakkablashib borayotganini, mazkur vaziyatda mamlakatlar o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shma qarorlar qabul qilish zarurligini davrning o‘zi taqozo etayotganini alohida qayd etib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, boshqa davlatlar o‘rtasidagi yuk tashish hajmi pasayishi kuzatilayotgan bir davrda Afg‘oniston yo‘nalishida yuk tashuvlar hajmi umumiy dinamikasi barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida temir yo‘l transporti orqali Afg‘onistondan va Afg‘onistonga yuk tashuvlari hajmi 2,5 mln. tonnani tashkil etdi. Bu 2019 yilning mos davriga nisbatan 50,6 foiz o‘sishga erishilganini anglatadi.
Aynan shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston hududida amalga oshirilayotgan transport koridorlarini rivojlantirish bilan bog‘liq infratuzilma loyihalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni shu jihatlardan kelib chiqqan holda uchrashuvda transafg‘on temir yo‘lining qurilish masalasi hamda “Shimol-Janub” transport koridori doirasida Eronning “Choxboxor” porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, uchrashuvda tomonlarning tranzit potensialini yanada rivojlantirishda mavjud qator muammolar xususan, tarif masalalari, yuk tashuvlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan TIR tizimidan to‘liq foydalanish, istiqbolda elektron TIR tizimini joriy etish va davlatlar chegaralaridagi bojxona infratuzilmalarini yaxshilash kabi masalalarni hamkorlikda hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha fikr almashildi.
Tomonlar mavjud muammolarni hal etish, davlatlar o‘rtasida yuk tashish va tranzit qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish masalalarini tartibga soluvchi yangilangan xalqaro hujjatni imzolash zarurligini alohida qayd etib o‘tishdi. Shu munosabat bilan Eronning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi hamkorlikdagi loyihalarni davom ettirish maqsadida davlatlar o‘rtasida maxsus ishchi guruhini tashkil etish va transport sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yangi bitim imzolashni taklif qildi. Tomonlar yangi hujjatni shakllantirish uchun uch tomonlama ekspertlar kengashini tashkil etishga kelishib olishdi.
Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni Eron – Afg‘oniston – O‘zbekiston yo‘nalishida ilk avtokarvonni tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu avtokarvonning tashkil etilishi yo‘nalish bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lishga va ularning yechimi yuzasidan aniq choralarni ko‘rishga imkoniyat yaratadi. Mazkur taklif Afg‘oniston va Eron tomonidan ham ma’qullandi.
Eron tomoni aynan mazkur yo‘nalishda multimodal transport koridorini tashkil etish davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishga katta turtki berishini alohida qayd etib o‘tdi. Muhammad Islomi shuningdek, 2021 yilda Eron tomoni Choxboxor portidan mamlakatning Zaxedon shahrigacha temir yo‘l qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini bu esa o‘z navbatida davlatlar o‘rtasida yuk tashuvlar hajmining ortishiga hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tdi.
Afg‘oniston transport vaziri Yamo Shams davlatlar o‘rtasidagi transport va tranzit aloqalarini rivojlantirishga va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirdi. Eron – Afg‘oniston – O‘zbekiston yo‘nalishida ilk multimodal avtokarvonni tashkil etish va bu jarayonda xavfsizlik masalalari Afg‘oniston hukumati tomonidan to‘liq ta’minlanishini ta’kidlab o‘tdi. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi