14:30 / 22.09.2020
2 911

Xorazmda qovundan tuzlama tayyorlanmoqda

Xorazmda qovundan tuzlama tayyorlanmoqda
Qadimdan Xorazm qovunlarining dovrug‘i yetti iqlimga ma’lum bo‘lgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, vohada qovunning 400 dan ziyod navlari yetishtirilgan.

Xorazm qovunchilik maktabi dovrug‘ini qayta tiklash maqsadida Urganch davlat universiteti qoshida qovunchilik markazi tashkil etilib, polizchilik yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan edi. Markaz ilmiy izlanuvchilari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, qovunning o‘rta pishar gurak, qora gurak, oq novvot, suyunchi kabi qadimiy navlari qayta tiklanmoqda.

— Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun ajratilgan 7 gektar maydonda 125 xildagi qovun navlari bo‘yicha tajribalar olib boryapmiz, – deydi Urganch davlat universiteti qovunchilik bo‘limi boshlig‘i Sanjar Sa’dullayev. – Maqsadimiz Xorazm qovunlari dovrug‘ini qayta tiklash, yo‘qolib borayotgan navlarni asrab, voha tuproq va iqlim sharoitiga mos, eksportbop navlarni ko‘paytirishdan iborat. Shu bilan birga qovunni issiqxona xamda ochiq dalalarda yetishtirish bo‘yicha ilmiy klaster loyihasini tashkil qilish ustida ham ish olib bormoqdamiz.

Odatda polizda asosiy hosil yig‘ishtirib olingach palakda pishib yetilmay qolgan mushtday kattalikdagi qovunlar chorva mollariga berilardi. Markaz xodimlari bunday qovunlardan tuzlama tayyorlashni yo‘lga qo‘ydilar. Muhimi yangi mahsulotga xorijiy hamkorlar katta qiziqish bildirib, eksport qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, bu yil viloyatda 12 ming gektar maydonda qovun yetishtirildi. Tilimi tilni yoradigan Xorazm qovunlari Yaponiya, Germaniya, Koreya, Rossiya kabi qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda.

Odilbek Odamboyev

Manba: Xs.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Xorazmda qovundan tuzlama tayyorlanmoqda