21:12 / 27.11.2020
3 416

Asossiz gumonni asosli qiyos sinovidan o‘tkazamiz. O‘zbekistondagi o‘sishni shubha ostiga olgan O‘ljas Tuleuovga javob

Asossiz gumonni asosli qiyos sinovidan o‘tkazamiz. O‘zbekistondagi o‘sishni shubha ostiga olgan O‘ljas Tuleuovga javob
Ushbu material u yoki bu tomonning manfaatlarini ko‘zlab tayyorlanmagan, unda shunchaki shaxsiy fikr bildiriladi.
Qozog‘iston Milliy banki raisining maslahatchisi Tuleuov O‘ljas yaqinda bergan intervyusida Qozog‘istonning YEOII tarkibiga qo‘shilishdan oladigan manfaati haqida gapirar ekan, u so‘nggi yillarda axborot makonida Markaziy Osiyodagi O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida yetakchilik uchun raqobat mavzusida ham so‘z yuritdi. Jumladan, quyidagilar aytilgan:

«Men Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyasida (Yevropa Ittifoqi va, xususan, Rossiya bilan integratsiya masalasida – tahririyat) katta salohiyat ko‘rmoqdaman. Chunki O‘zbekistonda iqtisodiyot, umuman, siyosat liberallashuvi mavjud bo‘lsa-da, har yilning oxirida chiqadigan, O‘zbekiston birinchi raqamli davlatga aylangani, u yerda hammasi zo‘rligi haqidagi maqolalar, mening fikrimcha, katta afsonadir.

Men hamkasblarim, o‘zbekistonlik do‘stlarim bilan tez-tez muloqot qilaman, ular aslida bunday emasligini ta’kidlaydi. Albatta, taraqqiyot bor, lekin ko‘rsatilayotganichalik emas. O‘ylaymanki, yaqin 10–15 yil ichida O‘zbekiston Qozog‘iston shu davrda erishgan natijalariga erisha olmaydi. Ammo, shunga qaramay, O‘zbekiston endi YEOIIga kuzatuvchi sifatida qo‘shilishi mumkin. Menimcha, Qozog‘iston bu yo‘nalishda integratsiyani kuchaytirishi kerak
».

Savol tug‘iladi: O‘zbekiston Qozog‘iston Respublikasi erishgan natijalarga erisha olmasligiga buncha ishonch qayerdan keldi? Shu bilan birga, birinchisidan kelib chiqadigan ikkinchi savol: aynan qaysi natijalar va qaysi yo‘nalishdagilari? Gapirildimi, dangal aytilishi kerak. Bunday gaplarni OAV xodimlari yoki mutaxassislar guruhi gapirganda ham tushunsa bo‘lar edi, lekin anchayin yuqori mansabdor shaxs bu haqda umumlashtirilgan tarzda va aniq faktlarsiz gapirsa, bu bir oz noto‘g‘ri eshitiladi va shu bilan birga ko‘plab savollar tug‘diradi.

Asosli taqqos
Iqtisodiy rivojlanish dinamikasi va ayrim tarmoqlarning yuzaki taqqosi ham buning aksini ko‘rsatmoqda. Shunday qilib, so‘nggi yilda O‘zbekistonda YAIM o‘sish sur’atlari Qozog‘istonga nisbatan yuqori bo‘lib kelmoqda. MDH Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2019 yilda O‘zbekistom YAIMi 2010 yilga nisbatan 76 foizga, Qozog‘iston YAIMi esa 44 foizga o‘sdi. 2000 yildan beri O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi 2,7 barobar, Qozog‘istonda 2,5 baravar oshdi. Shu davrda O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarilish hajmi 2,7 barobar, Qozog‘istonda 1,9 baravar oshdi.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi haqida gap ketganda, bir ajoyib faktni keltirib o‘tish kerak: SSSR davridagi statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1988 yilda Qozog‘iston SSRda qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqarish hajmi O‘zbekiston SSRdan yuqori bo‘lgan. 1988 yilda Qozog‘iston SSRda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 1983 yil bilan solishtirma narxlarda 15,8 milliard rubl, O‘zSSRda esa 10,9 milliard rublni tashkil etgan. 2019 yilda Qozog‘istonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 5 216,5 milliard tenge (13,5 milliard dollar), O‘zbekistonda esa 224 265,9 milliard so‘m (25,4 milliard dollar) bo‘lgan.

Ikki mamlakatdagi sarmoyaviy faoliyat eng muhim va juda aniq ko‘rsatkichlardan biridir. Asosiy kapitalga sarmoyalar 2000 yildan buyon O‘zbekistonda 10,4 barobar, Qozog‘istonda 7,6 baravar oshdi.

Infografika: MDH xalqaro statistika qo‘mitasi
Grafikdan ko‘rinib turibdiki, uzoq vaqt davomida Qozog‘iston iqtisodiyotiga sarmoya ilg‘or sur’atda kirib kelgan. Biroq so‘nggi yillarda vaziyat o‘zgarishni boshladi. Oxirgi yillarda O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish, nafaqat iqtisodiyotda, balki davlat va jamiyatning boshqa sohalarida olib borilayotgan islohotlar investitsiyalarning keskin ko‘payishiga olib keldi.

Shu bilan bir qatorda, ikki mamlakat iqtisodiyoti xilma-xil tuzilganini ham hisobga olish zarur. Iqtisodiy rivojlanishning amaldagi modelidagi sezilarli farqlar ikki mamlakat hukumatlarining ham dolzarb, ham uzoq muddatli vazifalarni hal qilishdagi turlicha yondashuvini belgilab beradi. Shuning uchun qo‘shni davlat rivojlanishining asossiz prognozini berish unchalik ham to‘g‘ri emas.

Masalan, O‘zbekistonda sanoat ishlab chiqarishi xilma-xil, Qozog‘istonda bir tomonga – tog‘-kon sanoatiga yo‘nalgan. Shunday qilib, Qozog‘istonda qazib olish sanoatining ulushi sanoat mahsuloti umumiy hajmining 55,4 foizini, qayta ishlash sanoatining ulushi 38,5 foizni tashkil etadi. O‘zbekistonda asosiy qism ishlab chiqarish sanoatida – 79 foiz, tog‘-kon sanoatida – 13, 5 foizga to‘g‘ri keladi.

Hatto yuqorida keltirilgan yuzaki taqqos ham ikki mamlakat rivojlanish darajasini kategorik taqqoslashning noto‘g‘riligi haqida gapirishga asos bo‘la oladi. Shu o‘rinda ta’kidlash kerakki, gap Qozog‘istonning iqtisodiy rivojlanish natijalarining ahamiyati kamligi haqida emas, birinchi o‘rinda, ikki mamlakat iqtisodiyoti ularning taqqos raqobatdosh ustunliklari asosida rivojlanib borayotgani haqida ketmoqda. Qozog‘iston iqtisodiyotining rivojlanish xususiyatlarini uglevodorodlar, metallarning katta zaxiralari, g‘allachilikni rivojlantirish uchun qulay sharoitlar va unni maydalash sanoati kabilar tashkil qilgan bo‘lsa, bu ro‘yxat O‘zbekistonda quyidagicha: muhim kadrlar mavjudligi, meva-sabzavotchilik, rangli metallurgiya, yengil sanoatni rivojlantirish uchun qulay sharoit va boshqalar.

Amaldagi siyosatning qiyosiy ustunliklaridan qanchalik samarali foydalanilayotgani va rivojlangani haqida gapiradigan bo‘lsak, unda Qozog‘istonni ham mavjud davlat va xo‘jalik yuritishning institutsional tizimi O‘zbekistonga qaraganda samaraliroq, deb ayta olmaymiz, O‘zbekistonni ham resurslardan samaraliroq foydalanmoqda, deb ayta olmaymiz. Shuni ta’kidlash kerakki, mustaqillikni qo‘lga kiritgandan so‘ng davlat boshqaruvining samarali modelini yaratish jarayonlari Qozog‘istonda, shuningdek, O‘zbekistonda ham turli darajadagi muvaffaqiyatlar bilan davom etmoqda va bugungi kunda ham Qozog‘istonning ushbu sohadagi har qanday samarali yutuqlari haqida gapirishga hojat yo‘q.

Buni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayevning joriy yil 1 sentabrdagi murojaatnomasi tasdiqlaydi. Uning doirasida davlat sektorida islohotlar e’lon qilindi. O‘zbekistonda 2017 yilda butun institutsional tizimni keng miqyosda isloh qilish boshlandi, bu bugun ham davom etmoqda, u davlat hamda jamiyat boshqaruvining samarali mexanizmlari topilmaguncha davom etadi.

O‘zbekistonda davlat boshqaruvi tizimi mamlakat rahbariyatining siyosiy yo‘nalishi va aholi hamda iqtisodiyot ehtiyojlari asosida o‘zgarishni davom ettirmoqda. So‘nggi yillarda mamlakatni hayotning barcha sohalarini qisqa va uzoq muddatli rivojlantirish uchun 100 dan ortiq hujjat qabul qilindi. Masalan, o‘tgan yilning noyabr oyida qishloq xo‘jaligini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi. Taqqoslash uchun, Qozog‘iston hozirgi kunda agrosanoat majmuasini rivojlantirish bo‘yicha besh yillik milliy loyihani ishlab chiqmoqda, uning doirasida O‘zbekistonda tasdiqlangan ko‘rsatkichlarga o‘xshash ko‘rsatkichlar belgilanadi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda shuni ta’kidlashni istardimki, yuqori davlat lavozimini egallagan kishining jiddiy tahlillarsiz, «hamkasblar bilan muloqot»ga asoslangan xulosalarini asosli, deb aytib bo‘lmaydi.

Ba’zi yo‘nalishlarda Qozog‘iston muayyan choralarni ko‘radi, keyinchalik u O‘zbekistonda amalga oshiriladi, ba’zi yo‘nalishlarda esa O‘zbekiston Qozog‘istonga qaraganda tartibga solishning ayrim vositalari va mexanizmlarini ertaroq joriy etadi. Lekin shuni anglash kerakki, muayyan choralar mamlakatlar o‘rtasida siyosiy yoki iqtisodiy raqobat uchun emas, aholi farovonligini oshirishga va inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan raqobat emas, balki hamkorlik, sa’y-harakatlarning sinergiyasini keltirib chiqaradigan va ikkala tomon uchun samarani ko‘paytiradigan hamkorlik shakllarini izlash muhimroqdir. Ikki qardosh xalqning foydasi uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik nuqtalarini izlash ikki qo‘shni davlatlarning rivojlanish dinamikasini o‘lchashdan ko‘ra ancha konstruktiv, samarali va foydaliroqdir.

Raqobat emas, hamkorlik
O‘ljas Tuleuov intervyuda shu haqda ham gapirdi:
«Men Qozog‘istonning Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyasida katta salohiyatni ko‘rmoqdaman (Yevropa Ittifoqi va, xususan, Rossiya bilan integratsiya to‘g‘risida – tahririyat). Menimcha, Qozog‘iston bu yo‘nalishda integratsiyani kuchaytirishi kerak».

Yuqorida ta’kidlab o‘tilganidek, mavjud iqtisodiy manbalardagi farqlar tufayli O‘zbekiston va Qozog‘iston iqtisodiyoti raqobatdosh bo‘lishdan ko‘ra bir-birini to‘ldiradi. Oxirgi yillarda, asosan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan tashqi siyosatidagi o‘zgarishlar tufayli bu haqiqat tobora ravshanlashib bormoqda. 2017–2019 yillar mobaynida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi sezilarli darajada oshdi. 2016 yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi hajmi 1,9 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda u 77 foizga o‘sib, 3,4 milliard dollarga yetdi; 2016 yilda Qozog‘iston bilan savdo ulushi O‘zbekiston tashqi savdo hajmida 7,8 foizni, 2019 yilda esa 8 foizni tashkil etdi.

Qozog‘iston Milliy statistika byurosi ma’lumotiga ko‘ra, respublikaning Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan tovar ayirboshlashi 2016 yilda 3,1 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 5,3 milliard dollarga yetdi va 72 foizga o‘sdi. Eng katta o‘sish Qirg‘iziston va O‘zbekiston bilan savdo-sotiqda qayd etildi. Qozog‘iston eksportining umumiy hajmida 2019 yilda O‘zbekistonga eksport ulushi 3,4 foizni tashkil etdi (2016 yilda 2,5 foiz edi); bu ulush importda 2019 yilda 3,6 foizga yetdi (2016 yilda 2,3 foiz edi).

2019 yilda sarmoyaviy hamkorlikda Qozog‘istondan O‘zbekistonga investitsiyalarning sezilarli darajada o‘sishi kuzatilmoqda (2017 yilga nisbatan 23 baravar ko‘p). Ushbu investitsiyalarning diversifikatsiyasi ham qayd etildi. Bu ko‘rsatkichlar nisbatan qisqa vaqt ichida erishilgan natijalarni namoyish etadi. So‘nggi yillarda sarmoyaviy hamkorlik va kooperatsiya sohasida ikki iqtisodiyotning raqobatdosh ustunliklarini birlashtirishda sifat o‘zgarishi yuz berdi. Bunday hamkorlikning yorqin misollari mavjud. Masalan, o‘zbek avtomobillari Qozog‘iston hududida yig‘iladi, O‘zbekistonda Qozog‘iston bankining filiali, KazakhExport vakolatxonasi ochildi, tovarlarning chegarada harakatlanishi osonlashtirildi va boshqa qulayliklar yaratildi.

Biroq iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish salohiyati juda katta bo‘lib qolmoqda va tomonlar uni amalga oshirishga intilmoqda. Hozirda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi realizatsiya qilinmoqda. Sayyohlik va transport sohasidagi hamkorlik masalalari ishlab chiqilmoqda, xususan, Silk Visa yagona vizasini joriy etish, Turkiston va Chimkentni O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bilan bog‘lovchi tezyurar temiryo‘l ishga tushirilishi ko‘rib chiqilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘istonning eng istiqbolli qo‘shma loyihalaridan biri «Markaziy Osiyo» xalqaro savdo-iqtisodiy hamkorlik markazini ochishdir. Uning doirasida tovar ayriboshlash hajmi 5 milliard dollarga yetishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkichga bu yil erishilishiga koronavirus pandemiyasi to‘sqinlik qildi. Kelajakda mamlakatlar o‘zaro savdo hajmini 10 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda.

Xulosa o‘rnida O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari oxirgi yillardagi ikki tomonlama munosabatlarning dinamikasiga qarab, o‘zaro manfaatli hamkorlikka yo‘naltirilgan siyosatning asosiy oqimida konstruktiv muloqot orqali har qanday qarama-qarshiliklarni yoki kelishmovchiliklarni olib tashlab, raqobat borasida axborot makonidagi ishtiyoqlarga e’tibor bermasliklarini ta’kidlab o‘tmoqchiman. Axir hamkorlikka e’tibor har ikki mamlakatning rivojlanishini tezlashtirishga yordam beradi.

Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Iqtisodiyot » Asossiz gumonni asosli qiyos sinovidan o‘tkazamiz. O‘zbekistondagi o‘sishni shubha ostiga olgan O‘ljas Tuleuovga javob