O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 23 mart kuni iqtisodiyot barqarorligini taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
– Koronavirus pandemiyasi paytida hamma sohalarni og‘ir sharoitdan olib chiqish bo‘yicha qarorlar qabul qilganimiz o‘z natijasini berdi. Hozirgi vaziyatda ham xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilishimiz kerak. Dunyoda bo‘layotgan voqealar natijalarga salbiy taʼsir ko‘rsatmasligi uchun aniq chora-tadbirlarni belgilab olishimiz zarur. Ayniqsa, tadbirkorlarga yengillik yaratib, har tomonlama qo‘llab-quvvatlashimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan kelib chiqib, yig‘ilishda iqtisodiyot rivojining bugungi holati tahlil qilindi va qo‘shimcha choralar belgilandi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga tadbirkorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatib, ularning loyihalari, ishlab chiqarish faoliyati, eksport-import amaliyotlariga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Tarmoq va hududlarda kunlik monitoring o‘rnatib, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xatarlarning oldini olish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi. Tadbirkorlik subyektlariga aylanma mablag‘alarini to‘ldirishi uchun revolver kredit berish tizimini yana-da soddalashtirish zarurligi aytildi.
Prezidentimiz eksport masalasiga ham to‘xtalib, eksportchi korxonalarning transport-logistika masalalarini hal qilib borish, ularning transport xarajatlarini qisman qoplash amaliyotini kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.
Maʼlumki, bugungi kunda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berishda muammolar kuzatilmoqda hamda ularning narxi sezilarli oshmoqda. Shu bois, Vazirlar Mahkamasiga ichki bozorda narxlar barqarorligini taʼminlash, bug‘doy, o‘simlik yog‘i, shakar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlarini import qiluvchi tadbirkorlarga ko‘maklashish orqali aholi talabini qondirish bo‘yicha qo‘shimcha topshiriqlar berildi. Shuningdek, inflyatsiya darajasini kamaytirish va uning maqsadli ko‘rsatkichlarga tezroq qaytishini taʼminlash Hukumatning asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi.
Markaziy bankka tashqi valyuta bozoridagi noaniq vaziyatni inobatga olgan holda, ichki valyuta bozori barqarorligi va almashuv kursi moslashuvchanligini taʼminlashda ehtiyotkorona yondashuvni qo‘llab borish muhimligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda ichki valyuta bozoridagi holatni kunlik kuzatib, tadbirkorlarni, umuman, xalqimizni joriy vaziyat, kutilayotgan o‘zgarishlar va ko‘rilayotgan choralar haqida xabardor qilish kerakligi taʼkidlandi. “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Josep Borrel: “Xalqaro jinoyat sudining Netanyaxuni hibsga olish bo‘yicha qarori ijro etilishi shart”
Metabolizm sekinlashganining belgilari
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Superliga. OKMK safarda "Paxtakor"ni mag‘lub etdi va 11 yillik qora an’anaga chek qo‘ydi
Har payshanba jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanadi