16:36 / 01.06.2022
1 754

«Bizga «vecher» kerak emas, o‘rniga Turkiyaga sayohat qilib kelamiz»

«Bizga «vecher» kerak emas, o‘rniga Turkiyaga sayohat qilib kelamiz»
Kichik o‘g‘limni Andijon viloyatidan uylantirdik, o‘zimiz Samarqand viloyatidan. Ikki tomonni urf-odatlarini moslashtirib, o‘rtaliqni topishga rosa qiynaldik, rosti.

To‘y yaqinlashganda o‘g‘lim «bizga 400-500 kishilik to‘yni keragi yo‘q, hamma o‘zbekcha urf-odatlarimizni qilamiz, lekin «vecher» kerak emas, shuni o‘rniga Turkiyaga o‘n kunlik sayohat qilib kelamiz» dedi.

To‘g‘risini aytaman, yuragim shuv etdi. Odamlarning gapiga e’tibor bermayman deydiganlardan bo‘lsam ham, baribir birinchi bo‘lib xayolimga «odamlar nima derkin, o‘g‘liga to‘y qilib berolmapti, demaydimi?» degan gap keldi. Ancha o‘ylanib yurdim, bir-ikki tanishlarga, o‘rtoqlarimga aytsam, kimdir «voy muncha zo‘r, havasim keldi» desa, kimdir «yo‘g‘a, baribir «dux»ingiz yetmaydi, odamlar gapiradi» dedi... Xullas, bo‘lajak kuyov bilan kelin gapida turib olishgach, qudamga sekiiin aytdim.

Ular ham rosa ikkilanishdi.

O‘g‘lim «nikoh o‘qitamiz, qiznikida nahor osh beramiz, Andijonda qizbazmi degan to‘y bor ekan uniyam qilamiz, Samarqandcha chimildiq to‘yini ham qilamiz, ana juda ko‘nglingiz bo‘lmasa, sayohatdan qaytib kelganimizdan keyin Samarqandda kelinoshi kabi urf-odatlarimizni hammasini qilamiz. Faqat 300-400 kishini chaqirib, to‘yxonani to‘rida 2 soat qotib o‘tirishni xohlamaymiz. Undan ko‘ra, ikkalamiz Istanbul, Pamukkale, Koniya, Antaliya shaharlarini tomosha qilib kelaylik... Hamma to‘ylarni qisqartirish haqida gapiradi, lekin hech kim boshlab berishni xohlamaydi» degach, ikkilanishim tarqab, rozi bo‘ldim.

Xullas, Andijonda barcha to‘ylarni o‘tkazdik. Kelinni olib kelgach, ZAGSga kelinni o‘zimizni uydan barcha qoidalari bilan chiqardim. Ota-onasini uyidan chiqqandek qilib musiqayu, yo‘laklarni bezatishlarigacha qildik.

Bekorga xavotir olgan ekanman, hamma tanishlar va qarindoshlar juda chiroyli to‘y bo‘ldi deb maqtashdi. «Vecher» orqali bo‘ladigan isrofgarchilikni yuzaga keltirgandan, qo‘shiqchilarni qatorlashtirib chaqirgandan ko‘ra, shunaqa to‘y qilsa ham bo‘larkanku, dedi ko‘pchilik.

Ehtimol, ba’zilar buni ma’qullamas, lekin biz farzandlarimizning ko‘ngliga qarab, qarorini ma’qulladik.

Ha, aytgancha, Andijonda 40 kun kuyovnikiga mazar tashish (uch mahal ovqat) odati bor ekan. Qudamga kerak emas, biznikiga hech narsa tashimang, deb bu urfni qilmasliklarining ham oldini oldim.

Shoshib qolganimda doim yordam qo‘lini cho‘zadigan do‘stlarimga, ishxonada ish qaynab turganiga qaramay, tushunib, navbatdan tashqari ta’tilga ruxsat bergan rahbarimizga va yo‘qligimni bildirmay turgan hamkasbimga, yonimda turgan barcha do‘stlarimga, qarindoshlarimga ming-ming rahmat! Boringizga shukr, yaxshilar!

Jurnalist Dilfuza Sobirovaning
Facebook sahifasidan olindi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » «Bizga «vecher» kerak emas, o‘rniga Turkiyaga sayohat qilib kelamiz»