20:05 / 03.07.2022
1 522

Shavkat Mirziyoyev ommaviy tartibsizlik aybdorlari muqarrar jazoga tortilishini aytdi

Shavkat Mirziyoyev ommaviy tartibsizlik aybdorlari muqarrar jazoga tortilishini aytdi
Shavkat Mirziyoyev 3 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesida deputatlar, faxriy va faollar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda fuqarolardan jipslashish, yakdil bo‘lishni so‘radi.

«Dengizning qurigan qismida 1 million 733 ming gektar maydonda yashil hududlar barpo etildi. Orolbo‘yi hududining o‘simlik va hayvonot dunyosini tiklash bo‘yicha besh yillik milliy dastur ishlab chiqilmoqda. Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalasi birinchi marta davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Yuksak xalqaro minbarlardan doimo Orol muammosiga jahon jamoatchiligi e’tiborini qaratib kelmoqdamiz.

To‘liq ishonch bilan aytamanki, Qoraqalpog‘istonda amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlar bundan buyon ham, albatta, izchil sur’atlarda davom ettiriladi. Chunki Qoraqalpog‘istonning taqdiri – bu O‘zbekistonning taqdiri, qoraqalpoq xalqining baxti va farovonligi – bu butun o‘zbek xalqining baxti va farovonligidir.

Men hayot sinovlarida toblangan qoraqalpoq xalqining donishmandligiga ishonaman va ularni aql-idrok bilan ish tutishga, turli xil, jumladan, chetdan bo‘layotgan g‘arazli chorlov va harakatlarga aldanmaslik, ularning qurboniga aylanmaslikka chaqiraman.

Ayirmachilikka, ommaviy tartibsizliklarga, hokimiyat organlariga zo‘ravonlik yo‘li bilan qarshilik ko‘rsatishga da’vat etadigan har qanday harakatlarga amaldagi qonunchilikka muvofiq keskin chora ko‘riladi, aybdorlar esa muqarrar jazoga tortiladi.

Aminmanki, Qoraqalpog‘istonning mehnatkash, donishmand, olijanob va bag‘rikeng eli mana shunday murakkab davrda o‘zbek va qoraqalpoq xalqlari taqdirining birligi va yaxlitligiga, og‘iz birchiligiga asoslangan muqaddas qadriyatlarini bundan buyon ham ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylab yashaydi.

Sodir bo‘lgan voqealar bizni yanada hushyor va sezgir bo‘lishga chaqiradi. Bugun jonajon O‘zbekistonimizda tinchlik va osoyishtalikni saqlash uchun, farzandlarimiz va nabiralarimizning yorug‘ kelajagini ta’minlash uchun metin iroda, jipslik va yakdillik har qachongidan ham zarurdir
".

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Shavkat Mirziyoyev ommaviy tartibsizlik aybdorlari muqarrar jazoga tortilishini aytdi