19:00 / 26.08.2022
2 782

Lahadga qo‘yilmagan mayyitlar...

Lahadga qo‘yilmagan mayyitlar...
Feysbuk tarmog‘ida xotin-qizlar guruhlaridan biridagi bahs-munozarada O‘zbekistonning ayrim hududlarida mayyitlar ko‘milmasligi atrofida fikrlar almashinayotganiga guvoh bo‘ldik.

Halima ismli ayol Paxtachi tumanida yasharkan.

«Kelin bo‘lib tushgan qishlog‘imga yaqin joyda yashaydiganlar o‘liklarni ko‘mmaydi. Maxsus uycha qurib qo‘yilgan. Erkaklar, ayollar uchun alohida xonalar bo‘ladi. O‘sha yerda tapchanga yotqizib qo‘yishadi. Uyning faqat eshigi bo‘ladi. Uniyam loy bilan yaxshilab suvab tashlashadi. Qandaydir vaqtdan keyin kirib suyaklarni terib xonaning burchagiga qo‘yishadi. Ozroq hid keladi, deb eshitganman.

O‘sha yerdan bo‘lgan va biz bilan birga ishlaydigan bola aytib bergandi: «O‘likni ko‘mish uchun kirdik. Kirgan zahotimiz, avvalroq qo‘yilgan, kafanning ichidagi o‘lik qimirlab shitirlab ovoz chiqara boshladi, yuragim chiqib ketayozdi. O‘zimizni qo‘lga olib qarasak, ko‘krak qafas suyaklari qurib bazo‘r ilashib turgan ekan. Tashqaridan havo kirgani uchun sharaqlab bir-biriga tekkan ekan
» degandi.

Halimaxon suhbatdoshlarning savollariga javob berib bu qishloqning nomini Paxtachi tumanidagi Qarnabota deb aytgan.

Oygul ismli ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi esa «uycha»ning nomini oydinlashtiradi:

«Ba’zi joylarda bir metr kavlamasdan suv chiqib ketadi. Shuning uchun yerga ko‘mishmaydi mayyitni. Adashmasam xilxona deyishadi, oilaviy xilxona bo‘ladi shunaqa».

Samarqand viloyatidagi cho‘l orasida joylashgan Qarnab qishlog‘i etnografiyasining o‘ziga xosligi bilan tilga tushgan. Bu qishloqdan ko‘plab ziyolilar chiqqan. Ular bilan bog‘langanimizda, barcha amallar musulmon talablariga ko‘ra - mayyitni yuvish, kafanlash risoladagidek amalga oshirilishini aytadilar. Lekin jasad sag‘anaga qo‘yiladi, deyishdi ular.

Feysfukdagi munozaraga qo‘shilgan yana bir suhbatdosh yozadi:

«Qashqadaryoning Kasbi tumanida bor. Oilaviy sag‘ana qurilgan. «Gurung qilib yotisharkan-da» deb aytardim. Suv chiqish-chiqmasligiga bog‘liq bo‘lmasa kerak. Mayda ko‘zli derazalar qo‘yilgandi, yoshligimda ko‘rganman. Ichini ko‘rishga harakat qilgandim, ko‘rolmagandim».

Mayyitni lahadda ko‘ymaslik amali Xorazm viloyatida eng ko‘p tarqalgani ma’lum. Biz Xorazmga safarimiz chog‘ida ulkan qabristonlarda son-sanoqsiz zich joylashgan kichik-kichik sag‘analarni ko‘rdik. Bu viloyat O‘zbekistonning boshqa hududlaridan suv yer yuzasiga juda yaqin joylashgani bilan ajralib turadi.

Sherali Ro‘zimov Urganchda yashaydi. U injener-mexanik. Sherali mavzuga oid savollarga batafsil javob beradi. Ajdodlari Xonqa tumanidagi Jirmirata qabristoniga qo‘yilgan ekan. «Bir kishiga bitta sag‘ana, to o‘sha qabriston buzilmaganucha shu sag‘anada bo‘ladi, suyagiga hech kim teginmaydi, boshqa jasad qo‘yilmaydi».

Sherali XIX-XX asrlarda mayit yerga ko‘milmagan bo‘lsa ham yer ustiga qo‘yilib, ustidan tuproq tortilganligini aytadi. «1940 yillardan so‘ng g‘ishtdan sag‘ana qurib, mayit uning ichiga qo‘yiladigan bo‘ldi. Barcha amallar islomiy».

Sag‘ananing afzal jihati bor, deb ta’kidlaydi suhbatdoshim. «Bir yigit tok urib o‘ldi, peshinda sag‘anaga qo‘yib kelishgan, kechqurun uyiga kirib kelgan. Bu 80-yillardagi gap. Men bola edim».

Musulmonlarning lahadga qo‘yilmasdan dafn etilishi holatlari vodiyning ayrim joylarida ham kuzatilishi aytiladi. Tojikistonning Amudaryo sohillari bo‘yida joylashgan qishloqlari, jumladan, Qo‘rg‘ontepa viloyatidagi Qabodiyon qishlog‘ida ham oilaviy maqbaralardan bugunga qadar foydalaniladi.

O‘zbek tilida xilxona, sag‘ana so‘zlari qatorida maqbara, dahma va xazira so‘zlari ham ishlatiladi.

Ayni mavzu borasida O‘zbekistonda biror izlanish yoki ilmiy ish borligi ma’lum emas.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Lahadga qo‘yilmagan mayyitlar...