20:42 / 20.11.2022
1 474

«Yo meni deysan, yo xotiningni» yoxud oilada qaynona «bosh» bo‘lganda

«Yo meni deysan, yo xotiningni» yoxud oilada qaynona «bosh» bo‘lganda
Qaynona-kelin mojarolari qachon barham topadi?

So‘nggi paytlarda oilaviy ajrimlar ko‘payib bormoqda. Xususan, joriy yilining yanvar-iyul oylarida respublika bo‘yicha 28,5 mingta nikohdan ajralish holatlari qayd etilgan. Viloyatlar kesimida oilaviy ajrimlarning eng ko‘pi – 3 mingtadan ziyodi Samarqand viloyatida ro‘y bergan. Ularning anchasiga qaynonalar sababchi bo‘layotgan achinarli, albatta.

Oila buzilishiga ko‘pincha uchinchi shaxslarning aralashuvi sabab bo‘lmoqda. Afsuski, uchinchi shaxs aralashuvi nafaqat kuyovning aka-ukalari, opa-singillari, qo‘shnilari, kelinning ovsinlari, balki qaynonasi timsolida ham ko‘rinyapti. Ma’lumotlarga qaraganda, oilaviy ajralishlarning yarmidan ko‘prog‘iga aynan qaynonalar sababchi bo‘lmoqda.

Oy-u yillar davomida o‘g‘liga jufti halol izlab, eshikma-eshik yurgan, qancha odamlardan so‘rab-surishtirib, bir xonadonning qizini tushirgandan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmay, oilada nizo kelib chiqmoqda. Arzimagan, jo‘yali bir sababsiz qaynona-kelin munosabatlari yomonlashadi va bu oxir-oqibat oilaning buzilib ketishiga olib keladi.

Xalqimizda “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” degan gap bor. Avvallari kamtarona hayot kechirgan va Allohning inoyati bilan hozirda davlatmand bo‘lib, boylikni ko‘tarolmagan, manmanlikka berilib, “obed”dan keyin boy bo‘lganlar ko‘payib ketgan. Shunday oilalarni erkak — qaynota emas, balki qaynona boshqaradi. O‘zini go‘yo oila boshlig‘idek tutib, bosar-tusarini bilmay qoladi. Natijada, bechora kelinga zulm o‘tkazadi.

Uni hech bir ishi unga yoqmay qoladi. Bo‘lar-bo‘lmas nizo-yu janjallar girdobidagi o‘g‘il ham — ikki o‘t orasida qoladi. U ham nima qilsin? Bir tomonda onasi, ikkinchi tomonda ayoli, bolalarining onasi. Ana Shunday vaqtda onalar o‘g‘liga “yo meni deysan yoki xotiningni” deb tursa, u ikki o‘t orasida qoladi. Ko‘p hollarda oilada o‘rni bo‘lmagan qaynota mard bo‘lib oraga tusholmaydi (ammo ba’zi hollarda kelinga hujum qaynota tomonidan ham bo‘ladi) va onaning birgina “oq qilaman” degan “qurolli” gapi masalani o‘g‘il foydasiga hal qiladi. Oila mana Shunday parokanda bo‘lib ketaveradi.

Keti uzilmagan janjallar oqibatida jamiyatda JINOYAT degan qora tuynuk tobora kengayib bormoqda: kelin qaynonani o‘ldirib qo‘ydi, oilaviy nizolar sabab kelin o‘z joniga qasd qildi, kabi.

Samarqandda ayol uch bolasi bilan o‘zini kanalga tashladi

3 noyabr kuni Samarqand tumani «Jarqishloq» mahallasida yashovchi 1996 yilda tug‘ilgan Q.A. qaynonasi bilan o‘rtalarida kelib chiqqan oilaviy kelishmovchilik natijasida unga «achchiq qilib», o‘zini 3 nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan birgalikda Samarqand tumani «Yangiariq» mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Darg‘om kanaliga tashlab yuborgan.

Qayd etilishicha, tumanning Yangiariq mahallasida joylashgan «Oq-amur» nomli oshxonada ishlovchi fuqarolar tomonidan ular suvdan chiqarib olingan.

Afsuski, ayolning ikki nafar farzandi vafot etgan. O‘zi va yana bir farzandi tuman markaziy shifoxonasiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib davolanish uchun shifoxonaning jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Hozirda holat yuzasidan Samarqand tuman prokuraturasi tomonidan tergovga-qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Samarqandning Urgut tumani "Chag‘izmon" mahallasida mudhish hodisa ro‘y berdi

Ma’lum qilishicha, kelin qaynonasining o‘limiga sababchi bo‘ldi. Ushbu ayanchli hodisaga qaynona va kelin o‘rtasidagi kelishmovchilik sabab bo‘lgan.

Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Rahmat Mamatov mazkur mahallada bo‘lib, tuman hokimligi, sektor rahbarlari jamoatchilik vakillari ishtirokida mazkur holat yuzasidan yig‘ilish o‘tkazgan.

«Nega, kelin qaynonaga hurmatsizlik qilayapti, qaynona kelin bilan murosa qila olmayapti. Nima uchun bunday nizoli holatlar ko‘p? Tarbiyada oqsoqlik bor. To‘y-ma’rakalarda dabdababozlik bilan emas, yuksak ma’naviyatimiz bilan maqtanaylik, farzand tarbiyasi ularning odob axloqiga loqaydlik bilan qaramaylik», – dedi boshqarma boshlig‘i.

Aslida, oilaviy nizolarda insoniy va islomiy nuqtaiy nazardan o‘g‘il qanday yo‘l tutish kerakligi, oilada erkakning o‘rni haqida e’lon qilingan qator maqolayu chop etilgan risolalarda batafsil so‘z yuritilgan. Biz esa oilaviy qadriyatlarni qadriga yetish, er-xotin orasiga uchinchi shaxsning aralashmasligi, oilada ayol emas, erkak hukmron bo‘lishi, guldek oilalar parokanda bo‘lmasligini aytmoqchi bo‘ldik, xolos.

Aslida, qarsak ikki qo‘ldan chiqadi. Kelinlar mavzusiga esa alohida to‘xtalamiz.

Bahriniso Madumarova

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat