18:08 / 16.01.2023
709

Haydovchi yigit hikoyasi: «Yaxshi ko‘rgan qizim birga qochishni taklif qilganida unga nisbatan sevgim so‘ndi»

Haydovchi yigit hikoyasi: «Yaxshi ko‘rgan qizim birga qochishni taklif qilganida unga nisbatan sevgim so‘ndi»
Yaqin tanishim bir haftadan beri shifoxonada edi. Bugun ham ko‘rib kelmasam uyat bo‘ladi, deya ishdan vaqtliroq chiqib shifoxonaga borishni rejalashtirdim. Qanchalik urinmay ishxonadan chiqqunimcha kun kech bo‘ldi. Bormagandan ko‘ra kech bo‘lsa ham borganim yaxshi dedim-da, taksi tutdim.

— Yangi «ToshMI»ga.
— Xo‘p, o‘tiring.

Yo‘lkirani kelishib yo‘lga tushdik. Haydovchi zerikib turgan shekilli, gapga tutdi.

— Opa, turmushga chiqqanmisiz?
— Ha, farzandim ham bor.

— Xafa bo‘lmang-u, nega pochcha sizni kech bo‘lganda o‘zingiz yurishingizga ruxsat bergan? — Javobimni eshitmasdan gapida davom etdi: — Men uylansam ayolim o‘zi taksida yurishiga qo‘ymayman. Qayerga borsa, o‘zim olib borib kelaman, deb niyat qilganman.

Gapni cho‘zgim kelmay, «niyatingizga yeting, ammo turmushda har xil vaziyat bo‘lishi mumkin», dedim.

— Qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar, hech qachon turmush o‘rtog‘ingizga xiyonat qilmang.

Odatda o‘zining boshidan o‘tganini aytmoqchi bo‘lganlar shunday nasihat bilan boshlaydi. Indamay eshitsangiz gapirib ko‘nglini bo‘shatib oladi-da yengil tortadi. Jurnalist emasmanmi, notanish insonning hayotiy hikoyasiga qiziqib jimgina tinglab ketdim.

«Yoshim ham o‘ttizga qarab ketyapti. Lekin hali ham uylanmadim. Onam kunda yo o‘zing top, yo o‘zim topay deydilar. Xudoga shukur birovdan kamim yo‘q. Topish-tutishim joyida. Uy-joyim ham ko‘ngildagidek. Faqat ko‘nglimdagidek qiz uchramayapti, deya o‘z hayotini hikoya qila boshladi.

Bolaligimdan uddaburon edim. Maktabda o‘qib yurgan vaqtim onam kartoshkalarni saralab, chiqindiga tashlab kelish uchun bergan ko‘karib qolgan kartoshkalarni bozorga olib borib pullab kelganman. Har qanday vaziyatdan ham yaxshi gap bilan chiqib ketishga harakat qilaman. Muomalam orqasidan pul topaman desam ham bo‘ladi.

Ancha yil avval bir qiz bilan tanishdim. Bir-birimizga ko‘ngil qo‘ydik. Lekin sovchilikka borganda uydagilarimizning so‘zlari bir-biriga qovushmadi. Uni uydagilari bermaymiz, menikilar bu xonadon bilan quda bo‘lmaymiz, deb qattiq turib olishdi.

Qizni ko‘p ushlab turishmadi. Boshqa yigitga uzatib yuborishdi. Taqdirimiz qo‘shilmagan ekan. Qayerga, kimga berishganini surishtirmadim. Nima foyda? Endi u birovning jufti haloliga aylangan bo‘lsa.

Yig‘ib-yig‘ib yangi «Malibu» olgandim. To‘yi kuni jahl ustida mingga qo‘yib haydab ketdim. Borib daraxtga urilganman. Mashina ikkiga bo‘linib ketdi. Baxtli tasodif sabab tirik qoldim. O‘shanda o‘lishga ham rozi edim. Bu sevgi degani shunaqa yomon narsa bo‘larkan-da xullas.

Ancha vaqt yuragim yonib yurdi. Alamimni ishdan oldim. Bir o‘rtog‘im mashina savdosiga tortdi. Halol ishlasang, mijozlarning o‘zi topib kelaveradi, til-jag‘lisan, daromadli soha dedi. Tajribali insonga shogird tushdim. Do‘stim men va ustozim sherikchilikda ish qilamiz. Mashina olamiz, kerak bo‘lsa ta’mirlaymiz va sotamiz. Xarajati ham, foydasi ham o‘rtada.

Bitta mashinadan 600-700 dollar foyda qilaman. Birov bermaydi-ku, to‘g‘rimi? Uch-to‘rtta mashinam bor: Spark, Lacetti, Mercedez... Xullas o‘rniga qarab minaman. Mashina olishga boradigan bo‘lsam «Mers»da, o‘zimga qarab kiyinib boraman. Mashinasini sotayotgan odam kiyimingizga qarab munosabatda bo‘ladi. Muomalangizga qarab yo sotadi, yo sotmaydi.

Haydovchilik qilishga chiqqanimda esa Spark yoki Lacettida chiqaman. Haftada bir mashina bozorga boraman. Haydovchilikka har kun kechki payt chiqaman. Qolgan vaqtda o‘zimning boshqa bizneslarim ham bor. O‘shalar bilan shug‘ullanaman.

Pulni pulga urib, daromad ko‘rib yurgan shunday kunlarimning birida telefonim jiringladi. Tanish ovozni eshitib etlarim jimirlab ketdi. Bu o‘sha qiz edi. Turmush o‘rtog‘i bilan baxtli emasligi, men bilan qochib ketishga ham roziligini aytdi. Unga ichim achidi, lekin bunday qilolmasligimni aytdim.

«Hech bo‘lmasa ko‘rishib gaplashib turaylik», deganida unga bo‘lgan muhabbatim chilparchin bo‘ldi. O‘zimni uning eri o‘rnida tasavvur qildim. Ertaga uylansam va ayolim boshqa bir erkak bilan ko‘rishib gaplashib tursa, menga qanday ta’sir qilardi?!

Unga bu yaxshi emasligini aytdim. Yana nimalardir dedim. U tushunganini aytib go‘shakni qo‘ydi va qaytib telefon qilmadi. Shu suhbatdan so‘ng ichimdagi hovur ancha pasaydi.

Karantin vaqti mashina savdosi ham, haydovchilik ham sustlashib qoldi. Nimadir yangi biznes boshlashni reja qildim. Firmalar bilan kelishib viloyatlarga shokolad olib borib tarqatish bilan shug‘ullandim. Shuning orqasidan ham mo‘maygina daromad oldim. Ishonasizmi, shundan beri shokolad yemayman.

Pul yo‘q, ish yo‘q deb noliydiganlarni ko‘rsam doim aytaman, harakat qil, mehnat qil, miyani ishlat, albatta topasan...»

Hayotini gapirishga berilib ketib haydovchi meni yangi emas, eski «ToshMI»ga olib borib qo‘yibdi. Uzr so‘rab aytgan manzilimga, undan uyimga olib borib qo‘ydi. Shu qadar gapga usta ekanki, manzilga kelgach o‘zi aytgan narxni berganimni sezmay ham qoldim. Gap bilganga ming tanga, deyishgani shu bo‘lsa kerak-da.

Charos Mannonova.

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat