
Foto: Twitter / uzbekmodernist
Amerikalik yozuvchi, «O‘tkan kunlar» romanini ingliz tiliga tarjima qilgan Mark Riz Twitter'dagi sahifasida Toshkent shahrining yangi tayinlanadigan hokimiga murojaat qilib, unga shahardagi odamlarning yashash tarzini qulaylashtirish bo‘yicha takliflar berdi.
«Toshkent shahar hokimi ishdan olinganidan keyin men shaharni insonlar uchun qulay ko‘rinishga keltirish bo‘yicha yangi hokimga bir nechta takliflarni aytmoqchiman. Umid qilamanki, yangi hokim buni o‘qiydi. Bularning barchasini Toshkentga katta mehr qo‘ygan inson sifatida aytyapman», — deb yozdi u Twitter'da.
Mark Rizning fikricha, Toshkent shahrida bir qator ishlarni amalga oshirish kerak.
Yo‘llar ta’miri
«Sifatli yo‘llar yo‘q. Yashil zonalarni kengaytiring, ifloslanishni kamaytiradigan daraxtlar eking. Barqaror suv ketadigan yo‘llarini yarating. Jamoat transportini yaxshilang. Yo‘lda ketayotganingizda ortingizdan kimdir Matiz'da kelib, majaqlab tashlashi mumkinligi bo‘yicha qo‘rquvlarni kamaytiring».
Toshkent Dubay emas
«Dubay bo‘lmang. Siz Dubay emassiz, sizda suv havzalari bor. Siz Toshkentsiz. Oz bo‘lsa-da, g‘ururingiz bo‘lsin, o‘zligingiz bo‘lsin. Menga Dubay yoqadi. Toshkentni esa undan ham ko‘proq yaxshi ko‘raman. Mening rafiqam ham toshkentlik».
Daraxtlar masalasi
«Vaziyat qanchalik jiddiy ekanini tushunyapsizmi o‘zi? Agar anglolmayotgan bo‘lsangiz, xalqingizning 7 avlodi uchun afsusdaman. Hech kim sizni o‘sha baland binolar uchun eslab qolmaydi. Shaxmatchilar ularga soya-salqin joy bergan hokimni duo qiladi, osmono‘par bino qurganni emas. Buni hatto Chor Rossiyasi gubernatorlari ham tushungan. Vaziyatni yaxshilash, yashil parklar yaratish uchun Yaponiya, Yevropa Ittifoqi, AQSH, Xitoydan daraxtzorlar olib keling.
Fuqarolar o‘z hayotini yomonlashtiradigan ahmoqona loyihalarga sarflangan dollarlarni ko‘rganida, nimalar bo‘layotganini yaxshi tushunib oladi.
Temuriylarning o‘ziga xosliklaridan biri ham aynan yashil maydonlar bo‘lgan — Temur kabi bo‘ling. Menda bog‘ uchun ajoyib dizayn bor va uni shartnoma bo‘yicha taklif qilishdan xursand bo‘laman».
Jamoat transporti
«Konditsioner va isitish tizimiga ega tramvaylarni qaytaring. Monorels (bir izli temir yo‘l) tizimini quring. Tirbandliklarni kamaytirish choralarini ko‘ring.
Iqtisodiyotning drayverlaridan biri bo‘lgan soha bo‘yicha yirik infratuzilma rejasini istasangiz, jamoat transporti — qulay variant. Aynan mana shu jarayonda Toshkent Dubayga biroz o‘xshab ketishi mumkin».
Urban ekspertiza
«Keyingi masala og‘riqli, odamlarning jahlini chiqarishi turgan gap. Lekin agar siz shaharni rekonstruksiya qilmoqchi bo‘lsangiz, sovet davridan qolgan hamma inshootlarni ham saqlab qololmaysiz. 14 qavatli turar joylar energiyani yeb tashlaydi. Suv tanqis hududlardagi binolar baland emas, past bo‘lishi kerak.
Bu ko‘rinishdagi binolar 1966 yilgi zilzilaning natijasi hisoblanadi — sovetcha «rivojlanish». Bu bo‘yicha aniq javob yo‘q. Ammo shaharsozlik bo‘yicha ekspertiza masalaning kaliti bo‘lishi mumkin. Rekonstruksiya qilinmagan ulkan binolar bu — falokat uchun retsept, xolos. AQSHning Arizona shtatidagi Feniks shahri bu bo‘yicha juda yaxshi misol bo‘la oladi.
Yangi hokim bu — imkoniyat. Shahar hokimiyati muammolarga yechimi bo‘lgan mustaqil ekspertlarni jalb etishi kerak. Boshqa davlatga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘lgan odam, avvalo, ikkita narsaga e’tibor qaratadi: ta’lim va yashash sifati. Ayni damda Toshkent — hamma tuzatishni istaydigan siniq oyna».
Mark Riz muammolarni sanashdan tashqari, shaharsozlik bo‘yicha o‘z takliflarini ham bergan. Xususan, u Qo‘qon shahri markazi va Toshkentdagi Adiblar xiyobonini qayta qurish yuzasidan rejalarini taqdim etgan. «Bunda Arizonadagi Arkosanti shahridan ilhomlandim», — deydi Riz.

Foto: Twitter / uzbekmodernist

Foto: Twitter / uzbekmodernist

Foto: Twitter / uzbekmodernist
As I plan my candidacy for Mayor of Tashkent, I have also drawn up plans to redo Qoqan city center and Baghi Jadidlar in Tashkent. Arcosanti in Arizona is an inspiration. pic.twitter.com/aAS42ptQFO
— Mark Reese (@uzbekmodernist) January 16, 2023

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar