09:57 / 25.01.2023
530

Uch xayrli do‘st

Uch xayrli do‘st
Do‘st kim?
- Bizga hamisha yaxshilikni ravo ko‘radigan, yaxshi kunimizda suyunib, musibatimizga dildan kuyunadigan hamroh.
- Nuqsonlarimizni hech kimga aytmaydigan, biz bilan ham boshqasini g‘iybat qilmaydigan, do‘stini gunohlardan to‘sadigan yo‘ldosh.
- O‘rinsiz maqtovlar bilan belimizni sindirmaydigan, aybimizni yuzimizga aytibgina qolmay, ularni bartaraf etishda yordamchi.
- Faqat bu dunyoning emas, oxirat yaxshiliklarini ham ilinuvchi, ularga noil bo‘lishimizni so‘rab haqimizga duoda bo‘lguvchi mehribon.
- Bergani, bermoq istagani, duo-yu tilaklari beminnat dildosh.

Sanab o‘tganlarimiz aslo do‘stdan bizning talablarimiz emas, unda bor fazilatlarning ayrimlari. «Bunday bebaho do‘sti bo‘lishini hamma istaydi-yu... oson emas-da», deysizmi? Bu ham to‘g‘ri, lekin dunyo muhabbati bilan yongan qalbimiz, unga erishish yo‘lida horgan tanimizni bir zum tin oldirib, borliqqa teranroq nazar tashlaylik – qarshimizdan bir emas, uchta shunday xayrli do‘st quchoq ochib kelmoqda.

Yuqorida keltirilgan, keltirilmagan jamiki xayrli jihatlarni o‘zida jamlagan uch hamroh.

Bizni har yili yo‘qlaydigan, yo‘qlaganda ham bahosiz hadyalar bilan qalbimizga, xonadonlarimizga tashrif buyurguvchi uch yo‘ldosh.

Ham dunyo, ham oxirat yaxshiliklarini samimiy ilingan, bizni ma’siyatdan to‘sib, ezgulikka targ‘ib qilgan uch mehribon.

Uch do‘st, Rahimu Rahmon Zot bizga son-sanoqsiz ne’matlar ichra ato etgan ne’mat – Rajab, Sha’bon, Ramazon.

Rasululloh sollallohu alayhi va sallam yaxshi do‘st, yaxshi hamrohni mushk ko‘tarib yuruvchiga tenglaganlar. U bizga mushkidan beradi yoki o‘zimiz undan sotib olamiz. Hech bo‘lmaganda xushbo‘y hididan bahramand bo‘lamiz. Bu uch muborak do‘st hamrohligidan taqvo libosimizga mushk islari o‘rnashsa, qanday yaxshi!

Qanday yaxshi bu ne’mat qadriga yetib, o‘zlari ham uch oyga sodiq do‘st bo‘la olganlarga!

Har yili bo‘lganidek, yana go‘zal mavsum – uch muborak oy bilan yuzma-yuzmiz. Do‘stlik – ne’mat, ne’mat ziyodaligiga erishish uning shukrini ado etish bilan bo‘ladi. Shunday ekan, bizdan lozim amal – qarshimizdan quchoq ochib kelayotgan uch do‘stga peshvoz chiqmoq. Poklanish mavsumiga tilu dilimizda: «Allohim, bizga Rajab, Sha’bonni muborak qil va bizni Ramazonga yetkaz», duosi bilan kirib bormoq. Fayzli kun va kechalarni Alloh taolo marhamatidan umidvor bo‘lib, ibodat, istig‘for va xayrli amallar bilan o‘tkazmoq...

Zotan, oldinda o‘zimizni isloh qilish, amallarimizga teranroq nazar tashlash pallasi. Har damgidan ham samimiy, mehr-oqibatli bo‘lib, qarindoshlik, do‘st-birodarlik aloqalarini mustahkamlash, jannatga yaqinlashib, do‘zaxdan najot topish vaqti. Alloh taolodan bu muborak mavsum fayzidan bahramand bo‘lish saodatini barchamizga nasib etishini so‘rab duo qilamiz.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Uch xayrli do‘st