![10 gektar yerni yarim million dollardan ziyodroqqa pullagan mansabdorlar qo‘lga olindi](/uploads/posts/2023-02/bz9cfmggeeqt-r0ejy8cvtv2k_zgdwui.jpg)
Bosh prokuratura axborot xizmatiga ko‘ra, qonunbuzarlik Toshkent viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvda aniqlangan. Viloyat prokuraturasi 2022 yil 21 fevraldagi “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosini o‘rganish chog‘ida bir qator qonunbuzilishlarni fosh etgan.
Jumladan, Toshkent viloyatining ma’muriy markazi – Nurafshon shahri Birlik mahallasida joylashgan, shahar hokimligi zaxirasiga olingan 10,0 gektar bo‘sh yer maydonini go‘yoki shahar bosh rejasiga ko‘ra “U.B.S.” MCHJga yuklarni qabul qilish, qayta ishlash, saqlash omborxonalari, muzlatkich va terminal bino inshootlarini loyihalashtirish va qurish uchun ajratish to‘g‘risida Nurafshon shahar hokimining soxta qarori chiqariladi. Keyinchalik soxta hujjatlar asosida ushbu yer maydoni “D.E.S.” MCHJga 510 ming dollarga sotib yuboriladi.
Bosh prokuratura axborotida hokimning hujjatini soxtalashtirib, davlat zaxirasidagi yerni sotib yuborganlarning kimligiga ham qisman oydinlik kiritilgan. Qayd etilishicha, bu jinoyatda Nurafshon shahar qurilish bo‘limining sobiq boshlig‘i X.X., kadastr agentligining Piskent tuman bo‘limi boshlig‘i A.Q., Nurafshon shahar hokimligi umumiy bo‘limi sobiq boshlig‘i A.X. va boshqalarning qo‘li bor.
Jinoyatga aloqador boshqa shaxslarning kimligi ochiqlanmagan. Shuningdek, viloyat prokuraturasi tomonidan “Yer uchastkalaridan foydalanishda davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori ijrosini o‘rganish chog‘ida aniqlangan boshqa qonunbuzilishlar haqida ham ma’lumot berilmagan.
Tuman zaxirasidagi yerni yarim million dollardan ko‘proqqa pullagan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va boshqa tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar