Shavkat Mirziyoyev: «Jahonda yangi notinchlik o‘choqlari paydo bo‘layotgani barchamizni jiddiy tashvishga solmoqda»
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarboyjon poytaxti Bokuda Qo‘shilmaslik harakati muloqot guruhi sammitida nutq so‘zladi. Prezident ushbu muhim platforma doirasida mamlakatlarning ko‘p tomonlama hamkorligi yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.
O‘zbekiston rahbari so‘nggi yillarda insoniyat pandemiyaga qarshi kurashish bilan bir qatorda, iqlim o‘zgarishi, tabiiy ofatlar va texnogen fojialarning ayanchli oqibatlarini ham o‘z boshidan o‘tkazayotganini qayd etdi.
«Bu muammolarning ko‘lami tobora kengayib, ular nafaqat ayrim davlatlar, balki butun bir mintaqalarning xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti uchun jiddiy xavf solmoqda.
Albatta, bunday qiyin va murakkab sinovlarni faqatgina birgalikda, bir-birimizni yaqindan qo‘llab-quvvatlagan holda yenga olamiz. Shu ma’noda, O‘zbekiston 2030 yilga qadar mo‘ljallangan Senday hadli dasturining asosiy maqsadlariga erishish bo‘yicha Global platforma faoliyatini yanada kuchaytirish tarafdoridir.
Bu kabi favqulodda holatlar sabablarini chuqur o‘rganish hamda ofat oqibatlarini samarali bartaraf etish maqsadida Qo‘shilmaslik harakatining maxsus monitoring va ilmiy tadqiqot tarmog‘ini tashkil qilishni taklif etaman. Bu institutni O‘zbekistonda joylashtirishga tayyormiz», dedi Shavkat Mirziyoyev.
Pandemiyadan keyingi davrda geosiyosiy va mafkuraviy ziddiyatlar kuchayib, ularning ta’sirida jahonning turli nuqtalarida yangi notinchlik o‘choqlari paydo bo‘layotgani barchani jiddiy tashvishga solayotgani ta’kidlandi. Bundan tashqari, Yaqin Sharq mintaqasi va Afg‘onistonda uzoq vaqtdan buyon saqlanib qolayotgan nizolarning global yechimi hanuz topilgani yo‘q.
«Ayniqsa, so‘nggi paytlarda barcha davlatlarda o‘sib borayotgan terrorizm va ekstremizmning xavf-xatariga qarshi Tashkilot doirasida amaliy aloqalarni kuchaytirish tobora dolzarb tus olayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Ana shunday tahlikali vaziyatda biz Qo‘shilmaslik harakatini terrorizmning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashning xalqaro-huquqiy bazasini mustahkamlash bo‘yicha umumiy intilishlarga yetakchilik qilishga chaqiramiz.
Ushbu jarayonda Harakatga a’zo barcha davlatlarning Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada faollashtirishiga qat’iy ishonamiz.
Shuningdek, bu muammolarni xalqaro miqyosda samarali hal etish va tizimli muvofiqlashtirishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning ixt́isoslashgan tuzilmalari albatta asosiy rolni bajarishi lozim.
Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish jarayonida, Xavfsizlik Kengashi tarkibida kelgusida Qo‘shilmaslik harakati a’zolarining doimiy o‘rni bo‘lishi kerak.
Shu o‘rinda afg‘on masalasi bo‘yicha algoritmni kelishish uchun BMT huzurida Xalqaro muzokaralar guruhini tuzishga doir O‘zbekiston taklifini qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonaman.
Global kun tartibidagi yana bir muhim masala – bu davom etayotgan va yakuni hali ko‘rinmayotgan iqtisodiy inqiroz asoratlarini yumshatishdir.
Barchamiz jahon savdo aloqalari zaiflashuvi, sanoat va logistika zanjirlari uzilishining salbiy ta’sirini yaqindan bevosita his qilyapmiz.
Bundan tashqari, oziq-ovqat mahsulotlari, suv va energetika resurslarining tobora taqchil bo‘lib borayotgani mamlakatlarimiz ijtimoiy-iqtisodiy tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lmoqda.
Ming afsuski, bunday qiyin vaziyatda eng katta og‘irlik va salbiy ta’sir, avvalo, aynan rivojlanayotgan davlatlar zimmasiga tushmoqda.
Shuni ta’kidlamoqchimanki, bugungi sammit kabi nufuzli anjumanlar birinchi navbatda o‘zaro amaliy hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma dasturlar va yirik loyihalarni ilgari surish uchun keng iqtisodiy imkoniyatlar eshigini ochib berishi lozim.
Bu xayrli rejani amalga oshirish maqsadida, Tashkilotimiz sammitlari arafasida Qo‘shilmaslik harakati Iqtisodiy forumini muntazam o‘tkazib borishni taklif etaman.
Ishonchim komilki, bunday muhim tadbirlar innovatsiyalar, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiyalar almashuvini jadallashtirishga, umuman olganda, to‘rtinchi sanoat inqilobi, xususan aqlli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratishga xizmat qiladi», dedi davlat rahbari.
Pandemiyaning salbiy ta’sirini, birinchi galda, o‘sib kelayotgan yoshlar his qilayotgani aytib o‘tildi.
«Ularning sifatli ta’lim va profes-sional bilim olish, tibbiy xizmatlardan foydalanish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin kamaymoqda.
Eng yomoni, yosh avlodning kelgusida hayotda o‘z munosib o‘rnini topishiga bo‘lgan ishonchi va qat’iyati susaymoqda.
Shuningdek, minglab yoshlarning ongu tafakkuriga buzg‘unchi va radikal mafkuralar ta’siri ham tobora kuchaymoqda.
Biz o‘tgan yili Toshkent shahrida bu masalalar yechimiga qaratilgan, yoshlar ta’limi va tarbiyasiga bag‘ishlangan ikkinchi global konferensiyani o‘tkazdik.
Bu borada siyosat va rejalarimizni uyg‘unlashtirish, to‘plagan tajriba-larimiz bilan o‘rtoqlashish maqsadida Harakatimiz Yoshlar tarmog‘ining “Cheksiz imkoniyatlar sammiti”ni kelgusi yil jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri bo‘lgan ko‘hna Samarqandda tashkil etish niyatidamiz», dedi O‘zbekiston rahbari.
Sammitda bildirilgan barcha fikr va mulohazalar, taklif va tashabbuslar xalqlarimizning umumiy ravnaqi va farovonligiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)