18:03 / 18.03.2023
1 400

Rahmat oyi yaqin qoldi

Rahmat oyi yaqin qoldi

Hijriy yil hisobidagi oylar ichida alohida fazilatga ega bir necha oylar   bo‘lib, ular orasida eng mukarrami muborak Ramazon oyidir. Ramazon oyining muqaddasligi shundaki, u poklanish, mehr-oqibat va saxovat oyidir. Bu oyda yer yuziga Alloh taoloning rahmati har qachongidan ko‘proq yog‘iladi, juda ko‘p gunoh va ma’siyatlar mag‘firat qilinadi, hasanotlar esa bir necha bor ziyodasi bilan insonning amallar daftariga – nomai a’moliga yoziladi.  Shu bilan birga Ramazon hidoyat oyi bo‘lib, aynan shu oyda Qur’on nozil bo‘lgan. Bu haqda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “(U sanoqli kunlar) Ramazon oyidirki, bu oyda odamlar uchun hidoyat va furqon (haq bilan botilni ajratguvchi)ning ochiq bayonotlari bo‘lib Qur’on nozil qilingan”  (“Baqara” surasi, 185-oyat).

Ramazon mag‘firat oyi bo‘lgani sababli ushbu oyda ko‘proq saxovat qilish, hadyalar berish, mehr-muruvat ko‘rsatish matlub amallardan hisoblanadi.

Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga ushbu ulug‘ oy haqida xushxabar berib, ularni aynan shu oyda ko‘proq namoz o‘qishga, kunduzlarni ro‘za bilan, kechalarni esa nafl ibodatlari bilan o‘tkazishga, ko‘proq zikr, tasbih va Qur’on tilovati bilan mashg‘ul bo‘lishga, farz va nafl sadaqalar qilishga  va shu kabi solih amallarga targ‘ib qilardilar. Bu amallar orqali mo‘min-musulmonlar Alloh taoloning mag‘firatiga erishishlari haqida Abu Hurayra roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam shunday dedilar: “Ramazon oyining avvalgi kechasi bo‘lganida shayton va itoatsiz jinlar kishanband qilinadi. Do‘zax eshiklari yopilib, undan biror eshik ochilmaydi hamda jannat eshiklari ochilib, undan biror eshik yopilmaydi. Nido qiluvchi: “Ey, yaxshilik istovchi, shoshil, ey, yomonlik xohlovchi to‘xta”, deya nido qiladi. Allohning (aynan shu oyda)do‘zaxdan ozod qilinadigan (banda) lari bo‘lib, bu har kecha (yuz beradi)”  (Termiziy va ibn Moja rivoyati).

Demak, hadisda aytilishicha, Ramazon oyida shaytonlar zanjirband qilinsa, nega insonlar gunoh ishlar qilishdan tiyilmaydilar, degan savol tug‘ilishi mumkin? Bu savolga ulamolarning javobi shundan iboratki, Ramazon oyida insonlarni ko‘proq vasvasaga soladigan va ularga o‘z hukmini o‘tkaza oladigan qaysar shaytonlargina zanjirband qilinadi. Zaif shaytonlar esa bandalarni yo‘ldan ozdirishda davom etaveradilar. Ularning vasvasa ta’siri kamroq bo‘lganligi sababli boshqa kunlarga nisbatan  Ramazon kunlarida gunohlar kamroq sodir bo‘ladi.

Ramazon oyi yana shunisi bilan ulug‘ki, unda ming oydan yaxshi bo‘lgan muborak qadr kechasi bor. Darhaqiqat, ushbu oyda va qadr kechasida qilingan ibodatlar orqasidan hasanotlar bir necha bor ko‘paytiriladi.

Aynan Ramazon ro‘zasini chin ixlos bilan tutish va Qadr kechasidan umidvor bo‘lish haqida Abu Hurayra roziyallohu anhudan ushbu hadis rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: “Kim Ramazon ro‘zasini (farz ekaniga) iymon keltirib, (ajrini Allohdan) umid qilgan holda tutsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi. Kimki qadr kechasida iymon va (ajrini Allohdan) umid qilgan holda qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari mag‘firat qilinadi”. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

Ushbu hadisi sharif mazmunidan ma’lum bo‘ladiki, Allohga iymon keltirgan va farz qilingan ro‘za amalini zimmasiga olgan va uning ajru savobiga shak-shubha qilmagan bandalarning gunohlari mag‘firat qilinadi.

Inson ushbu mukarram, muborak va mag‘firat oyiga yetsayu, bu oyning fazilatli kunlarida tavba-tazarru qilmasa, bo‘ysunish, qo‘rquv, tavba va istig‘for bilan Allohga yuzlanmasa va bu oyni tavbasiz gunohlari bilan o‘tkazsa, Allohning mag‘firatidan mahrum bo‘ladi. Bu haqda Imom Buxoriy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan quyidagi hadis bunday loqayd insonlarni  hushyorlikka undaydi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarildilar-da, «Omin», dedilar. Keying ikkinchisiga ko‘tarildilar-da, «Omin», dedilar. So‘ng tik turdilar-da, «Omin», dedilar. Shunda u zotning ashoblari: «Nimaga «Omin» dedingiz, ey Allohning Rasuli?» deyshdi. U zot dedilar: «Jabroil alayhissalom kelib, menga: «Ey Muhammad, huzurida siz zikr qilsangiz-u, sizga solovat aytmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omin», – dedim. Keyin: «Ota-onasini yoki ulardan birini topgan, biroq ular uni jannatga kirgiza olmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omin», – dedim. So‘ng: «Ramazon oyini topib, mag‘firat qilingmagan kishining burni yerga ishqalsin», – dedi. Men: «Omin», – dedim».

Hadisda zikr qilingan «Burni yerga ishqalsin», degan ibora arablarda «xor bo‘lsin, boshi yuztuban egilsin» degan ma’noda ishlatiladi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat